Pochta sohasida axborot texnologiyalari

17 Fevral 2012
  • Foto:
dan

"O‘zbekiston pochtasi" OAJ Farg‘ona filiali pochta aloqasi texnologiyalari bo‘limida hamisha ish qaynaydi. Bo‘lim mutaxassislari bilan suhbatlar g‘oyatda maroqli kechdi.

Filialning korporativ komputer tarmog‘i orqali elektron ma'lumotlar almashinuvi amalga oshirilayotganiga, mana, to‘rt yildan oshib, elektron pul o‘tkazmalari tizimi xizmatlari ko‘rsatib kelinmoqda. Tizimga filialning barcha shahar, tuman pochta aloqasi tarmoqlari bog‘langan. Axborot xavfsizligini ta'minlash uchun parol himoyasi va axborot xavfsizligi serveri qo‘llanilib, unga Firewall xizmati va tarmoq hujumlarini aniqlovchi avtomatlashtirilgan tizim o‘rnatilgan. Tarmoqda ESET kompaniyasining virusga qarshi (antivirus) dasturi NOD-32 ishlatilmoqda. Elektron pul o‘tkazmalari va pul to‘lovlarini qabul qilish tizimlarida elektron raqamli imzo kalitlari qo‘llaniladi. Kalitlardan E-XAT, E-Hujjatda foydalanuvchi operator va nazoratchilar foydalanmoqda. Ular soni ayni kunda 130 nafardan ortdi.

Pochta aloqasi obyektlari qoshida ochilgan ikkita internet-kafeda internet, elektron pochta va boshqa zamonaviy xizmat turlari ko‘rsatib kelinmoqda. Quvasoy pochta aloqasi tarmog‘ida hamkorlikda yangi internet-kafe  ochildi. Umuman olganda, filialda 233ta komputer ishlab turibdi.

Barcha pochta aloqasi tarmoqlarida OAT "Aloqabank" va boshqa banklar bilan hamkorlikda o‘rnatilgan 150dan ortiq plastik kartochka terminallari orqali aholiga xizmat ko‘rsatilmoqda. Xodimlarning malakasini oshirib borish doimo e'tiborda. 2011 yilning aprel-may oylarida Andijon va Namangan filiallari saralash bo‘limi va pochta almashinuv maskani xodimlarining ro‘yxatga olinuvchi pochta jo‘natmalari nazorati tizimida ishlash bo‘yicha malakalari oshirildi.

Ana shu nazorat tizimiga Farg‘ona va Qo‘qon pochta almashinuv maskanlari va pochta aloqasi tarmoqlaridagi jami 21ta saralash uchastkalarida jo‘natmalar kiritib borilmoqda. Endilikda foydalanuvchilar jo‘natmalar o‘tishini jo‘natmalarning maxsus shtrix-kodlari orqali www.fergana-pochta.uz veb-saytining ro‘yxatga olingan pochta jo‘natmalarini qidirish bo‘limi orqali ma'lumot olishlari mumkin. Bundan tashqari, filialning rasmiy veb-sayti (www.fergana-pochta.uz) orqali pochta sohasi bo‘yicha ma'lumotlar va yangiliklar yoritib borilmoqda. Pochta indekslari; pochta xizmati tariflari; ro‘yxatga olinuvchi xalqaro kiruvchi pochta jo‘natmalari haqida internet orqali ma'lumot olish va boshqalar shular jumlasidandir.

Bo‘lim mutaxassislari pochta jo‘natmalarida yuborilishi taqiqlangan buyumlarni o‘z vaqtida aniqlash maqsadida qator ishlar amalga oshirilayotganligini ham ta'kidlab o‘tishdi. Farg‘ona va Qo‘qon pochta almashuv maskanlari yangi rentgen televizion qurilmalari, ikkitadan metall detektorlar va dozimetrlar bilan ta'minlanibdi.

