Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xushnudbek Xudoyberdiyev

Faqat haqiqatni, barcha haqiqatni, haqiqatdan o‘zga hech narsani…

2 yildan buyon qonun buzilmoqda. Jim kuzataveramizmi?

2 yildan buyon qonun buzilmoqda. Jim kuzataveramizmi?

Illyustrativ foto

Yaqinda homiladorlik va tug‘ish ta’tili nafaqasini ish beruvchi hisobidan to‘lash tartibi 2020-yilgacha uzaytirilgani haqida xabar chiqdi. Shu masalada ancha avval bir muammoni ko‘tarib chiqqandim, lekin hech narsa o‘zgarmadi. Yana qayta eslatmoqchiman.

Mehnat kodeksining 233-moddasiga binoan, ayollarga tuqqunga qadar 70 kalendar kun va tuqqanidan keyin 56 kalendar kun (tug‘ish qiyin kechgan yoki ikki va undan ortiq bola tug‘ilgan hollarda — 70 kalendar kun) muddati bilan homiladorlik va tug‘ish ta’tillari berilib, davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha nafaqa to‘lanadi.

Lekin 2 yildan buyon shu tizim qonunchilikka zid ravishda qo‘llanmoqda. Tushuntirishga harakat qilaman.

2016-yil 27-dekabr kuni Prezidentning PQ-2699-sonli qarori qabul qilindi va uning 23-bandida homiladorlik va tug‘ish nafaqasiga oid quyidagicha qoida belgilandi:

  • ishga qabul qilingan kundan boshlab 6 oygacha – o‘rtacha oylik ish haqining 50% miqdorida;
  • 6 oydan 12 oygacha – ish haqining 75% miqdorida;
  • 12 oydan ko‘proq vaqt – ish haqining 100% miqdorida nafaqa to‘lanadi.

Ushbu qaror davlat rahbari kemiruvchilarga taqqoslagan moliya tizimida ishlagan sobiq mas’ullar tomonidan homilador ayollarning hisobiga budjetni iqtisod qilish uchun ishlab chiqilgan edi (2016 yil dekabrda ularning asosiy qismi hali «egarda» edi). Va, o‘z navbatida, bu xalqaro konvensiyalarga zid qaror edi.

XMTning «Onalikni himoya qilish to‘g‘risida»gi 183-konvensiyasi 6-bandiga binoan, homilador ayollarga beriladigan nafaqa miqdori ish haqining 3 dan 2 qismidan kam bo‘lmasligi kerak. Bu 66 foizdan yuqori degani. Biroq O‘zbekistonda salkam 1 yarim yil davomida homilador ayollarga ish haqining 50 foizi miqdorida nafaqa to‘lab kelindi. Faqat 2018-yil aprel oyiga kelibgina moliya vazirligining yangi tarkibi bunga chek qo‘ydi. O‘zgarishga ko‘ra, 50 foiz qismi olib tashlandi va ishga kirganiga 12 oy bo‘lmagan ayollarga 75 foiz, 12 oydan oshganlarga 100 foiz etib belgilandi.

Xo‘p, mana, tuzatishibdiku, yana nima muammo, demoqchidursiz? Endi buyog‘ini eshiting.

Mehnat kodeksining 286-moddasiga binoan, homiladorlik va tug‘ish nafaqasi homiladorlik va tug‘ish ta’tilining butun davrida to‘liq ish haqi miqdorida to‘lanadi. Garchi oradan shuncha payt o‘tgan bo‘lsa-da, lekin Mehnat kodeksiga tegishli o‘zgarish kiritilgani yo‘q, haliyam TO‘LIQ ISh HAQI bo‘lib turibdi.

Prezident qarori esa qonundan ustun bo‘la olmaydi (bu haqida batafsil o‘qish).

Shu sababli aslida Mehnat kodeksining 286-moddasiga tegishli o‘zgarish kiritilmagungacha homiladorlik va tug‘ish nafaqasi hammaga 100 foiz to‘lanishi kerak va shart!

Biroq 2016-yil dekabrdan 2018-yil 4-aprelga qadar butun mamlakat bo‘ylab 50-75 foiz to‘landi, bugungi kunda esa 75 foiz to‘lash davom etmoqda.

Mabodo ayrim qonuni yaxshi tushunadigan buxgalterlar «hali Mehnat kodeksiga o‘zgarish kiritilmadiku» deya 100 foiz to‘lagan bo‘lsa, «KRU» degan qo‘rqinchli moliyaviy tashkilot tekshiruvlar o‘tkazib, o‘sha buxgalterlarga «ortiqcha to‘langan» pullarni qaytartirishib, intizomiy jazolarga tortishmoqda (ana shunday jabrdiyda buxgalterlardan birining xati ilova qilinadi).

Foto: t.me/xushnudbek

Bu bilan nafaqa pulini ish stajiga qarab tabaqalashtirish qonunga zid, demoqchi emasman. Mayli, agar shu zarur bo‘lsa, tabaqalashtirilsin. Faqat, bu qonun doirasida bo‘lsin!

Aslida 2016-yil 27-dekabrdagi Prezident qarorida hammasi to‘g‘ri yozilgan edi. Xususan, Qarorda Mehnat vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda 2 hafta muddatda homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha nafaqalar tayinlash hamda to‘lash tartibini qayta ko‘rib chiqsin va tasdiqlasin, deya belgilangandi. Ya’ni, bu — «avval hamma qonun hujjatlarini to‘g‘rilab olinglarda, keyin amalga kiritinglar» deganidir.

Biroq bunday tartib, mana, 2 hafta emas, 2 yil o‘tsa hamki, tasdiqlangani yo‘q.

Nima qilamiz, hurmatli mutasaddilar? Qonun buzilishini jimgina kuzataveramizmi yoki biror chora ko‘riladimi? Homilador ayollarning huquqlari hech kimni tashvishga solmaydimi?

Yechim: masalaning yechimi juda oddiy. Shunchaki, to Mehnat kodeksi o‘zgarmagungacha, hamma homilador ayollarga 100 foiz nafaqa to‘lashda davom etish kerak, bo‘ldi. Ortiqcha muammo ko‘rmayapman. Yana ham kim bilsin.

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring