Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Abdulla Avloniy haqida badiiy film suratga olinadi

Abdulla Avloniy haqida badiiy film suratga olinadi

Buyuk jadid allomasi Abdulla Avloniy tavalludining 140 yilligi munosabati bilan «Avloniy» nomli film suratga olinadi. Bu haqda «Xabar.uz»ga kartina rejissyori assistenti Otabek Ibragimov ma’lum qildi.

Kinoasar «O‘zbekkino» buyurtmasi bilan Tohir Malikning «Qaldirg‘och» romani asosida yaratilmoqda. Ssenariy muallifi — Tohir Malik va Muqaddas Usmonova. 

«Avloniy» to‘liq metrajli badiiy filmi Abdulla Avloniyning 1919-yildagi Afg‘on diyoriga qilgan diplomatik safari haqida bo‘lishi aytilmoqda.

«Abdulla Avloniy  — keng qamrovli inson. U shoir, dramaturg, murabbiy, ilk darsliklar muallifi, «Maktab», «Nashriyot» shirkatlarining muassisi, o‘zbek teatrining asoschisi, «Turon» teatr truppasi tuzuvchisi, Turkistonning Afg‘onistondagi birinchi muxtor elchisi, diplomat bo‘lgan. Tasvirga olinishi kutilayotgan filmda Avloniyning faoliyatidagi barcha sohalar qisman bo‘lsada ko‘rsatib beriladi»,- deydi Otabek Ibragimov.

Yangi film ijodkorlarining asosiy maqsadi Abdulla Avloniy obrazi timsolida o‘sha davrda yashab, faoliyat yuritgan, millat va yurt uchun kurashgan ziyolilarning hayoti bilan yosh avlodni tanishtirish, ularda Vatanga muhabbat, millatparvarlik, ajdodlarga nisbatan faxr va g‘urur tuyg‘ularini shakllantirishdan iborat.

Filmni tasvirga olish jarayonlari tez kunlarda o‘z ishini boshlaydi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring