Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

AKT vazirligi VPNdan foydalanganlik uchun jazo belgilanishi mumkinligi haqidagi xabarlarni inkor etdi

AKT vazirligi VPNdan foydalanganlik uchun jazo belgilanishi mumkinligi haqidagi xabarlarni inkor etdi

Foto: «Mitc.uz»

Normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portaliga O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi hujjat loyihasi muhokamaga qo‘yildi.

Unda Jinoyat kodeksiga telekommunikatsiya tarmog‘iga noqonuniy (ruxsatsiz) kirish to‘g‘risidagi qo‘shimcha modda kiritilishi taklifi bildirilgan. Jumladan, loyihada «telekommunikatsiya tarmoqlaridan foydalanish, himoya tizimlarini o‘rnatgan holda xalqaro trafiklarga kirish maqsadida noqonuniy (ruxsat etilmagan) tarmoqlarga kirish, shuningdek, ushbu maqsadlarda maxsus dasturlar va apparat vositalarini o‘rnatish va saqlash uchun noqonuniy (ruxsat etilmagan) telekommunikatsiya tarmoqlariga kirish» uchun jazo taklif qilingan.

Ushbu modda talablarini buzganlarga eng kam ish haqining 100-300 baravarigacha miqdordagi jarima yoki 3-5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi ko‘zda tutilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligidan «Xabar.uz»ga ma’lum qilishlaricha, ushbu hujjat ayrim ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda noto‘g‘ri talqin qilinmoqda. Jumladan, bu modda bilan VPN-tarmoqlar, VPN-kanallar, proksi-serverlardan shaxsiy maqsadlarda yoki biznes uchun foydalanish cheklanadi, degan fikrlar yangray boshladi.

«Jinoyat kodeksiga kiritilishi taklif etilayotgan o‘zgarishlar tijorat asosida xalqaro so‘zlashuvlarni tashkil etish bo‘yicha noqonuniy  faoliyat olib boruvchi shaxslarga qarshi qaratilgan. Gap xalqaro trafikning o‘tkazilishi haqida ketyapti», — deya izohladi AKT vazirligi vakili.

Demak, bu taklifda axborot yoki axborot resurslaridan foydalanishni, shuningdek, buning uchun VPN-tarmoqlar, VPN-kanallarni, proksi-serverlarni shaxsiy maqsadlarda yoki biznes uchun foydalanishni cheklash masalalari ko‘zda tutilmagan.

Kodeksga kiritilishi taklif qilingan ma’muriy javobgarlik haqidagi band esa telekommunikatsiyalar tarmog‘iga noqonuniy (ruxsatsiz) ulangan shaxslarga qaratilgan. Misol uchun, foyda olishni maqsad qilmagan holda telefon aloqasi va internetdan bepul foydalanish uchun parollarni buzib, qo‘shnisining telefon yoki Wi-Fi tarmog‘iga ulanib olgan shaxslarga qo‘llaniladi.

«Tahlillar so‘nggi vaqtlarda Wi-Fi tarmoqlariga ruxsatsiz ulanish holatlari ko‘p uchrayotganini ko‘rsatmoqda. Bundan esa mijozlar jiddiy zarar ko‘rmoqda va uning internetidan ruxsatsiz foydalanganlar uchun ham ishlatilgan trafik haqini to‘lashga majbur bo‘lishyapti», — deydi vazirlik xodimi.

Shuningdek, respublika bo‘ylab Wi-Fi hududlarining tobora kengaytirilayotgani Wi-Fi tarmoqlari egalarini himoya qilish hamda bu yo‘nalishlardagi qonunbuzarliklar uchun javobgarlikni o‘rnatish zaruratini yuzaga keltirmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring