2200-yilgacha Yer aholisi sonini ikki baravar kamaytirish taklif etildi
Xalqaro olimlar guruhi tomonidan Yerga ekologik bosimni kamaytirishga qaratilgan uzoq muddatli demografik ssenariy ishlab chiqildi, deb yozmoqda Sustainable Development jurnali. Bu ssenariy bo‘yicha 2200-yilgacha dunyo aholisi soni hozirgi 8,3 milliarddan bosqichma-bosqich 4 milliardgacha kamayishi mumkin ekan.
Aholi sonining asta-sekin qisqarishi tabiiy resurslar sarfini kamaytiradi, atrof-muhit ifloslanishini cheklaydi, suv, unumdor yerlar va oziq-ovqatga bo‘lgan bosimni yengillashtiradi. Bu esa yovvoyi tabiatning tiklanishi uchun kengroq imkoniyat yaratadi, deyiladi tadqiqotda.
Bu maqsadga hech qanday majburlash orqali emas, faqat ixtiyoriy yo‘l bilan erishish mumkinligi ta’kidlanmoqda. Oilani ixtiyoriy rejalashtirish imkoniyatlarini kengaytirish va, ayniqsa, daromadi past mamlakatlarda qizlarning ta’lim olishini qo‘llab-quvvatlash eng samarali yo‘l ekani qayd etilgan.
«Ayollar farzandlar sonini mustaqil hal qila olgan joylarda tug‘ilish darajasi, odatda, aholi sonini barqaror saqlash uchun zarur bo‘lgan ko‘rsatkichga yoki undan ham past darajaga tushadi», — deyiladi tadqiqotda.
Mualliflar fikricha, bunday yondashuv, ayniqsa, suv va boshqa resurslar tanqis bo‘lgan hududlar uchun muhim ahamiyatga ega. Aholi sonining sekinroq o‘sishi iqtisodiyot va infratuzilmaga tushadigan bosimni kamaytirib, uzoq muddatda hayot sifatining yaxshilanishiga xizmat qilishi mumkin.
Gap shoshilinch yoki keskin choralar haqida emas, balki qariyb ikki asr davomida tabiiy tarzda kechishi mumkin bo‘lgan demografik o‘zgarish haqida ketayotganini olimlar alohida ta’kidlashgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter