“O‘zbektelekom” AKning Data Markazidan yangi loyihalar

17 Fevral 2012
  • Foto:
dan

Internet allaqachon nihoyatda zaruriy xizmat turiga aylanib bo‘lgan. Ishi, o‘qishi internetga bog‘liq bo‘lgan, umuman, global tarmoq a'zosiga aylangan har bir kishi usiz bir kunni o‘tkazishga ham qiynaladi.

Internet xizmatlarini ko‘rsatuvchi provayderlar, xostingni taklif etuvchi Data Markazlar o‘z mijozlari safini kengaytirish maqsadida turli xil loyihalarni taqdim etishi odatiy holatga aylangan. “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasining “Biznesni Rivojlantirish Markazi” filiali qoshidagi “Data Markaz xizmati” ham o‘z resurslarini taqdim etmoqda. Mazkur Data Markaz 2010 yilning 1 iyulida sinov tartibida ishga tushirilgandi. Hozirda milliy resurslarni rivojlantirish bo‘yicha virtual server, IPTV, audio-video portallar, domen nomlari xizmati, xosting xizmatlarini joriy qilish bo‘yicha chora-tadbirlar asosida tegishli ishlar amalga oshirilmoqda. Shu maqsadda Data Markazning yangi veb-sayti - www.uzdc.uz faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu sayt doirasida bir nechta loyihalar ishlab chiqilib, internet-foydalanuvchilar e'tiboriga taqdim qilinmoqda.

Quyida ushbu yangi loyihalar haqida qisqacha ma'lumot beramiz:

1. Internet foydalanuvchilari uchun dasturiy ta'minot loyihasi (http://soft.uzdc.uz) ishlab chiqildi. Bu portalda siz yangi kinolar, kliplar, rasmlar, dasturlarni bepul yuklab olishingiz va ular haqida o‘z fikrlaringizni qoldirishingiz mumkin.

2. Elektron pochta xizmatidan foydalanuvchilar uchun qulay va tezkor  (http://mail.uzonline.uz) elektron pochtasi ishlab chiqildi va hozirgi kunda ro‘yxatga olish ishlari olib borilmoqda. TAS-IX doirasida sifatli elektron pochta xizmatlarining kamligini hisobga olsak, bu loyiha ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otishi va qulaylik tug‘dirishi, shubhasiz.

3. Hozirda audio va video portali (http://mediabox.uz) ham xizmat ko‘rsatmoqda. Bu portalda yangi va zamonaviy kliplar, musiqalarni onlayn tarzda tomosha qilish imkoni mavjud. Bundan tashqari, klip va musiqalarga ovoz berish va ular yuzasidan fikr-mulohazalarni qoldirish mumkin.

4. Internet tarmog‘ida foydalanuvchilar orasida katta hajmdagi axborot almashuvini ta'minlash maqsadida yangi "Virtual fleshka" xizmati yaratilgan (http://fdrive.uzdc.uz). Bu xizmat — foydalanuvchilarga o‘zaro musiqa, video va katta hajmdagi axborot almashinishni yo‘lga qo‘yishga imkoniyat yaratadi.

5. Navbatdagi loyiha — fotoxosting (http://image.uzdc.uz) xizmati. Bu yerda foydalanuvchilar o‘zlariga tegishli rasmlarni yuklashi va yuklangan rasmlarni ko‘rishi mumkin. Ya'ni, katta hajmdagi rasmlarni shaxsiy komputerda saqlashdan tashqari, uning nusxalarini fotoalbom shaklida internetda saqlash ham mumkin.

6. Komputer o‘yinlariga qiziquvchilar soni ko‘pligini inobatga olib, kompaniya mutaxassislari onlayn o‘yinlar portalini (http://games.uznet.net) ham yaratishdi. Mazkur sayt orqali ommabop o‘yinlarni o‘ynashingiz mumkin bo‘ladi.

O‘tgan yili "O‘zbektelekom" AKda rebrending amalga oshirilib, UZONLINE brendi ostida ADSL-internet xizmatlari keng yo‘lga qo‘yila boshlanganidan so‘ng, kompaniya internet xizmatlaridan foydalanuvchilar soni keskin oshdi. Yuqorida sanab o‘tilgan loyihalardan kompaniya mijozlari   1dan 2 Mbit/s.gacha tezlikda bepul foydalanish imkoniyatiga egalar. Chunki Data Markazning barcha resurslari TAS-IX tarmog‘ida joylashgan.

P.S. Ishlab chiqilgan loyihalar mahalliy internet resurslarining boyishiga va xalqaro trafikning tejalishiga xizmat qiladi. Shu jihatdan bunday loyihalarning ko‘payib borishi foydali. Ammo yuqorida sanab o‘tilgan resurslarning o‘zbek tilidagi talqinlari mavjud emasligi ularning ommaviyligi oshishiga to‘sqinlik qiladi. Kelgusida Data Markaz mutaxassislari ushbu masalaga e'tibor qaratishadi, degan umiddamiz.

Xabar

Mavzuga doir

23 Yanvar 2012
Jerri Yang Yahooni tark etdi
Internet
Jerri Yang Yahooni tark etdi

Jerri Yang oradan 17 yil o‘tib o‘zi Devid Filo bilan asos solgan Yahoo kompaniyasidan ketishga uzil-kesil qaror qildi: amaliyotlar boshqarmasi, direktorlar kengashi, qolaversa,  Yahoo Japan direktorlar kengashini u butunlay tark etadi.

13 Yanvar 2012
Ajrashishlarga sababchi Facebook...
Internet
Ajrashishlarga sababchi Facebook...

2011 yili Buyuk Britaniyada nikohlar buzilishining uchdan bir qismiga jahondagi eng yirik Facebook ijtimoiy tarmog‘i sababchi bo‘lgan. Besh mingdan ortiq ajrimlarni tahlil qilib chiqqan Divorce online konsalting kompaniyasi mutaxassislari shunday to‘xtamga kelishdi.

06 Yanvar 2012
Videokonferensaloqa xonalari
Internet
Videokonferensaloqa xonalari

Ko‘pgina rivojlanayotgan mamlakatlarda ta'lim sohasida amalga oshirilayotgan yangiliklar bugungi kunda hech kimga sir emas. Mamlakatning asosiy rivojlanish poydevori ta'lim va ilm-fanga bog‘liq.