Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Mirzo Ulugbek Innovation Center»: 1 yil ichida nimalar o‘zgardi?

«Mirzo Ulugbek Innovation Center»: 1 yil ichida nimalar o‘zgardi?

«Mirzo Ulugbek Innovation Center» faoliyatidan lavhalar.

Foto: «Xabar.uz»

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 30-iyun kuni «O‘zbekiston Respublikasida axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirish uchun shart-sharoitlarni tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmonni imzolagan edi.

Mazkur farmon asosida Mirzo Ulug‘bek nomidagi innovatsiya markazi tashkil etilib, iqtisodiyot sohalariga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy qilish, ilm-fan, ta’lim hamda ishlab chiqarish jarayonlarini markazlashtirish, axborot texnologiyalari mahsulotlari ishlab chiquvchilari va buyurtmachilariga qo‘shimcha imtiyozlar, preferensiyalarni taqdim etish belgilandi. Bundan esa mamlakatda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi, dasturiy ta’minot sanoati rivojlanishi, eksportbop AKT-ishlanmalar ko‘lami kengayishi ko‘zda tutilgandi.

Hududiylik tamoyili

Innovatsiya markazi hududiylik tamoyili asosida tashkil qilingan. Ya’ni, AKT mahsulotlarini ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatishni kengaytirish, ishlab chiqaruvchilarga maksimal darajadagi maqbul sharoitlarni yaratib berish maqsadida mamlakatning xohlagan hududida faoliyat olib borayotgan IT-ishlab chiqaruvchilariga mazkur tuzilmaga a’zo bo‘lish huquqi berilgan. Innovatsiya markazining ishlash muddati 10 yilni tashkil qilib, kelgusida uni uzaytirish imkoniyati saqlab qolinadi.

Asosiy yo‘nalishlari

  • Innovatsiya markazi rezidentlariga ichki va tashqi bozorlarga mo‘ljallangan raqobatbardosh AKT loyihalarni amalga oshirishlari uchun xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga ko‘maklashish;
  • oliy ta’lim muassasalari va kasb-hunar kollejlarining «axborot texnologiyalari» mutaxassisligi bo‘yicha bitiruvchilarini ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish;
  • AKT sohasi uchun kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlashni tashkil qilish;
  • iqtidorli yoshlarning startap IT-loyihalarini, axborot texnologiyalari mahsulotlarini ishlab chiqish sohasida istiqbolli yo‘nalishlar bo‘yicha innovatsion loyihalarini amalga oshirishda yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvatlash.

Imtiyoz va preferensiyalar

Farmonga muvofiq, innovatsiya markazi rezidentlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashda qator imtiyoz va preferensiyalar ko‘zda tutiladi.

Birinchidan, 2028 yilning 1 yanvarigacha bo‘lgan muddatga:

  • barcha turdagi soliqlar va davlat maqsadli fondlariga majburiy ajratmalarni, shuningdek yagona ijtimoiy to‘lovni to‘lashdan;
  • o‘rnatilgan tartibda tasdiqlanadigan ro‘yxatlar bo‘yicha O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan, o‘z ehtiyojlari uchun olib kirilayotgan uskunalar, butlovchi qismlar, detallar, uzellar, texnologik hujjatlar, dasturiy ta’minot vositalari uchun bojxona to‘lovlarini to‘lashdan (bojxona yig‘imlaridan tashqari);
  • o‘zi ishlab chiqaradigan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni eksport qilishdan kelib tushadigan valyuta tushumining qismini majburiy sotishdan ozod etilgan.

Ikkinchidan, innovatsiya markazi rezidentlarining xodimlari uchun qo‘shimcha imtiyozlar, jumladan 2028 yilning 1 yanvarigacha olingan mehnatga haq to‘lash ko‘rinishidagi daromadlar jismoniy shaxslarning daromadlaridan olinadigan qayd qilingan stavka bo‘yicha 7,5 foiz soliq undirilishi, fuqarolarning budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga 4,5 foiz stavka bo‘yicha sug‘urta badallari to‘lashlari belgilangan. Bunda soliq solish maqsadida belgilanadigan jismoniy shaxslarning umumiy yillik daromadlari hajmiga kiritilmasligi belgilangan.

Uchinchidan, innovatsiya markazi rezidentlariga o‘zi ishlab chiqargan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni eksport qilishdan kelib tushgan pul mablag‘lari doirasida xodimlarga ish haqini va dividendlarni xalqaro to‘lov kartalariga o‘tkazish yo‘li bilan naqd bo‘lmagan shaklda O‘zbekiston hududida chet el valyutasidagi hisob-kitoblarni amalga oshirish, shuningdek Internet tarmog‘idagi onlayn do‘konlari orqali eksport shartnomasi mavjud bo‘lmasdan ishlar va xizmatlar eksportini chet el valyutasida amalga oshirish huquqi berilgan.

Ilk rezidentlar

Markaz o‘z faoliyatini 2017 yilning 25 avgustida boshladi. Shu kundan boshlab «Mirzo Ulugbek Innovation Center» direksiyasi yuridik shaxslardan markaz rezidenti maqomini olish uchun ilk arizalar qabul qilindi.

2017 yilning 1 oktyabr holatiga ko‘ra, markazga 70 dan ziyod yuridik shaxslar o‘z arizalarini topshirdilar. Ulardan 28 nafari markazning ilk rezidenti maqomini qo‘lga kiritdilar.

Bugungi kunga kelib markaz rezidentlari soni 300dan oshib ketgan.

Rezidentlar byurokratik to‘siqlardan ozod etildi

2018 yilning yanvaridan boshlab «Mirzo Ulugbek Innovation Center» innovatsiya markazi rezidentlari, «Rezident» imtiyozli tarifi ostida amal qiladigan, o‘zida «boshidan oxirigacha» barcha bosqichlarni mujassam etgan bank xizmatidan foydalanishlariga imkon yaratildi. «Mirzo Ulugbek Innovation Center» va AT «Aloqabank» o‘rtasida imzolangan hamkorlik Memorandumida shu imtiyoz nazarda tutildi.

Innovatsiya markazi ishonchli vakil sifatida valyuta hisobini ochishdan boshlab, eksport-import operatsiyalarni amalga oshirishgacha bo‘lgan bank xizmatlari bilan bog‘liq masalalarda rezidentlarning manfaatlarini himoya qiladi.

— Ko‘rilayotgan choralardan asosiy maqsad — rezidentlarni byurokratik to‘siqlarni mustaqil ravishda yengib o‘tish shartidan ozod qilgan holda, ularning ishlarini maksimal darajada yengillashtirishdan iboratdir, — degan edi «Mirzo Ulugbek Innovation Center» Innovatsiya markazi direktori Farhod Ibragimov.

Xalqaro ekspertlar tajribasi

«Mirzo Ulugbek Innovation Center» markazi o‘tgan bir yil vaqt davomida dunyoning ko‘plab taniqli ekspertlari, biznesmenlar, investorlar, yirik kompaniyalar rahbarlari ishtirokida markaz rezidentlari uchun master-klasslar, uchrashuvlar tashkil etdi.

Belorus Yuqori texnologiyalar parki asoschisi Valeriy Sepkalo markazning ekspertiga aylandi va bir necha bor yurtimizga tashrif buyurib, rezidentlarga o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.

Amerikalik biznesmen O‘zbekistonning Kremniy vodiysidagi elchisi bo‘ldi.

Bundan tashqari, «Mirzo Ulugbek Innovation Cente» innovatsiya markazi rezidentlari xorijda tashkil etilgan xalqaro ko‘rgazmalarda ham ishtirok etib qaytishmoqda.

Rezidentlarga imtiyozlar davlat budjetiga tushumlarni kamaytiradimi?

«Mirzo Ulugbek Innovation Center» markazi direktori Farhod Ibragimovning so‘zlariga ko‘ra, rezident kompaniyalar ushbu imtiyozlar sabab ko‘proq xodimlarni rasman ishga olayotgani sababli norezident kompaniyalarga qaraganda davlat budjetiga ko‘proq soliqlar to‘lashmoqda.

Hozirda 319 ta kompaniya MUIC rezidenti hisoblanib, ularda 4500dan ortiq xodim ishlamoqda. 2017-yilda ular 22 mln dollarlik xizmatlarni ko‘rsatib, 1,5 mln dollardan ziyod xizmat va mahsulotlarini eksport qildi. 2021-yilgacha bu ko‘rsatkichni 30 mln dollardan oshirish ko‘zda tutilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring