Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tursunali Akbarov

Yig‘lab borma, ho‘ngrab chiqadi!

Yana Farg‘ona: mulk, hokim, MXX...

Yana Farg‘ona: mulk, hokim, MXX...

Kollaj: «Xabar.uz»

Muammo yechim topadiganday edi. Axir shikoyati yuzasidan fuqaroning uyiga viloyatning birinchi rahbari shaxsan keldi, ko‘nglini ko‘tardi, yupatdi, pirovardida va’dani quyuq qildi: «...yana yozuv-chizuv qilib yurmanglar, hammasini hal qilamiz...».

O‘shanda 2014-yil oxirlab qolgandi, u paytlar katta amaldorning mazlum fuqaro huzuriga kelishi salkam ertak hisoblanib, bunday saodat har kimga ham nasib etavermasdiki, o‘z uyida «tirik» hokimni ko‘rib turgan odam uning va’dasiga qandoq ishonmasin? 

Viloyat kattasining kutilmagan tashrifiga sabab masalaning dolzarbligidan ko‘ra nozikligida edi.

Gap shundaki...

...2000-yil oxirida Farg‘ona shahrining Sayilgoh (sobiq T.Qambarov) ko‘chasida 56 ta xonadondan iborat 4 qavatli uy qad rostlaydi. Komissiya taqsimotiga ko‘ra shu uylardan beshtasi quruvchi tashkilot — «Bashorat» MChJga ulush tariqasida ajratiladi. Bu ajratilgan beshta kvartira «Bashorat»ning happa-halol mulki degani, tamom! Biroq oradan yetti yil o‘tib (2007 y.), Farg‘ona shahar hokimi ushbu beshta kvartirani sobiq MXX viloyat boshqarmasi xodimlariga xizmat xonadoni sifatida berib yuboradi.

Oradan o‘n bir yil o‘tdi.

Bu vaqt oralig‘ida nimalar bo‘lmadi deysiz?!

Eng katta musibat «Bashorat» MChJ ta’sischisi va rahbari, o‘ta mehnatkash va kamsuqum To‘raxo‘ja Obidovning to‘satdan (50 yoshida) vafot etgani bo‘ldi. Hali musibat asorati ketib-ketmay MChJ faoliyati jiddiy elakdan o‘tkazilib, bo‘rttirilgan ma’lumotlar asosida dalolatnoma bitildiki, shuning o‘zi jinoyat ishi qo‘zg‘atishga kifoya qildi (bu endi alohida mavzu). Ustiga ustak, rahmatlining to‘ng‘ich farzandi va merosxo‘ri Shuhrat Obidov jiddiy xastalikka chalinib, ikkinchi guruh nogironiga aylandi. Buyam kamlik qilganday marhumning o‘zi «0»(nol)dan qurgan Oltiariq tumanidagi asfalt ishlab chiqarishga mo‘ljallangan korxonaga  naq Toshkentning o‘zidan «xaridor» kelsami?!. «Xaridor», o‘zining aytishicha, ayni paytda davlatga xiyonat qilganlikda ayblanib umrbod  ozodlikdan mahrum etilgan qudratli generalning «odami» ekan: «...Korxonani bizga sotasan, bu sen uchun — shans, yesli chto‘, shundoq olvolishga kuchimiz yetadi...». Bunday «taklif»ga rad javobini bermoq o‘sha paytda aytishgagina oson edi, ko‘pni ko‘rgan odamlar «maslahati» bilan  marhumning xasta merosxo‘ri bunga rozi bo‘ldi. Qayd etish kerak, korxonasi tekinga berilgani yo‘q. Ammo to‘langan pul «kelishuv»da ko‘zda tutilmagan, biroq yangi egalari tomonidan egallab olingan xomashyo va transportlar bahosiga yetmasdiki, qolganini tasavvur qilavering!..

Foto: «Xabar.uz»

Shu tariqa bir insonning ongli umri davomida katta mashaqqat evaziga topgan-tutganlari «egasini tanib» ketaverdi...

Biroq hozir gap beshta kvartira haqida ketmoqda, xolos.

Alqissa, uzoq va azobli muolajalardan so‘ng bir qadar oyoqqa turgan Shuhrat Obidov qonuniy mulklarini qaytarib olish harakatiga tushdi. Avvaliga Farg‘ona shahar hokimiyati ostonasiga bosh urdi: «bizning mulkni boshqaga bervorganingiz nimasi?».

Shahar hokimi o‘rinbosarining javobini qarang (15.07.2014y. №2010-01-22):

«...Farg‘ona shahar hokimining 2000-yil 29-dekabr kungi 1419-qaroriga asosan sizga tegishli bo‘lgan Farg‘ona shahar T.Qambarov ko‘chasidagi 5 ta (3 ta 3 xonali, 2 ta 4 xonali) uy-joylar  shahar hokimining 2007-yil 14-avgust kungi 681-qaroriga asosan MXX Farg‘ona viloyat xodimlariga xizmat turar-joyi sifatida berilgan.

Shunga ko‘ra... hokimlik sizga uy-joy berish masalasini rad qilishini ma’lum qilib, javob xatidan norozi bo‘lsangiz, belgilangan tartibda sudga murojaat qilish huquqingiz borligini ma’lum qiladi.

Shahar hokimining o‘rinbosari,
Uy-joy hay’ati komissiyasi raisi N.Nazarov».

Foto: «Xabar.uz»

Ko‘rib turibsiz, bunaqa javob fuqaro ustidan kulishdan boshqa narsa emas. Rost-da, javob xatidan birovning xususiy mulki boshqaga berib yuborilayotgani inkor qilinayotgani yo‘q. Bunday xatti-harakatiga na asos ko‘rsatmoqda, na izoh. Uning o‘rniga muqobil taklif haqida-ku churq etilmaydi. Hammasidan o‘tib tushgani shuki, birovning mulkini boshqaga bervorish vakolati yo‘q amaldor mazlumga «sudga murojaat qilish huquqi bor»ligini tushuntirib, «donolik» ham qilayotir?! Qonun-ku, bunga yo‘l berar, ammo amaliyot-chi? O‘sha paytda hokimning «mehribonligi»ni sudda muhokama etishga jur’at etmoq shakkoklik bilan barobar ediki, shundog‘am talanib yotgan sag‘irlarda yurak nechta? Qisqasi, yuqoridagi javob, o‘sha payt nuqtai nazaridan, arablarning mashhur maqolini yodga soladi: «Sahroda bitta bozor – xohlagan bozoringga bor!».

Shahar hokimi o‘rinbosarining turgan-bitgani mazax bo‘lgan yuqoridagi javobidan (bu mazmundagi xatdan hokim bexabar qolishi mumkinmas) so‘ng Shuhrat Obidov poytaxtdagi nufuzli idoralarga shikoyat yozdi. Haytovur, uning shikoyati insofliroq mas’ul qo‘liga tushib, «hoy, qaranglar!» degan ma’noda jiddiyroq gap aytilgan chog‘i, viloyat hokimi Obidovlar xonadoniga shaxsan borishining sababi, ehtimol, shundadir...

Muammo hal etilganday edi go‘yo: «qulog‘ini ushlab ketgan» beshta kvartira evaziga shahar hokimligi balansidagi «dom»lardan taklif qildi. Bu taklifning e’tiborga molik nuqtalari yetarli: avvalo hokimlik bevosita xatosini tan olayotir; ikkinchidan, beshta kvartiraning aynan o‘zini qaytarish imkoniyati yo‘q darajada ekanini ham anglatadi; uchinchidan va, eng muhimi, muammo yechimi uchun real harakat boshlandi...

Biroq holva degani bilan og‘iz chuchimas ekan-da.

