Qarshi, Shahrisabz va Kitobda Yagona oyna markazlari ochildi
06 Yanvar 2012
Yangi yil arafasida Qashqadaryo viloyatining birdaniga uch tumani — Qarshi, Shahrisabz va Kitob tumanlari markazlarida Yagona oyna tamoyili asosidagi yangi savdo nuqtalarining ochilish marosimlari bo‘lib o‘tdi.
Marosimlarda O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligining Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i Baxtiyor Jabborov, "O‘zbektelekom" AK Qashqadaryo filiali direktori Jumanazar Bozorov, tuman hokimlari, faxriylar, nuroniylar, viloyatdagi aloqa korxonalari rahbarlari ishtirok etishdi.
"O‘zbektelekom" AK tomonidan ulgurji sohada ko‘rsatiladigan barcha xizmatlar majmuasining bir joyda bir operator orqali taqdim etilishi mijozlarga xizmatlar ko‘rsatishda qo‘shimcha qulayliklar yaratishi bilan ahamiyatlidir.
Foydalanishga topshirilgan maskanlarda zamonaviy texnologiyalar asosida qurilgan telekommunikatsiya tarmoqlari orqali internet, mobil va statsionar aloqa xizmatlari ko‘rsatiladi. Shuningdek, IP-telefoniya, IPTV, IP-kartochkalar savdosi ham yo‘lga qo‘yilgan.
Yagona oyna savdo nuqtalariga xizmat ko‘rsatish madaniyati bo‘yicha o‘quv kurslarini bitirgan iqtidorli yosh mutaxassislar saralab olindi.
Maskanlarning tantanali ochilish marosimi haqiqiy bayram tusini olib, ishtirokchilar bu yerda yaratilgan qulayliklar bilan tanishdilar.
Aftondil ISMOILOV, "Xabar"ning Qashqadaryo viloyatidagi muxbiri