Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

110 million so‘mlik arzon uylar bir yumalab 210 million so‘mga aylandi

110 million so‘mlik arzon uylar bir yumalab 210 million so‘mga aylandi

Foto: «Uza.uz»

Bundan qurilish tashkilotlari va mas’ul idoralar rahbarlari mamnun bo‘lishlari mumkindir. Ammo aholiga jabr bo‘lmoqda. Buni ular bilisharmikan, his qilisharmikan?..

Prezidentning «2017–2021-yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturi to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq namunaviy loyihadagi uylarning arzon namunalari joriy qilinib, birinchi va ikkinchi tipdagi uylar uchun boshlang‘ich badal puli 25 foizdan 15 foizga kamaytirildi. Bundan ehtiyojmand oilalarning boshi osmonga yetgandi.

Ammo oradan bir oz vaqt o‘tgach o‘sha quvonchdan asar ham qolmadi. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, boshlanishida 2 sotix, 3 xonali uyning bahosi 95-110 million so‘m va boshlang‘ich to‘lovi imtiyozli ravishda 15-16,5 million so‘m miqdorida belgilandi. Ikki-uch yoki uch-to‘rt nafar farzandi bor yolg‘iz onalar, kam ta’minlangan, ehtiyojmand, bir so‘z bilan aytganda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar ushbu 15-16,5 million so‘mni amallab to‘lashga imkon topayotgandi.

Rostini aytganda qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shni, do‘st-birodarlari ushbu uyga muhtoj oilaga davlat tomonidan arzon uylardan biri berilayotganini eshitib, hech bo‘lmaganda boshlang‘ich to‘lovini to‘lashga qo‘llaridan kelgancha yordam berishayotganini eshitgan edik. Afsuski, oradan bir yil o‘tib, ushbu arzon uylarning narxi bir barobar oshirilganini, ya’ni 200-210 million so‘m, boshlang‘ich to‘lovi esa 31,5 million so‘m qilib belgilanganini qanday tushunish mumkin? Bunday fikrlarni jurnalist sifatida emas, ish bilan «Qishloq qurilish bank»ning Toshkent viloyat filialiga borganimda uy uchun boshlang‘ich to‘lovni to‘layotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi vakillarining hasratini eshitib qog‘ozga tushirdim, xolos.

— Garchi tuman hokimiyatidan qo‘lingga haqli ravishda uy uchun tavsiyanoma olsangu, topgan daromadingdan yiqqan-terganlaringni qo‘shib-chatib ham uyning boshlang‘ich badalini to‘lay olmasang odamga alam qilar ekan, — deydi Toshkent tumanidan Noila Ma’rupova. — Bir yil avval 2 sotix, 3 xonali uyning boshlang‘ich badali 15-16,5 million so‘m deb belgilangandi. Qarangki, bir yil ichida 31,5 million so‘mga, ya’ni ikki barobar oshib tursa. Axir kam ta’minlangan, boquvchisi yo‘q, oylik maoshidan tashqari daromadi bo‘lmagan fuqaro amallab 16 millionni yig‘di-yu bir yilda narx o‘zgarib turibdi-da! Endi nima qilish kerak? Oyiga 500-600 ming so‘m olib ishlayotgan, xalqqa mehnati singayotgan, umri bir ish bilan o‘tishga majbur, etagi to‘la farzandli uyga muhtoj oilalar yoxud yolg‘iz ona qaysi puliga imtiyozli uyning boshlang‘ich badalini to‘lay oladi?

Axir mo‘’jazgina 2 sotixli yeri bor 3 xonali uy uchun 31,5 million so‘m o‘rtacha ish xaqi 500-600 ming so‘m bo‘lgan odamlarga to‘g‘ri kelarmikan?

Ishlayapman-ku, bo‘lib-bo‘lib kreditni amallab to‘layman-da, chunki o‘z uyim, o‘z vatanim bo‘ladi deb quvonchdan ko‘zi yongan fuqarolarimizning ayrimlari belgilangan boshlang‘ich badalni eshitib endi yo qarindoshidan qarz olmoqda, yo arizalarini qaytarib olishmoqda. To‘g‘ri-da, o‘zimni misol qiladigan bo‘lsam bir oy ishlab olayotgan 500-600 ming so‘mimga farzandlarimni yedirib-ichiraymi, kiyintiraymi, bog‘chasiga, maktabiga pul to‘layinmi?..

Noila Ma’rupova shunday der ekan, ko‘zlaridan chiqayotgan yoshlarni to‘xtata olmasdi.

— Endi bu uyni kim olsa olsin, men bank aytayotgan 31,5 millionni to‘lay olmas ekanman, — dedi u.

— Sizga yana bir savol beraman. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-apreldagi 285-qarori bilan muhtoj xotin-qizlarga imtiyozli shartlarda arzon uylarni berish tartibi tasdiqlandi. Shundan xabaringiz bormi?

— Xabarim bor. Respublika xotin-qizlar qo‘mitasiga bordim. Ular «Bu qarordan xabarimiz bor. Fond tuzilgan. Ammo fondning mablag‘i hali shakllantirilmagan» deyishdi.

Biz birgina fuqaroning fikrini keltirdek xolos, aslini, ya’ni ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarning fikrini bilmoqchi bo‘lganlarga bankka borib, achchiq bo‘lsa-da, asl haqiqat, asl holatni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishlarini tavsiya etardik...

Toshtemir Murod

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring