Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Xushnudbek Xudoyberdiyev

Faqat haqiqatni, barcha haqiqatni, haqiqatdan o‘zga hech narsani…

Toshkent propiskasi: qadrni toptashmi yoki qonunga aylangan biznes?

Toshkent propiskasi: qadrni toptashmi yoki qonunga aylangan biznes?

Foto: «Xabar.uz»

Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev o‘zining Telegramdagi kanalida Toshkent shahri va Toshkent viloyati propiskasi haqida post yozdi.

Toshkent shahri va Toshkent viloyati uchun doimiy propiska mana bir necha yillardan buyon aktual masala.

Bunaqa rasvo tizimdan kimga nima foydaligini haligacha tushunmayman (menda doimiy propiska bor, alamzadalikdan aytmayapman buni). Foydani bilmadimu, lekin iqtisodchi, «Buyuk kelajak» ekspertlar kengashi a’zosi Behzod Hoshimov hammualliflikdagi maqolasida Toshkent propiskasining iqtisodiyotga salbiy ta’siri haqida yaxshi maqola yozgandi.

Ilgari doimiy propiska shunchaki to‘siq va taqiq bo‘lgan bo‘lsa, endilikda o‘ziga xos biznesga aylangan.

Masalan, 2017-yil 19-iyul kuni «Toshkent Respublikasi»dan bo‘lmagan «ajnabiy» O‘zbekiston fuqarolari uchun yangi qoida kuchga kirdi: eng kam oylik ish haqining 2500 baravaridan qimmatroqqa yangi uy sotib olganlarga Toshkent propiskasi beriladi. O‘sha paytda bu miqdor 374 mln so‘mni tashkil etar edi. Bu qaror qimmat uy-joy quradigan tadbirkorlarning lobbisi emas deb, ishonamiz.

Ushbu qarorda Hukumat nafaqat elit toifadagi tadbirkorlar, balki davlat budjetini ham «unutib qo‘ymadi». Ya’ni notariuslar uy-joy oldi-sotdisining 5 foizi miqdorida davlat boji undira boshladi. O‘sha paytda bu 18 mln 721 ming so‘mni tashkil qilardi. Mo‘may daromad, shunday emasmi?

Yaqinda qarorga o‘zgarish kiritildi. Xususan, endilikda «Toshkent Respublikasi»da doimiy propiska olish uchun albatta EKIHning 2500 baravaridan kam bo‘lmagan uy olish tartibi bekor qilindi. Buning uchun qiymati qancha bo‘lishidan qat’i nazar qurilganiga 3 yil bo‘lmagan ko‘chmas mol-mulk sotib olsa kifoya.

Ammo 5%lik davlat boji saqlab qolindi. Kamiga davlat boji EKIHning 10 baravaridan kam bo‘lmasin, deya belgilashdi.

Bu nima degani?

Masalan, ma’lumotlarga qaraganda, Sirg‘ali tumanida qurilayotgan 72 kv.m maydonga ega yoshlar uyi 272 mln 862 ming so‘mga baholanayotgan ekan. Keling, xuddi shu uy uchun davlat boji doimiy propiskasi bor va yo‘qlar uchun qanchaga aylanishini hisoblab ko‘ramiz.

Davlat boji stavkalari bo‘yicha, agar shu uyni doimiy propiskaga ega «Toshkent Respublikasi» fuqarosi sotib olsa, davlatga 202 ming 730 so‘m boj to‘laydi.

Xuddi shu uyni doimiy propiskasi yo‘q (balki Toshkentda 10 yildan buyon yashayotgandir kim bilsin) boshqa fuqaro (u O‘zbekiston fuqarosi, lekin Toshkentniki emas) sotib olsa, davlatga 13 mln 643 ming 100 so‘m boj to‘laydi.

Hukumat bitta uy uchun o‘zining fuqarolariga (!) ikki xil narxda boj belgilayapti va bu farq ming emas, bir necha millionlarni tashkil etyapti. Vaholanki, ikkalasi ham teng huquqli fuqaro, ikkalasi ham teng soliqlar to‘laydi, ikkalasi ham saylovda bir xil ovozga ega, ikkalasining ham bir xil pasporti bor.

Bu hali hammasi emas. Mabodo o‘sha sotib olingan uyni 3 yil ichida boshqa shaxsga sotish zaruriyati tug‘ilib qolsa (issiq jon, hayot beshavqat, kimgadir «srochno» pul kerak bo‘lishi mumkinku), unda bu ham ikki xil baholanadi.

Doimiy propiskaga ega «oqsuyaklar» o‘z uylarini 3 yil ichida sotmoqchi bo‘lsa, davlatga yana o‘sha EKIH 1 baravari, ya’ni 202 ming 730 so‘m boj to‘laydi.

Lekin yangi uy sotib olib, Toshkentda doimiy propiskaga ega chiqqan O‘zbekiston fuqarosi shu uyni 3 yil ichida birovga sotmoqchi bo‘lsa, EKIHning 400 baravari, ya’ni 81 mln 92 ming so‘m (!!!) davlat boji to‘laydi.

Yana qaytaraman, bu ikkisi ham O‘zbekistonning teng huquqli fuqarolari. Ular ikkisi ham oxirgi varog‘iga «Ushbu pasport egasi O‘zbekiston Respublikasi himoyasidadir» deb yozilgan bir xil pasportga ega. Ularning asosiy farqi pasportining 7-10 varag‘idagi shtamplarda xolos. Ming afsuski, mana shu birgina shtamp tufayli fuqarolarning biri ikkinchisidan 400 baravar qadrsizroq.

P.S.: Bularning barchasi dil tubidan otilib chiqqan IMXOlar xolos. Tag‘in ko‘nglingizga og‘ir olib yurmang, uy quruvchilar...

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring