Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Adashtirilgan» bolalar. Ular mehr taftini tuyub ulg‘ayishga haqli edi

«Adashtirilgan» bolalar. Ular mehr taftini tuyub ulg‘ayishga haqli edi

Foto: «ng72.ru»

– Shu ko‘zoynakni  egasiga qaytarishim kerak, har gal esimdan chiqib mashinada qolib ketyapti-da.

– Oyijon, bu kimniki o‘zi?

– Nilufar xolangniki, o‘g‘lim.

– Voy, oyijon, Nilufar xolamnikimidi? – Shu onda bolajonning xursandligi ovoziga qo‘shilib jarangladi, go‘yo. – Bir necha marta kimnikiligiga qiziqdim. Dadamdan so‘ramoqchi bo‘ldim, ayollarnikiligiga indamagandim...

Endigina o‘n ikki yoshni qarshilagan jiyanimning «Ayollarnikiligiga indamagandim» degan so‘zlari dadasini, oyisini hatto meni ham  hayratlantirdi. Shu onda qarshimda bir og‘iz so‘zi bilan o‘zi ulg‘ayayotgan oila atalmish muqaddas oshyonga shubha-gumon oralashiga aqli yetib, bemavrid savoldan tiyilgan kichkina oila himoyachisini ko‘rdim.

Oila – qo‘rg‘on. Bu qo‘rg‘onning qanchalik mustahkamligi, avvalo, shu oshyonning ustunlari, ya’ni ota-onaning qo‘lida. Oilaning quvonchi esa farzand, u mehr-muhabbat mevasi, muqaddas rishtalarini mustahkam bog‘lab turuvchi ne’mat deymiz. Qaysiki, oilada ahil-inoqlik, mehr-oqibat bo‘lsa, shu oila tinch-totuvlikda baxtli hayot kechiradi. Bu oshyonda ulg‘ayayotgan farzandlarning ham ongu shuuriga, qalbiga oila muqqadas qo‘rg‘on ekanligi jo bo‘ladi. Vaqti kelib o‘spirin yigit-qizlar turmush quradi, farzand ko‘radi. Endi u tosh tepib yurgan bola yoki «lov» etib yonib, bir zumda o‘chadigan olov o‘smir emas, bir oilaning boshi. Hayotining mazmuniga aylangan oshyonni ko‘z qorachig‘idek asrovchi oilaparvar inson.

Yuqorida guvohi bo‘lganimdek, shu oshyonning qadri unda ulg‘ayayotgan bolalarga to‘g‘ri tarbiya berish orqali tobora oshib boraveradi. Demak, jiyanim kelajakda, albatta, oilasining qalqoni bo‘ladi. Bu umid dilimga qanchalar yorug‘lik olib kirgan bo‘lsa, yaqinda ota-onasi tug‘uruqxonaning o‘zida tashlab ketgan uch chaqaloq Moskvadan yurtimizga olib kelingani haqida o‘qib, vujudimda hayrat aralash nafrat hissi isyon qildi. O‘z zurriyotidan voz kech kechish orqali ota-onalikni ham rad etganlar qanday tarbiya ko‘rgan ekan-a? Farzand bir buyum yoki o‘yinchoqmidiki shunchaki voz kechib yoki tashlab ketilsa. «O‘zbeklardek bolajon xalqni boshqa joyda uchratish qiyin», «O‘zbeklar o‘zinimas bolasini deydi, bolasi kulsa kuladi, kuysa kuyadi», «O‘zbek farzandining shirin tashvishlariga butun hayotini sarf etadi» kabi ta’riflar qachon eskirib ulgurdi? Yo‘q, bizning o‘zbekligimizga, o‘zligimizga monand bu ta’riflar eskirmagan. Faqat keyingi paytda oramizda nimalarnidir vaj qilib, ota-ona degan nomga noloyiq ekanligini isbotlayotganlar borligi achinarli.

Xabarning davomida xorijda o‘z farzandidan voz kechish holatlari uchrab turishi va o‘tgan yili yurtimizdagi voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga ota-onasi voz kechgan 45 nafar bolalar MDH davlatlaridan olib kelingani ta’kidlangandi. Bu 45 nafar bolaning ham risoladagidek oilasi, ota-onasi, yaqinlari bo‘lishi mumkin edi. Ammo ular  endi – yetim. To‘g‘ri, ular davlatning e’tiborida, hech bir boladan kam bo‘lmagan sharoitda o‘qib-o‘rganadi, o‘sib ulg‘ayadi.

Shu o‘rinda meni tashvishga solgani ular hayotida oiladek kemtiklikni hech bir to‘kislik bilan to‘ldirib bo‘lmasligida bo‘lsa, yana biri ana shunday bolalar ulg‘aygani sayin o‘zini kamsitilgan his etish tuyg‘usi ta’sirida to‘g‘ri yo‘lidan adashib, hayotda qoqilish ehtimolining yuqoriligi. Yuqoridagi bolajon mehr oshyonini qanchalar daryodillik bilan asrayapti. Balki bu bolalardan voz kechishmaganda, oilasi bag‘rida, yaqinlari ardog‘ida bo‘lishganda ular ham shunday qilishardi. Payti kelib, ularni qaysidir vajni ko‘rsatib tashlab ketgan ota-onasi izlab ham kelishi mumkin. Unda yo‘qotilgan vaqtni, ayniqsa, tarbiyada boy berilgan muddatni ortga qaytarib bo‘lmaydi-ku. Yoki bu gunoh shunchaki kechirilaverarmikin?

Qaldirg‘och tumshug‘ida misqollab loy tashib uya quradi. Polaponlariga tinim bilmay oziq tashiydi. Ular uchirma bo‘lgunicha uyasi atrofida gir aylanib, charx uradi. Siz buni kuzatganmisiz? «Bolasini tashlab ketibdi», «Voz kechibdi», «Falon joyning eshigidan chaqaloq topilibdi» hatto «Bolasini buncha pulga sotayotgan ekan» degan gap-so‘zlar qulog‘imga tushganda, oramizda bir qushchalik mehri yo‘q insonlar ham borligidan afsuslanaman.

Bir paytlar bobom aytib bergan hayotiy voqea esim tushib qoldi. Ikki aka-ukaning kichigi kasallikdan qazo qilgan. Qora qozoni zo‘rg‘a qaynab turgan aka ukasidan qolgan o‘g‘ilni «Yesirimni ko‘chaga chiqarmayman», deb farzandlikka olib, kelinini uzatgan. Oiladagi mehr-oqibat, tarbiyaning kuchini qarangki, shu o‘g‘il ota-onasi boshqaligini bilmay ulg‘aygan. Keyinchalik bu sir oshkor bo‘lganda ham bolaning amakisiga mehri ortsa ortganki kamaymagan, hatto o‘z farzandlaridan-da ko‘proq hurmat-izzat ko‘rsatgan. Buni minnatsiz muruvvatga yarasha chin mehr mukofoti, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Bir etak bolasi bilan zo‘rg‘a kun ko‘rayotgan kambag‘al dehqonning bag‘ri, qalbi, ko‘ngli qanchalar kengligini anglaganim sayin, o‘z farzandidan voz kechayotganlarni kim deb atashga o‘ylanyapman.

Yaqin dugonalarimdan birini bolalar uyidan asrab olishgan. Ota-onasi yaxshi insonlar. Hozir dugonamning risoladagidek oilasi, ikki farzandi, eng muhimi, oilaparvar turmush o‘rtog‘i bor. Bir qarashda hayoti to‘kisdek ko‘rinadi. Aslida ham shunday. Ammo u o‘zaro suhbatlashganimizda bot-bot «Hayotimdan nolimayman. Nolisam noshukurlik bo‘ladi. Ammo kimligingni bilmay yashash qanchalar qiyin, ota-onam nega mendan voz kechishganini o‘ylamay deyman-u, shu savol tubiga ba’zan cho‘kib ketaman. Bir kuni o‘z ota-onam qidirib keladi, degan o‘y yuragimni ezadi. Ayniqsa, biror to‘y-ma’rakaga borsam, «Falonchini «o‘sha» qizimi» degan pichir-pichirlar qulog‘imga tushib qolganda, ota-onam va turmush o‘rtog‘imning mehridan, farzandlarimning kulgusidan taskin topaman», – deydi dugonam. Uning panohi – oilasi tengsiz mehr oshyoni. Ammo barcha tashlab ketilgan bolalarning taqdiri shunday emas-da. Sinovlarda toblana-toblana, taslim bo‘lmay qaddini tik tutib, jamiyatda o‘z o‘rnini topib, nursiz hayotiga o‘zi rang olib kirganlaram ko‘p. Bundaylarni yengilmas, sobitqadam desak to‘g‘ri bo‘ladi.

Ertakda adashtirilgan Zumradga achinishimiz rost. «Ota-onasi tashlab ketgan ekan» degan so‘zdan bir on sukut bilan og‘ir nafas olishimiz ham. Biz bo‘g‘zimizga tiqilgan bu og‘riqli nafasni bir ongina his etamiz, xolos. Ammo bir umr  yurakda og‘riq bilan yashash qanchalar qiyin. O‘zini «xato» deb bilishning so‘rog‘i-chi?.. Taqdirga bitilgan bu achchiq qismat yukini ko‘tarish-chi? Bunday javobsiz  savollar hech kimni ta’qib qilmasligini, hamma-hamma oilasi, yaqinlarining mehri taftini tuyib, bir-birini asrab, ardoqlab yashashini xohlardim, ammo...

Eng maqbul xulosa o‘zingizdan.

Gulnoza Turg‘unboyeva

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring