"Tadbirkor" va "investor" bellashdi
09 Dekabr 2011
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili o‘z yakuniga yetayotgan ayni kunlarda mazkur yilda amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilinmoqda. Joylarda o‘tkazilayotgan tadbirlar, ochiq muloqotlar, tadbirkorlar bilan uchrashuvlar ana shular jumlasidandir.
Viloyat axborot-kutubxona markazida Navoiy industrial-iqtisodiyot kolleji bilan hamkorlikda tashkil etilgan navbatdagi tadbir "Kichik biznes va tadbirkorlik asoslari" kitobiga bag‘ishlandi.
Tadbirda AKM direktori Ramazon Rajabov, Navoiy industrial-iqtisodiyot kolleji iqtisod fani o‘qituvchilari Nasiba Erova va Sadoqat Bekpo‘latovalar yoshlarning tadbirkorlik borasida to‘plagan bilimlarini sinovdan o‘tkazish maqsadida savol-javob o‘tkazdilar. Unda kollejning "Tadbirkor" va "Investor" guruhlari o‘quvchilari o‘zaro kuch sinashib, kelishilgan to‘rtta shart bo‘yicha o‘z bilim va mahoratlarini namoyish etdilar.
Tanishuv, savollarga javob berish, guruhlarning o‘zaro savol-javoblari hamda erkin mavzularda bo‘lgan shartlarni har ikkala guruh a'zolari ham a'lo darajada bajarishdi. Ayniqsa, guruhlar tomonidan Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yiliga bag‘ishlangan sahna ko‘rinishlari qatnashchilarda katta taassurot qoldirdi. Har ikkala guruh yoshlari bir xil ball to‘plab, bilimli va tashabbuskorliklarini namoyish etishdi.
Tadbirda faol ishtirok etgan, puxta bilimga ega bo‘lgan yigit-qizlar axborot-kutubxona markazining faxriy yorlig‘i hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi. Markazning huquqiy-axborot sektori mudiri Ma'rifat Safarova hamda Navoiy industrial-iqtisodiyot kolleji o‘quvchisi Suhrob Toshimovlar mahorat bilan boshlovchilik qilgan ushbu tadbir barcha kitobxonlarga manzur bo‘ldi.
Marusa HOSILOVA, "Xabar"ning Navoiy viloyatidagi muxbiri