AT-xabarlar
23 Yanvar 2012
Mikrochiplar sohasida jahonda ikkinchi kompaniya — Samsung Electronics Kanadaning smartfonlar ishlab chiqaruvchisi — Research in Motion (RIM)ni sotib olishi haqidagi mish-mishlarni inkor etdi. Shov-shuvlarga Boy Genius Report nashrida RIMni sotib olish uchun koreyslar astoydil harakat qilayotgani-u, kanadaliklarning kompaniya uchun ko‘p so‘rashayotgani va boshqa-boshqa tafsilotlarga bag‘ishlangan maqola sabab bo‘lgandi.
"Shamol bo‘lmasa daraxtning uchi qimirlamaydi" — bu ayni haqiqat. Biroq "shamol" bo‘lmasa-da, RIMning aksiyalari 8 foizga qimmatlashgani bor gap...
AQShda tarmoqda qaroqchilikka qarshi qonun loyihasi — SOPA (Stop Online Piracy Act) ko‘rib chiqilapti. Bu bir qator texnologiya kompaniyalarining noroziligiga sabab bo‘ldi. Xususan, ular orasida Google, Wikipedia singari taniqli nomlarni ham uchratish mumkin.
Amerikaning yirik ovoz yozish va kinosanoat tashkilotlari, jumladan, RIAA (Recording Industry Association of America) va MPAA (Motion Picture Association of America) tomonidan ilgari surilayotgan SOPA qonun loyihasida har qanday turdagi litsenziyalanmagan kontent tarqalayotgan (garchi bu servis xo‘jayini kontent tarqalishiga daxldor bo‘lmasa-da) internet-resursni tarmoqdan uzib qo‘yish ko‘zda tutilmoqda.
Xitoyda internetdan foydalanuvchilar 513 mln. kishiga yetdi. Bunda aholi ko‘proq mobil qurilmalardan foydalanayotgani katta rol o‘ynayotgani mamlakat Tarmoq axborotlari markazi (CNNIC) hisobotida keltiriladi.
O‘z-o‘zidan Chin mamlakatidagi internet-kompaniyalarning moliyaviy ko‘rsatkichlari oshgandan-oshmoqda.
Tayvanning Digitimes internet-nashri xabar tarqatishicha, 2012 yili osiyolik mobil qurilma kompaniyalari jahon bozoriga 25-30 mln.ta atrofida LTE aloqa texnologiyasini qo‘llovchi apparatlarni chiqarishadi — bu shu yili savdoda bo‘ladigan smartfonlarning 4-5 foizini tashkil etadi.
Shuningdek, nashrda keltirilishicha, yil oxiriga borib taxminan 50ta yirik mobil aloqa operatori LTE standartidagi tarmoqlarni ishga tushirishadi.
2015 yilga borib jahonda mobil keng polosali ulanishlar 5 mlrd. foydalanuvchini qamrab oladi. Bu haqda Shvetsiyaning Ericsson kompaniyasi bosh direktori Xans Vestberg CES 2012 ko‘rgazmasida ma'lumot berib o‘tdi. Uning aytishicha, bu borada LTE tarmoqlarning rivoji katta rol o‘ynaydi.
Hozirgi kunda jahonda ishlatilayotgan mobil qurilmalar soni 6 mlrd.dan oshadi, biroq ularning faqat 1 mlrd.tasi keng polosali tarmoqlarga ulangan.
IBM korporatsiyasining Yevropada joylashgan 27ta data-markaziga Yevropa komissiyasining European Union (EU) Code of Conduct for Data Centers — energiya samaradorligi standartlariga muvofiqlik sertifikati topshirildi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur hujjat elektr energiyasiga talab oshib borayotgan sharoitda o‘z data-markazlarida energiyadan oqilona va tejamkor foydalanuvchi kompaniyalarga topshiriladi.