Hokimiyat balansidagi kvartiralarning holati ma’lum (yo‘qsa, hokim Obidovlar mulkiga ochiqdan-ochiq chang solarmidi?): aksariyati birov istiqomat qilmayotgani vaji bilan sudning sirtdan chiqarilgan qarori asosida («egalik huquqi yo‘qoltilgan» deb) «olib qo‘yilgan» uylar hisoblanadi. Bunaqa kvartiralarning xarobligi mayli, biroq ma’lum vaqt o‘tib, egalari paydo bo‘ladiki, ko‘ring tomoshani?! Va’da qilingan kvartiralar hali qo‘lga tegib-tegmay Shuhrat Obidov shunaqa «tomosha»larni ko‘rishga ulgurdiki, shundog‘am muammolar girdobidagi odamga bunaqangi g‘urbatlar tamoman ortiqchalik qiladi.

Foto: «Xabar.uz»

Shu tariqa muammo muallaq qolgach, hokimlik tomonidan boshqa taklif ilgari surildi: «Har bir oila a’zongiz uchun uy-joy qurishga olti sotixdan yer beramiz, ma’qulmi?..».

— O‘zimizning uylarni qaytarib beraqoling, hokim buva.

— Aytdim-ku, iloji yo‘q...

Nachora, ikkinchi taklif chakki emas, biroq qurilish qilmoqqa imkon qayda?

— Bu yog‘ini o‘ylamanglar, kredit olib beraman...

Bundan yaxshirog‘iga umid qilmagan Obidovlar yana murosaga borishdi.

Tegishli qaror ko‘pam hayallamadi. Ammo hokimlik yana g‘irrom yo‘lga o‘tgandi. Obidovlar oilasiga doxil olti nafar fuqaroning har biriga olti sotixdan ajratilgan joy shu xonadonga tegishli «Bashorat» MChJning «Issiqxona»si yer maydonlari edi! Buni «Sopini o‘zidan chiqarish» deysizmi yoki «O‘zinikini o‘ziga yedirish»mi – tanlab olavering! Bunaqa «o‘yin» ketayotgan paytda kredit haqidagi va’da nasiya bo‘lishini ilg‘ash uchun katta aql shartmas.

Shu ishga «kirishilganigayam» to‘rt yildan oshdi. Hokim – o‘sha, mazlum — o‘sha, muammo — o‘sha... Harakat boru, natija yo‘q.

...Bir qarashda muammo kattaga o‘xshamaydi (yanayam to‘g‘risi, kimga qanaqa?). Mulkiy mojarolar ozmunchami? Ammo masalaga bosibroq qaralsa, endi muammo nozikligidan ko‘ra dolzarbligi ko‘proq bo‘y ko‘rsatadi. Huquqni muhofaza qilish organlari, xususan, endilikda MXXdan DXXga aylangan tizim xodimlarining ijtimoiy muhofazasiga e’tibor qaratish kerakmi? Albatta! Joylarda bu masala hududiy hokimiyat zimmasiga tushadimi? Shunday. Hokimlik zimmasidagi vazifani birovning burnini qonatish evaziga ado etadimi? Hokimiyatning g‘irromona xatti-harakatlari   yangilanayotgan DXXga nisbatan odamlarda o‘zgacha qarash shakllanishi ehtimolini yuzaga keltirmoqda. Masalaning og‘riqli jihati shu-da. Ikkinchidan, viloyat hokimi «og‘zi polvonligi» bilan shuhrat qozonganining sirli joyi qolmagan. «Og‘zi polvon» rahbarning ishiyam polvon bo‘lishi kerak-da. Mamlakat rahbari har ikki gapining birida «odamlarni rozi qilish»ni talab qilib turganda mazlumlar mushkulini oson qilishga nahot yillar kamlik qilaversa?! Holbuki, ular muravvat emas, adolat so‘rashayotir...

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring