Dolzarb vazifalar

10 Fevral 2012
  • Foto:
dan

Poytaxtimizdagi muhtasham binoda joylashgan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida "Axborot-kutubxona faoliyati to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni normalarini amalga oshirishning dolzarb vazifalari" mavzuida seminar-yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi, O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi hamda O‘zbekiston Milliy kutubxonasi mutasaddilari tomonidan tashkil etilgan ushbu seminarda respublikamizning barcha viloyatlari axborot-kutubxona markazlari, axborot-resurs markazlari hamda kutubxonalar rahbarlari va mutaxassislari ishtirok etishdi.

Seminarni o‘tkazishdan asosiy maqsad haqida gapirar ekan, O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi Bosh direktori Hakim Muhitdinov, jumladan shunday dedi:

— Ma'lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006 yil 20 iyundagi "Respublika aholisini axborot-kutubxona bilan ta'minlashni tashkil etish to‘g‘risida"gi 381-qarori respublikamizdagi axborot-kutubxona, axborot-resurs markazlari va kutubxonalarni samarali rivojlantirish va ular faoliyatini belgilovchi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish borasidagi aniq vazifalarni belgilab bergan edi. Ana shu qarordan kelib chiqib, o‘tgan yili qabul qilingan "Axborot-kutubxona faoliyati to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni mazkur sohani yanada taraqqiy ettirishga xizmat qilishi bilan diqqatga sazovordir.

Ushbu Qonunning asosiy maqsadi axborot-kutubxona faoliyatini amalga oshirish va rivojlantirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish, fuqarolarning axborot-kutubxona institutlarida saqlanayotgan axborotlardan erkin foydalanishga bo‘lgan huquqlari kafolatlarini ta'minlashdan iboratdir.

O‘zAAA Bosh direktori H.Muhitdinov:

— Qisqa fursat ichida barcha axborot-kutubxona va axborot-resurs markazlaridagi, kutubxonalardagi kitoblarning elektron katalogini hamda elektron shaklini yaratish lozim. Bu borada o‘zaro hamkorlikning ahamiyati katta. Toki bir AKMda komputerda ko‘chirilib, elektron ko‘rinishi tayyor holga keltirilgan kitobni boshqa joyda ko‘chirib o‘tirmasinlar. Bu borada internetning imkoniyatlaridan foydalanmoq zarur.

Qonunda axborot-kutubxona institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, moliyalashtirish, fondini to‘ldirish, hisobga olish, saqlash va ulardan foydalanish, shuningdek, axborot-kutubxona institutlari hamda foydalanuvchilarning huquq va majburiyatlari, ayniqsa, ayrim toifadagi foydalanuvchilarga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatishning alohida shartlari belgilanishi bilan yanada ahamiyatlidir. Shu bilan birga, ushbu Qonun orqali axborot-kutubxona ishi sohasida davlat siyosatini belgilash va axborot-kutubxona qonunchiligi asosida axborot-kutubxona institutlari faoliyatini davlat tomonidan boshqarish mexanizmi ham yaratildi. Shuningdek, Qonun yangi tipdagi axborot-kutubxona muassasalari tizimini, ularning maqomi, funksiyalarini har tomonlama yoritib berdi. Aholiga xizmat ko‘rsatish sifatini yuqori darajaga ko‘tarish, kitobxonlarning ilmiy, ta'limiy va madaniy ehtiyojlarini tezkor ravishda, zamonaviy axborot texnologiyalariga tayangan holda qondirish maqsadida axborot-kutubxona muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, kadrlar bilan ta'minlashning huquqiy normalari ham unda o‘z aksini topdi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Ilhom Abdullayev va qo‘mita a'zosi Hafiza Karimovalar o‘z ma'ruzalari bilan ishtirok etishdi. Ular o‘z chiqishlarida ushbu Qonunni amaliyotga joriy etish masalalari, uning ijrosini ta'minlash va qator moddalarida axborot-kutubxona muassasalarining kutubxona fondlarini shakllantirish, ularning saqlanishini ta'minlash, elektron katalog va elektron kutubxonalarni yaratish hamda yaratilgan axborot resurslardan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida o‘zaro foydalanish va almashish normalari aniq ko‘rsatilganligi, Qonunning bir qator moddalari yangi qonunosti hujjatlarini ishlab chiqishni talab etishi kabi mavzularda mulohaza yuritishdi.

Respublika axborot-kutubxona markazi direktori A.Ishmatov, O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori A.Umarovlar ham muhokama etilayotgan mavzu yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi.

Kunning ikkinchi yarmida o‘tkazilgan "Axborot-kutubxona muassasalarining O‘zbekiston Milliy kutubxonasi bilan hamkorligining dolzarb masalalari" mavzusidagi seminar-trening O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi tizimidagi axborot-kutubxona markazlari rahbarlari va yetakchi mutaxassislari uchun tashkil etilgan bo‘lib, unda samarali axborot almashinuviga erishish maqsadida korporativ tizimda ishlash masalasi muhokama etildi. Ishtirokchilar O‘zbekiston Milliy kutubxonasi ish jarayoniga joriy etilgan yangi avtomatlashtirilgan kutubxona tizimi hamda Milliy kutubxona axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining funksional imkoniyatlaridan foydalanish, "Metrafor" kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan va Milliy kutubxona ish jarayonlarini avtomatlashtirishga mo‘ljallangan yangi avtomatlashtirilgan kutubxona tizimi to‘g‘risidagi materiallar bilan tanishdilar.

Trening davomida bir qator ma'ruza va taqdimotlar o‘tkazildi.

Jumladan, "Korporativ tizimda elektron kutubxonalarni yaratish" mavzusidagi trening ToshDMI dotsenti U.Karimov hamda Respublika yig‘ma elektron katalog markazi direktori A.Mansurovlar tomonidan samarali axborot almashinuvi, bibliografik yozuvlardan foydalanish, yig‘ma elektron katalogni shakllantirishning asoslari masalalariga bag‘ishlandi.

So‘z — seminar ishtirokchilariga:

Mavjuda G‘AFUROVA, A.Qodiriy nomidagi Navoiy viloyati AKM bo‘lim mudiri:

— Seminar boshlanishi oldidan Milliy kutubxonamiz bilan tanishib chiqdik. Kutubxona zallari, u yerdagi ozodalik va shinamlik, xonalarga o‘rnatilgan so‘nggi rusumdagi texnologiyalarni ko‘rib, to‘g‘risini aytsam, yuragim hapriqib ketdi. Bu e'tibor uchun buurtmachi idora — O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi rahbarlariga minnatdorchilik bildiraman. Respublikamizda kutubxonachilik ishini rivojlantirishga bo‘lgan yuksak e'tibor bizni doimo yangi zafarlar sari ruhlantirib turadi.

Shohida XO‘JAYEVA, O‘zbekiston Davlat konservatoriyasi ARM direktori:

— Kutubxonachilik sohasida 32 yildan beri faoliyat yuritaman. Va biz kutubxonachilar mehnatiga bugungi e'tibordan behad minnatdorman.

Bugungi seminar haqida gapiradigan bo‘lsam, "Axborot-kutubxona faoliyati to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni bizning bir necha yillik orzuimiz edi. Va seminarda ana shu Qonun, qonunosti hujjatlari, Qonundan kelib chiqib oldimizda turgan dolzarb vazifalar haqida to‘liq ma'lumotga ega bo‘ldim. Respublikamiz hukumati bizning samarali faoliyat yuritishimiz uchun barcha sharoitni yaratib bergan ekan, biz ham shunga yarasha astoydil mehnat qilaveramiz.

Muborak MIRKAMOLOVA

Mavzuga doir

05 May 2012
Karmana — viloyatda birinchi
Axborot-kutubxona
Karmana — viloyatda birinchi

Navoiy texnika-iqtisodiyot kasb-hunar kollejida "Yilning eng yaxshi axborot-resurs markazi" ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi o‘tkazildi.

16 Mart 2012
Britannica ensiklopediyasi bundan buyon to‘liq  raqamli ko‘rinishda
Axborot-kutubxona
Britannica ensiklopediyasi bundan buyon to‘liq raqamli ko‘rinishda

Britannica ensiklopediyasi bundan buyon qog‘ozda chop etilishini to‘xtatadi va to‘liq  raqamli ko‘rinishda faoliyat ko‘rsatadi. 1786 yilda ilk marotaba Edinburg (Shotlandiya)da chop etilgan 32 jildli nashr vaqt o‘tishi bilan insoniyatning 18-20 asrlar mobaynida to‘plagan bilimlari majmui sifatida e'tirof qozondi.

12 Mart 2012
Nafosat, nazokat ramzidir ayol!
Axborot-kutubxona
Nafosat, nazokat ramzidir ayol!

Qalblarga quvonch, insonlarga shijoat bag‘ishlab go‘zal va betakror bahor fasli kirib keldi. Odamlar bejizga chehralari gul misol zebo ayollarimizni fasllar kelinchagi bahorga o‘xshatishmaydi. Zero, ularning har ikkisi ham nafosat va latofat ramzi hisoblanishadi.