Yangi texnologiyalar bilan yangi manzillar sari
23 Yanvar 2012
"O‘zbekiston pochtasi" OAJ "Xalqaro pochtamt" filiali respublikamizga kiruvchi va chiquvchi xalqaro xat-xabarlar, davriy matbuot nashrlari va jo‘natmalarni saralash va ularni tashish ishlarini tasdiqlangan marshrut yo‘nalishlari asosida Toshkent — Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari — Toshkent yo‘nalishlari orqali dam olish kunisiz, kechayu kunduz pochta almashinuvini amalga oshiradigan yagona korxona hisoblanadi. Muxbirimiz bilan suhbatda filial direktorining o‘rinbosari Zohid Qosimov yangi texnologiyalar, pochta xavfsizligi, xodimlar malakasini oshirish kabi masalalar bo‘yicha fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
— Hurmatli Zohid Zokirovich, xalqaro pochta jo‘natmalari qanday tashiladi, ularni saqlash va nazorati borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma'lumot berib o‘tsangiz?
— "Xalqaro pochtamt" filiali balansidagi avtomashinalarda O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi tomonidan 2010 yil 24 avgustdagi avtomobil transportida yuklarni shaharlararo yo‘nalishlarda tashish faoliyat turiga berilgan AT № 0019485 seriyali raqamli litsenziyaga asosan "O‘zbekiston pochtasi" OAJ bosh direktori tomonidan tasdiqlangan marshrutlarda pochta jo‘natmalarini tashish ishlari amalga oshirilmoqda.
Faoliyatimizni zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarisiz tasavvur etish aslo mumkin emas. Misol uchun, "Xalqaro pochtamt" filialida 2011 yil 1 noyabriga qadar 60ta videokameradan foydalanilardi. "O‘zbekiston pochtasi" OAJ rahbariyatining yordami bilan 2011 yil noyabr-dekabr oylarida qo‘shimcha 16ta videokamera sotib olib o‘rnatdik. Ushbu videokameralar yordamida har bir ish joyida xalqaro pochta jo‘natmalariga berilayotgan ishlov jarayonlari videokuzatuv inspektorlari tomonidan nazorat etiladi.
Xalqaro pochta jo‘natmalarini ko‘rsatilgan manzillariga yetkazib berishda ham nazorat yo‘lga qo‘yilgan. Masalan, filialning barcha pochta tashiydigan avtomashinalarining kuzovlariga tovush chiqaradigan signalizatsiya va ikki donadan osma qulf o‘rnatilgan. Magistral pochta marshrutlariga jo‘nab ketishdan oldin smena dispetcherlari tomonidan avtomashina kuzovlari plombalanadi. Mazkur plomba joylardagi pochta almashinuvi punkti (PAP)dagi pochta xavfsizligi xizmati (PXX) xodimlari tomonidan tekshiriladi. Plomba butligiga ishonch hosil qilinganidan keyin, plomba buziladi. Agar noma'lum sabablarga ko‘ra, plomba buzilgan yoki yo‘q bo‘lsa, u holda darhol dalolatnoma tuzilib, bir nusxasi "Xalqaro pochtamt" filialiga jo‘natiladi. Ushbu holat yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkaziladi. Xizmat tekshiruvi natijasida aniqlangan aybdor xodimlarga nisbatan amaldagi qonunlarga asosan choralar ko‘riladi. PAPdan PAPga ketayotgan avtomashinalardagi plombalar joylardagi PXX xodimlari tomonidan plombalanadi va nazorati olib boriladi.
Filialda ishlov berilib, respublika ichki avtomobil magistral yo‘nalishlarida tashilayotgan barcha pochta jo‘natmalari va davriy matbuot nashrlarining saqlanishini ta'minlash bo‘yicha doimiy tarzda nazorat ishlari olib borilmoqda.
— "Xalqaro pochtamt" filiali zimmasiga kunlik bosmadan chiqadigan barcha matbuot nashrlarini viloyat markazlarigacha yetkazib berishdek mas'uliyatli vazifa topshirilgan. Buni uddalash uchun filial ixtiyoridagi avtotransport vositalarining doim soz va yo‘lga shay bo‘lishi talab etiladi. Sizlarda bu borada qanday ishlar olib borilmoqda?
