Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Afg‘on urushi faxriysi G‘ijduvon bozorida arava tortib kun kechirmoqda

Afg‘on urushi faxriysi G‘ijduvon bozorida arava tortib kun kechirmoqda

Foto: «Uza.uz»

Kecha, 15-fevral kuni sobiq sovet askarlarining afg‘on hududidan olib chiqib ketilganiga 30 yil bo‘ldi.

Buxorolik Abdurahim Saidov 1980 – 1983-yillar oralig‘ida afg‘on urushida qatnashdi. Naqd jahannamning o‘zginasidan tirik qaytgan urush faxriysi bugun Buxorodagi dehqon bozorida arava tortib kun ko‘rmoqda, deb yozadi «O‘zA».

Abdurahim Saidov Buxoroning chekka bir qishlog‘ida, kichik bir hovlida oilasi bilan yashaydi. Yoshi oltmishga borib qolganiga qaramay, har tong erta uyg‘onib, G‘ijduvon bozoriga shoshiladi. Urush faxriysi bu yerda aravada yuk tashiydi.

U og‘ir mehnatdan qochmaydi. «Aravaning yuklari afg‘on urushi xotiralaridek og‘ir emas», deydi faxriy. U azaldan hayotning uncha-muncha qiyinchiliklarini pisanda qilmagan. Urushning dahshatli kunlariga guvoh bo‘lgan. Harbiy operatsiyalarda qatnashgan va sog‘-omon uyiga qaytib kelgan.

U o‘z qishlog‘ida har bir o‘tgan kunidan rozi bo‘lib yashab kelmoqda. Abdurahim aka askarlikni o‘tab qaytgan davrda olgan hujjat, medal va suratlarini saqlab keladi.

Foto: «Uza.uz»

Vaqti-vaqti bilan ularni sandiqdan olib, bir ko‘zdan kechiradi. Nevaralariga xotiralarini so‘zlab beradi, televizor orqali harbiy parad va bayramlar namoyish etilganda, ularni zavq bilan tomosha qiladi.

Urush tugagan, oradan 30 yildan ortiq vaqt o‘tdi, lekin inson ko‘ngli baribir kichik bo‘lsa-da, e’tiborga muhtoj qolaverar ekan. Abdurahim Saidov bozorda arava tortib kun ko‘rar ekan, uni ham bir kuni yo‘qlab qolishlarini orzu qiladi.

Uning zamonaviy bo‘lmasa-da, ko‘krak qismiga medallar ilingan odmi kostyum-shimi bor. Bu medallar esa qahramonona xizmatlari uchun berilgan, unut bo‘lishga loyiq emas.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring