Axborotlashgan jamiyat (ikkinchi maqola)

22 Mart 2013
  • Foto:
dan

Muhtaram Yurtboshimiz Oliy Majlis palatalarining 2010 yil 12 noyabrda bo‘lib o‘tgan qo‘shma majlisida taqdim etgan Konsepsiyada axborot sohasini isloh qilish, axborot va so‘z erkinligini ta'minlash borasidagi qonunchilik tashabbuslari ushbu sohada bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgan tadrijiy islohotlarning uzviy davomi bo‘lib, axborot olishning erkin va teng huquqligini ta'minlash, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi prinsiplarini amalga oshirish, sohada bozor mexanizmlarini yanada takomillashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, fuqarolik jamiyati institutlari tizimida ommaviy axborot vositalarining rolini yanada kuchaytirishga qaratilgan samarali huquqiy mexanizmlarni yaratishni nazarda tutadi.

Konsepsiyada ommaviy axborot vositalarining davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini ta'minlash, davlat organlari va jamoatchilik o‘rtasida mustahkam aloqa o‘rnatish borasidagi rolini kuchaytirish maqsadida "Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini qabul qilish taklif etildi. Bu qonunning hayotga joriy etilishi davlat hokimiyati organlari faoliyati haqida jamoatchilikni xabardor qilib borishning huquqiy mexanizmlarini yaratib, davlat organlarining axborot xizmatlari va media-tuzilmalari ishini faollashtirish, ular tomonidan ma'lum bir muddatlarda brifing va matbuot anjumanlari tashkil etib borish, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning ochiqligi va oshkoraligini ta'minlash, ommaviy axborot vositalarining axborot olish yuzasidan murojaatlarini ko‘rib chiqish muddatlarini qisqartirish, axborot olish sohasidagi qonunchilik talablarini buzganlik uchun yuridik va mansabdor shaxslarning ma'muriy javobgarligini kuchaytirishga xizmat qiladi. 

Shuningdek, qonun loyihasida davlat hokimiyati organlari faoliyatining oshkoraligi va shaffofligini ta'minlash bo‘yicha axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining o‘rni va roli ham alohida belgilab qo‘yilmoqda. Zero, bugungi tezkor va shiddatkor zamonda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining cheksiz imkoniyatlaridan samarali foydalanishni davrning o‘zi taqozo etmoqda.

Mazkur sohada mamlakatimizda bir qator salmoqli ishlar amalga oshirilayotganini alohida ta'kidlash joiz. Xususan, keyingi yillarda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarini komputer texnikasi, lokal hisoblash va korporativ komputer tarmoqlari bilan jihozlash ko‘lami yanada kengaytirilib, respublikamiz bo‘yicha komputer texnikasi bilan ta'minlanish darajasi tobora o‘sib bormoqda. Davlat boshqaruvi organlarida lokal hisoblash tarmoqlari yaratish borasidagi ishlar yakuniga yetib qolgan bo‘lsa, korporativ komputer tarmoqlari yaratish bo‘yicha sa'y-harakatlar jadal sur'atlarda davom ettirilmoqda.

Hozirgacha O‘zbekiston Respublika si Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi  tomonidan o‘tkazilgan nazorat-tahlil yakunlariga ko‘ra, AKTga oid barcha qonun hujjatlari inventarizatsiya qilinib, erishilgan natijalar bo‘yicha qo‘mita tomonidan mazkur sohaning yanada erkin rivojlanishini ta'minlashga yo‘naltirilgan qonunchilikni takomillashtirish ishlari dasturi ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, yaqin yillar davomida axborot va kommunikatsiya texnologiyalari sohasini huquqiy jihatdan tartibga solish va yanada rivojlantirishga qaratilgan bir qator yangi qonun loyihalari, amaldagi qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilgan.

Mazkur qonun loyihalarining ayrimlari o‘tgan vaqt mobaynida ishlab chiqilib, parlament muhokamasiga kiritildi va qabul qilindi.

Rivojlangan axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan davlat va jamiyat qurilishi tizimida keng foydalanishda internet jahon axborot tarmog‘idagi milliy segmentni rivojlantirish zarurligi, uni tashkil etishda asosiy o‘rin tutuvchi domen nomlari va domen nomlari tizimi kabi muhim tushunchalarga ta'rif berilishi muhim ahamiyat kasb etadi. Internetdan foydalanish ko‘lamini kengaytirishdan asosiy maqsad ham fuqarolarga zarur axborotni ularga kerak bo‘lgan vaqtda olish imkonini berishdir.

Bugungi kunda mamlakatimizda 20ga yaqin telekommunikatsiya operatorlari mavjud bo‘lib, ular telekommunikatsiya tizimida 28ta yo‘nalish bo‘yicha dunyoning 180ta mamlakatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqadigan xalqaro kanallar orqali o‘z xizmatlarini ko‘rsatishmoqda.

Ayni vaqtda qo‘mitamiz a'zolari bo‘lgan deputatlar soha mutaxassislari, ekspertlar, huquqshunoslar bilan hamkorlikda axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga oid qonunlarni yanada takomillashtirish ustida faol ish olib borishmoqda. Sohaga oid yangi qonunlar loyihalarini ishlab chiqish, amaldagi qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan davom ettirilayotgan sa'y-harakatlarimiz jamiyatni axborotlashtirishga yo‘naltirilgan faoliyatni qo‘llab-quvvatlash, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng ko‘lamda foydalanishni rag‘batlantirish, ularni davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida, iqtisodiyot, sog‘liqni saqlash, ta'lim va boshqa barcha sohalarda yanada samarali qo‘llanilishiga qaratilgan huquqiy imkoniyatlarni yaratib berishga qaratilgan.

Shu bilan birga, ushbu sohadagi huquqiy munosabatlarni yanada takomillashtirish maqsadida axborot xizmatlarini ko‘rsatish, elektron hujjat aylanishi, axborot resurslaridan foydalanish qoidalarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar, axborot tizimlarini yaratish va ularning o‘zaro ishlashini ta'minlash, axborot xavfsizligi, axborotni muhofaza qilish va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha standartlarni ishlab chiqish ham bugungi kundagi dolzarb masalalardan sanaladi.

Telekommunikatsiya sohasini rivojlantirishning dolzarb masalalari sirasiga esa, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, raqamli va keng formatli telekommunikatsiya vositalari hamda internet tizimini yanada keng joriy etish, xalqaro telekommunikatsiya tarmoqlarini kengaytirish va xalqaro kommutatsiya markazlarini zaxiralash maqsadida yo‘ldoshli aloqa tizimi orqali qo‘shimcha kanallar tashkil etish, raqamli televideniye qamrovini kengaytirish va raqamli televideniye foydalanuvchilariga qo‘shimcha xizmatlar ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish, telekommunikatsiyalar tarmoqlarining ishonchliligi va barqarorligini mustahkamlash bo‘yicha zaxiralash hamda avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimini takomillashtirish ishlarini yakuniga yetkazish kabi masalalarni kiritish mumkin.

Shuningdek, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada kengroq joriy etishga xorijiy investitsiyalarni jalb etishning huquqiy asoslarini mustahkamlash, ilg‘or texnologiyalarga asoslangan qurilma va vositalar ishlab chiqarish ko‘lamini oshirish, yangi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va xizmatlarni joriy etish maqsadida iste'molchilarning huquqlarini inobatga olgan holda tegishli qonunlar va qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, yangi qonunlarni ishlab chiqib, qabul qilishni ham davrning o‘zi taqozo etmoqda.

Prezidentimiz 2012 yilda mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari hamda 2013 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining majlisidagi ma'ruzasida axborot-kommunikatsiya va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi chora-tadbirlar va loyihalarni jadal amalga oshirish tobora muhim ahamiyat kasb etayotganini ta'kidlab, shunday dedi: "Biz o‘zimizga shuni aniq tasavvur etishimiz kerakki, iqtisodiyotning barcha sohalariga, kundalik hayotimizga zamonaviy axborot-kommunikatsiya tizimlarini keng joriy etish bo‘yicha tub va ijobiy ma'nodagi portlash effektini beradigan o‘zgarishlarni amalga oshirmasdan turib, istiqboldagi maqsadlarimizga erishish qiyin bo‘ladi".

Darhaqiqat, bugungi kunda oldimizda mas'uliyatli vazifalar turibdi. Ya'ni, qisqa vaqt mobaynida nafaqat axborot xizmatlari ko‘rsatishning ko‘plab turlari bo‘yicha mavjud kamchiliklarni bartaraf etishimiz, balki zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish borasida yuksak darajaga erishgan ilg‘or mamlakatlar safiga qo‘shilishimiz zarur. Bu borada "Elektron hukumat" tizimini, shu jumladan, boshqaruv jarayonlari, shuningdek, biznes sohasiga va fuqarolarga davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini shakllantirish konsepsiyasi va kompleks dasturini ishlab chiqishni jadallashtirishga, Axborot tizimlarining idoralararo va idoraviy komplekslarni integratsiya qiladigan milliy tizimni yaratishga alohida e'tibor qaratish lozimligi Yurtboshimiz ma'ruzasida ustuvor yo‘nalish sifatida belgilab berildi.

Albatta, yaqin istiqboldagi ushbu maqsad-muddaolarni amalga oshirish uchun, birinchi navbatda, mazkur sohani tartibga soluvchi qonunchilikni yanada mustahkamlash, samarali huquqiy mexanizmlarni takomillashtirish hamda joylarda sohaga oid qonun hujjatlari ijrosini ta'minlash borasida faoliyat olib borish biz deputatlarning ustuvor vazifamizdir. Pirovardida, bu sa'y-harakatlarimizning natijasi o‘laroq, iste'molchilarning barcha qatlamlari hamda jadallik bilan rivojlanib borayotgan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari talablariga mos tushadigan, tubdan yangilangan axborot-kommunikatsiya tarmoqlari vujudga kelishiga zamin yaratilib, mamlakatimizda axborotlashtirish jarayonlari yanada jadallashadi hamda O‘zbekiston jahon axborot makonida o‘ziga xos va munosib o‘ringa ega bo‘ladi.

Shuhrat DEHQONOV, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi a'zosi

Mavzuga doir

26 Mart 2014
Toshkent shahrida Inxa Universiteti tashkil etiladi
Boshqaruv
Toshkent shahrida Inxa Universiteti tashkil etiladi

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida xalqaro standartlar darajasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashni yanada takomillashtirish, shuningdek, chet eldagi yetakchi oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikni kengaytirish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2014 yil 24 martda "Toshkent shahrida Inxa Universitetini tashkil etish to‘g‘risida" qaror qabul qilindi.

28 Fevral 2014
NIPA delegatsiyasi bilan uchrashuv
Boshqaruv
NIPA delegatsiyasi bilan uchrashuv

Joriy yilning 27 fevral kuni Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasida Janubiy Koreyaning Axborot texnologiyalari sanoatini rivojlantirish Milliy agentligi (NIPA) prezidenti janob Pak Su Yong boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

01 Fevral 2014
Salmoqli natijalar va ustuvor vazifalar
Boshqaruv
Salmoqli natijalar va ustuvor vazifalar

Yurtdoshlarimizning obod va ozod mamlakatimizda farovon hayot kechirishlari uchun keng ko‘lamli dasturlar, islohotlar izchillik bilan hayotga tatbiq qilinmoqda.