Filial yetakchi mutaxassisi Dilmurodjon Jo‘rayev pochta aloqasi texnologiyalari avtomatlashtirish bo‘limi ishlarini yuqori aniqlikda tashkil etishga intiladi. Operatorlarning bilimi va malakalarini oshirib borishga mas'ul. Vodiy viloyatlari filiallari xodimlariga ham ro‘yxatga olinuvchi pochta jo‘natmalari nazorati bo‘yicha saboq berdi.

Hozirda axborot texnologiyalarini tushunmagan, tushunishni istamagan odam hech qaysi sohada muvaffaqiyat qozonolmaydi. Ayniqsa, aloqa sohasida. Zamondan ortda qolmay o‘z vazifasini vijdonan bajargan esa o‘z jamoasining ham, elu yurtning ham mehrini qozonadi. Shunday mutaxassislar filialda ko‘plab topiladi. Quva pochta aloqasi tarmog‘i amaliyot zali boshlig‘i Akbarali Adilov, Farg‘ona shahar pochta aloqasi tarmog‘i saralovchisi Shahlo Dadajonova, Rishton pochta aloqasi tarmog‘i saralovchisi Xurshida Sultonovalar ana shundaylar sirasidandir.

Bo‘lim bugungi kun talablarini aqli bilan anglab ezgu ishlarga qilishga qodir yosh yigitlardan tashkil topgan. Hammasi oliy ma'lumotli. Bunyodjon Dadaboyev TATUni tugallab, filialda ish boshlaganiga uch yildan oshib qoldi. Jur'at va shijoat bilan ishlaydi. Chunki kasbga muhabbati kuchli. Ustozi Dilmurodjon yordamida sohada ishlash sir-asrorlarini o‘rgandi.

TATU Farg‘ona filialida tahsil olgan Oybek Qodirovning bo‘limda ish boshlaganiga hali bir yil ham bo‘lgani yo‘q. "Dastlab ishga kelgan kunim juda sevindim. Davr talablari darajasida ishlash uchun barcha sharoitlar bor ekan. Agar yaxshi ustoz hamda kishida o‘ziga ishonch va tafakkur bo‘lsa, hayotda ko‘zlangan oliy maqsadlarga erishish qiyin kechmaydi!" — deydi Oybek.

Mehnatdan zavq olib ishlayotgan, qalblarida yuksalish va ezgulik tuyg‘ulari bilan korxona rivojiga munosib ulushlarini qo‘shishga intilayotgan yoshlarimizga omad yor bo‘lsin.

Hafiza SALYAHOVA, "Xabar"ning Farg‘ona viloyatidagi muxbiri

Mavzuga doir

18 May 2012
O‘zbekistonda elektron pul jo‘natmalari rivoji
Pochta
O‘zbekistonda elektron pul jo‘natmalari rivoji

Ayni paytda "O‘zbekiston pochtasi" OAJning 878ta pochta aloqasi obyekti avtomatlashtirilgan elektron pul jo‘natmalari tizimiga ulangan. 2012 yilning oxirigacha tarmoq miqdorini 972taga yetkazish mo‘ljallangan.

11 May 2012
Jahon pochtasi: Xatlar musobaqasi
Pochta
Jahon pochtasi: Xatlar musobaqasi

Britaniyalik taniqli yuguruvchi ayol Salli Gunnel an'anaviy xat yozish musobaqasining galdagisini o‘tkazdi. Sportchining maqsadi eng yosh va eng yaxshi xat muallifini aniqlash. Musobaqalar Qo‘shma Qirollikning 10ta joyida bo‘lib o‘tadi.

30 Mart 2012
Pochta xizmati: Yangicha yondashuv
Pochta
Pochta xizmati: Yangicha yondashuv

"O‘zbekiston pochtasi" OAJ Qashqadaryo filiali jamoasi bugungi kunda aholi uchun yangi-angi zamonaviy xizmat turlarini tashkil etish, mehnat samaradorligini oshirish borasida ko‘zga ko‘rinarli ishlarni olib bormoqda.