— "O‘zbekiston pochtasi" OAJ Kuzatuv kengashining 2011 yil 25 may kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi bo‘yicha pochta jo‘natmalari magistral marshrutlarini optimizatsiya qilish uchun filialga OAT "Aloqabank"dan kredit olish hisobiga 2ta "ISUZU SAZ NQR 71 PL" rusumli yuk avtomashinasini sotib olish uchun ruxsat berilgandi. Mazkur masalani hal etish maqsadida "Samarqand avtomobil zavodi" MChJning rasmiy dileri "BEST AVTO" MChJ bilan "Xalqaro pochtamt" filiali o‘rtasida umumiy bahosi 133 900 000 so‘mlik shartnoma imzolanib, 2011 yil 7 sentabr kuni yuk avtomashinalarini qabul qilib oldik.
Har ikki avtomashina uchun qo‘shimcha litsenziya varaqalari olindi va sug‘urtalanadi.
Hozirgi kunda filialimizda O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan "ISUZU SAZ NQR 71 PL" rusumli yuk avtomashinalari soni 6taga yetdi. Umuman olganda, "O‘zbekiston pochtasi" OAJ rahbariyatining bevosita yordami bilan har yili ikki donadan avtomashina sotib olish hisobiga avtoparkimiz muntazam yangilanib turilibdi.
— Suhbatimiz muqaddimasida zamonaviy axborot texnologiyalarining roliga yuqori baho berdingiz. Bulardan biri, adashmasak, hozir sizlarda qo‘llanilayotgan Teltonika FM 2200 GPS qurilmasi bo‘lsa kerak, shunday emasmi?
— Darhaqiqat, shunday. Hozirgi kunga kelib, "Xalqaro pochtamt" filiali bo‘yicha pochta va matbuotni tashish bo‘yicha magistral avtotraktlarning soni 9taga yetdi va ularning umumiy masofasi 8005 kilometrni tashkil etadi. Avtomashinalar harakatini nazorat qilish, yani avtomashinalarning real vaqt mobaynida xarita bo‘yicha qaysi obyektdaligini aniqlash, avariya, marshrutdan chiqish va harakatlanish tezligini aniqlash, to‘xtash vaqti va bosib o‘tgan masofalari bo‘yicha statistik malumotlarni olish maqsadida, zamonaviy texnologiyalarni o‘rganish, sotib olib o‘rnatish va ishga tushirish zarurati paydo bo‘lgandi. Shu sababli mazkur masala filial mutaxassislari tomonidan o‘rganildi, narxlari tahlil qilinib, arzon va sifatli mahsulotlar mamlakatimizning "Newmax Technology" mas'uliyati cheklangan jamiyati tomonidan taklif etilayotganligi aniqlandi.
Shundan so‘ng "Xalqaro pochtamt" filiali va "Newmax Technology" MChJ o‘rtasida Teltonika FM 2200 GPS qurilmasini (antennasi bilan) yetkazib berish, montaj qilish, installyatsiya, faollashtirish, o‘rnatish va xodimlarni o‘qitish bo‘yicha shartnoma imzolandi.
Shartnoma asosida "Newmax Technology" MChJ mutaxassislari tomonidan 10 komplekt GPS qurilmasi Teltonika FM 2200 (antennasi bilan) "Xalqaro pochtamt" filialining 10ta pochta tashish avtomashinasiga o‘rnatildi va hozirgi kunda har bir mashinadagi qurilmadan unumli foydalanilmoqda.
Mazkur hamkorlik doirasida "Xalqaro pochtamt" filialining dispetcherlik xizmati bog‘lamasi smena dispetcherlari lavozimida ishlayotgan xodimlar o‘qitildi.
— Teltonika FM 2200 GPS qurilmasining afzalliklari nimada, GPS-qurilma pochta tashuvlarida o‘zini qanchalik oqlayapti?
| Teltonika FM 2200 GPS qurilmasi sotib olish, o‘rnatish va xodimlarni o‘qitish bo‘yicha amalga oshirilgan xarajatlar uzog‘i bilan bir yil ichida qoplanadi. |
— Mazkur qurilma qator afzalliklarga ega. Jumladan, qurilma yordamida quyidagilarni nazorat etish imkoniyati mavjud: harakatlanish yo‘nalishi; harakatlanish yo‘nalishi va jadvaliga rioya qilinishi; avtotransport vositalaridan samarali foydalanish, haydovchilar va pochta kuzatuvchilari tomonidan ish tartibi va jadvaliga rioya qilinishi; harakatlanish vaqti va harakatlanayotgan hududni ko‘rsatish; yonilg‘ining sarflanishi; avtotransportning bosib o‘tgan masofasi va harakatlanish tezligi; avtotransport vositalaridan ruxsat etilmagan maqsadlarda foydalanish
holatlarining oldini olish; avtotransport vositasidan foydalanish (ekspluatatsiya) qoidalarining buzilishi va h.k.
Mazkur qurilma iqtisodiy samaradorligi bilan ham ajralib turadi. Xususan, undan foydalanish natijasida pochta avtomashinalari bosib o‘tadigan masofa va ishlatilayotgan yonilg‘i-moylash materiallari 25 foizgacha, avtotransport vositasi turgan yoki harakatlanayotgan joyni aniqlash uchun bo‘ladigan telefon so‘zlashuvlari 50 foizgacha, avtoparkning ishlamay turgan vaqti 10 foizgacha qisqarishi va aksincha, avtotransport vositasidan foydalanish aylanmasi 15 foizgacha oshishi aniqlangan. Qolaversa, avtotransport vositasini oraliq ta'mirlash muddati oshadi, avtotransport vositasiga texnik xizmat ko‘rsatish xarajatlari kamayib, ehtiyot qismlarni hisobdan chiqarish qisqarishiga erishiladi.
Teltonika FM 2200 GPS qurilmasi sotib olish, o‘rnatish va xodimlarni o‘qitish bo‘yicha amalga oshirilgan xarajatlar uzog‘i bilan bir yil ichida qoplanadi.
Filialimizda Teltonika FM 2200 GPS qurilmasini yetti oy ilgari ishga tushirgandik. O‘sha paytda va keyinchalik barcha haydovchilarni yig‘ib, ularga qurilmaning imkoniyatlari, afzalliklari va iqtisodiy samaradorligi to‘g‘risida tushunchalar berdik. O‘tgan davr mobaynida marshrutdan chiqish va jadvaldan kechga qolish holatlari (noqulay ob-havo: tuman tushishi, yo‘llarning muzlashi kabi holatlarni hisobga olmaganda) aniqlanmadi. Har kuni har bir avtotransport vositasining harakatlanishi bo‘yicha statistik ma'lumotlar olinapti va smena dispetcherlari tomonidan tahlil qilinmoqda. Tahlillar "Xalqaro pochtamt" filiali o‘z oldiga qo‘ygan maqsadiga erishayotganini ko‘rsatmoqda.
— Pochta xavfsizligi xizmati xodimlarini malakasini oshirish bo‘yicha qanday ishlar olib borilapti?
— Har yili Pochta xavfsizligi xizmati uchastkasi xodimlarining malakasini oshirish maqsadida o‘quv mashg‘ulotlari rejasi tasdiqlanadi va shu reja asosida o‘quv mashg‘ulotlari olib boriladi. Bundan tashqari, bayramlar oldidan, ommaviy axborot vositalari orqali olingan turli voqealar bo‘yicha va "O‘zbekiston pochtasi" OAJ tomonidan yuborilgan xatlar, farmoyish va buyruqlar bo‘yicha xodimlarga qo‘shimcha ravishda oraliq yo‘l-yo‘riqlar beriladi va tegishli jurnallarga qayd etib boriladi.
2011 yil 6 iyun kuni "Xalqaro pochtamt" filialida "Pochta xavfsizligi bo‘linmasining eng yaxshi texnigi" ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi. Unda PXX uchastkasining video-kuzatuv inspektori Muhamad-Ali Boymatov g‘olib chiqib, "LG" rusumli televizor bilan rag‘batlantirildi. Bundan tashqari, M.Boymatov respublika ko‘rik-tanlovida ham filial sharafini himoya qildi.
— Filialda ma'naviyat va ma'rifat yo‘nalishida olib borilayotgan ishlar haqida ham qisqacha ma'lumot bersangiz?
— "Xalqaro pochtamt" filiali bo‘yicha har haftaning seshanba kuni ma'naviyat va ma'rifat yo‘nalishida ma'ruzalar o‘qiladi. Ma'ruzalar filialda haftaning ma'naviy-ma'rifiy ishlarni bajarish bo‘yicha o‘tkaziladigan davra suhbatlari tadbirlar rejasiga asosan olib borilmoqda. Ma'ruzalar filialdagi direktori o‘rinbosarlari, bo‘lim, sex va uchastka boshliqlari tomonidan tayyorlanadi va o‘qiladi. Bundan tashqari, "O‘zbekiston pochtasi" OAJdan, Toshkent shahar Ma'naviyat va ma'rifat bo‘limidan va Xalq demokratik partiyasi Mirobod tumani kengashidan ham ma'ruzachilar taklif etilib, suhbatlar uushtirilapti. Shuningdek, ma'naviyat va ma'rifat bo‘yicha qabul qilingan barcha qonunlar, qarorlar va qonunosti hujjatlari xodimlar bilan birga o‘rganib boriladi.
— Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat!
Sobit AHADOV suhbatlashdi