Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Adliya vazirligi korrupsiyaga qarshi kurashishda vazirliklar orasida yetakchi

Adliya vazirligi korrupsiyaga qarshi kurashishda vazirliklar orasida yetakchi

Foto: «Xabar.uz»

Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi tomonidan davlat tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi faoliyati bo‘yicha reytingi aniqlandi.

E’tiborli jihati, Adliya vazirligi mazkur reytingda korrupsiyaga qarshi kurashda yuqori samaradorlikka erishgan davlat organlari qatoridan o‘rin oldi.

Vazirlik o‘z tizimida jamiyat taraqqiyotiga, fuqarolar manfaatlariga putur yetkazuvchi korrupsiyadek illatdan qutilish uchun ayovsiz kurash olib bormoqda.

Xususan, korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarni oldini olish maqsadida adliya organlari va muassasalari tomonidan 7 071 ta huquqiy targ‘ibot tadbirlari amalga oshirildi. Jumladan, televideniyeda 181 ta, radioda 253 ta, gazeta va jurnallarda 291 marta chiqishlar qilindi. 2 226 ta o‘tkazilgan tadbirlarda ma’ruzalar qilindi. 2 266 ta davra suhbati, 948 ta seminarlar, 1 ta ilmiy amaliy konferensiya tashkil qilindi.

Sohaga doir 2 ta o‘quv qo‘llanma, 8 ta risola tayyorlandi. 593 nusxada 133 taplakat, 11 112 ta nusxada 104 ta buklet tayyorlandi.

Tizimda korrupsiya va huquqbuzarliklarni oldini olish maqsadida bir qator ichki direktiv hujjatlar qabul qilingan. Jumladan, fuqarolarga davlat xizmatlari ko‘rsatuvchi xodimlarning o‘z ishiga qanchalik halol va vijdonan yondashayotganini aniqlash maqsadida 2018-yil 23-fevralda tegishli buyruq qabul qilinib, muntazam ravishda «sirli mijoz» tadbiri o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.

Xususan, joriy yilning o‘tgan davrida adliya organlari tomonidan 172 nafar «sirli mijoz» tadbirlari o‘tkazilib, ularning natijasi bo‘yicha 64 nafar xodim intizomiy javobgarlikka tortildi, shundan 4 nafari egallab turgan lavozimidan ozod qilindi.

Davlat notarial idoralari, FHDYo organlari va davlat xizmatlari markazlarida ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatiga baho berish uchun 428 ta reydlar o‘tkazilib, natijada 225 nafar xodimlarga intizomiy jazo choralari qo‘llanildi (198 nafar xodimga «hayfsan», 24 nafar xodimga «jarima», 3 nafar xodim egallab turgan lavozimdan ozod qilindi).

Xodimlarni odob-ahloq qoidalari hamda jamiyatda qabul qilingan xulq-atvor normalari va qoidalariga rioya etishga ishontirish, g‘ayriijtimoiy xulq-atvorning ijtimoiy va huquqiy oqibatlarini hamda huquqbuzarlik sodir etganlik uchun qonunda belgilangan javobgarlikni tushuntirish maqsadida 942 nafar xodimlar bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazildi.

Bundan tashqari, notariat tizimida yuzaga kelayotgan korrupsion holatlarni oldini olish va ularga qarshi keskin kurashish maqsadida 2018-yil 1-fevraldan boshlab notarial harakatlar amalga oshirilganligi uchun to‘lovlarni elektron mobil ilovalar orqali to‘lash tizimi joriy etildi.

Bunda to‘lov kvitansiyalari «Billing» tizimi orqali avtomatik ravishda shakklantirib, chiqarib beriladi.

To‘lov amalga oshirayotgan shaxs qancha to‘lashi kerakligini to‘lovni amalga oshirmasdan to‘lov kvitansiyasiga qarab bilib olishi va e’tirozi bo‘lsa notariusning o‘ziga yoki «1008» ishonch telefoniga murojaat qilish mumkin.

Korrupsiyaga qarshi holatlarni oldini olish maqsadida respublikadagi barcha notariuslariga o‘zlari tomonidan undirilgan pullik xizmatning 80 foizi miqdorida qo‘shimcha ustamalar berib kelinmoqda.

Xodimlar xatti-harakatlaridan norozilik haqida kelib tushgan murojaatlar tahlili vazirlikning kengaytirilgan yig‘ilishlarida muhokama qilinib, xodimlarning reytingi shakllantirilmoqda. Reytingga xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yayotgan, ustidan aholi shikoyat yo‘llayotgan, ijtimoiy tarmoqlarda tanqidga uchrayotgan, fuqarolarning murojaatlariga befarq qarayotgan xodimlar kiritiladi. Bu reyting ta’bir joiz bo‘lsa, katta chuqurlik. Undan chiqishni eplay olmaganlar adliya xodimi bo‘lishga loyiq emas. Sohada faqatgina xalqqa fidoyilik bilan halol xizmat qiladiganlargina faoliyatini davom ettira olishi uchun barcha choralar ko‘riladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring