Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Amerikadagi yana bir o‘zbek: «Men yurtimizdagi xodimlarimizga 10 million so‘mdan maosh berishni boshladim»

Amerikadagi yana bir o‘zbek: «Men yurtimizdagi xodimlarimizga 10 million so‘mdan maosh berishni boshladim»

Bu davlatning hududi ham ulkan va har bir burchagi gavjum.

Foto: «CNBC.com»

AQShdagi yurtdoshimiz Umid Mahkambek bilan «Toshkentda filial ocha olsam, yurtdoshlarimga 10 million so‘mdan oylik to‘layman!» sarlavhali suhbatni e’lon qilganimizda juda ko‘pchilik maqolaga qiziqish bildirdi. Yurtdoshlarimiz o‘zimizdan yetishib chiqqan oddiy yigitning yutuqlariga havas bilan qaragani bor gap. Shunday ekan, shu mazmundagi suhbatlarni yana davom ettiramiz.

Ma’lum sabablarga ko‘ra hozircha navbatdagi suhbatdoshimizning ism-familiyasini oshkor qilmay turamiz. U ham AQShda yashaydi. 37 yoshda. Oliy ma’lumotni yurtimizda olgan. AQShda ham qator ilm dargohlarida tahsil ko‘rgan. O‘zbekistonda matbaachilik, quruvchilik, parrandachilik, OAV kabi sohalarda o‘zini sinab ko‘rgan va muvaffaqiyatlarga erishgan. Aytish mumkinki, u tashkil qilgan korxonalar hozir ham ishlab turibdi.

— Siz O‘zbekistonda ham muvaffaqiyatli biznesmen edingiz. Nega AQShga yo‘l oldingiz?

— Hech bir yurt o‘z tuprog‘ingning taftini bermaydi. Mening ham vatanim O‘zbekiston va bundan albatta faxrlanaman. Yurtimda qator loyihalarni amalga oshirganman, tabiiyki, ularning omadlilari ham, omadsizlari ham bo‘lgan. O‘zbekistonda omadli biznes yuritish sirlarini mahalliy OAV juda jimjimador qilib yoritadi, men bunga to‘xtalib o‘tirmay. Keling, ko‘proq omadsizliklar sabablarini muhokama qilaylik.

— Bemalol.

— Men qaysi sohaga bosh urmayin, albatta konvertatsiya muammosiga duch kelaverardim. Avvaliga ozmi-ko‘pmi yechim bor edi. Ammo bora-bora hech iloji qolmadi. Eng qizig‘i, bizga yo‘q narsa kim uchundir topilardi. Matbaa uskunalarini izlab dunyo kezib chiqqanman. Eng yaxshi uskunalarni olib kelib, sifatli qog‘ozlarni bojxonadan o‘tkazib, tayyor mahsulotni bozorga chiqarsak, Xitoydan kirib kelgan mahsulot narxi biznikining tannarxidan ham arzonligiga qoyil qolardim. Umuman, bizdagi narx-navo alohida masala.

Eksport bo‘yicha ham talablar o‘zgacha edi. Eksport qilmoqchi bo‘lsangiz, oldin puli to‘lanishi talab qilinardi. Chetdan biror uskuna yoki mahsulot olib kelmoqchi bo‘lsangiz, avval keltirish talab qilinardi. Bir masalaga ikki xil qarash.

— Faqat shu muammolar tufayli AQShga ketdingizmi?

— Yo‘q albatta. Biznes muammolarni bartaraf qilishdan iborat, nolishdan emas. Farzandlarimning til o‘rganishi, o‘zimning tahsilim bahonasida avval ham ko‘p borgandim. Bu safar, 2012-yilda hammasi ancha jiddiylashdi va uzoqroq muddatni ko‘zlab kelib, transport kompaniyasi ochdim. Hozir asosan shu yo‘nalishda ishlayapman.

— Nega shu ishni o‘zimizda qilmaysiz?

— Balki kunlar kelib, ko‘rib, bu savolingizga o‘zingiz javob toparsiz. AQShning bu boradagi salohiyati juda ulkan, ya’ni aynan men ish yuritayotgan sohada juda katta ishlar bajariladi. Bizdagi yuk tashish hajmi, avtomobillar, logistika bu darajaga yetgani yo‘q. Qolaversa, bu davlatning hududi ham ulkan va har bir burchagi gavjum. Demak, yuk tashishga talab bor. Shuning uchun ishimiz ko‘ngildagidek ketmoqda. O‘zimizda tashkil qilingan filialimizda yosh ukalarimiz ishlashmoqda, ular orasida o‘n million so‘m maosh olayotganlari ham paydo bo‘la boshladi va, ishonamanki, bunday xodimlarimiz safi kengaya boradi.

— Ko‘pchilikni shu savol qiziqtirishi tabiiy – siz buncha miqdorda maosh berayotgan ish o‘rnini qo‘lga kiritish uchun qanday xislatlarga ega bo‘lish lozim?

— Umumiy talablar bor albatta: ingliz tilini yaxshi bilish, kompyuter, internet, biz ishlatuvchi dasturlardan foydalana olish, kechasi ishlashga tayyor bo‘lish kabi. Chunki bizning O‘zbekistondagi xodimlarimiz AQSh vaqti bo‘yicha ishlashadi, bu yerning ish vaqtida yurtimizda yarim tun bo‘ladi. Lekin bularning o‘zi ham kamlik qiladi, xodimning mijozlarga munosabati, yangi mijozlarni jalb qilishi, aloqa vositalari orqali muloqot uslubi kabi ko‘plab o‘ziga xos jihatlar inobatga olinadi. Quvonarli jihati shundaki, so‘nggi paytlarda bizning talabimizga javob bera oladigan yoshlarimiz tobora ko‘payib bormoqda.

— Hozir qancha xodimingiz bor?

— Keling, hozircha bu ham sir bo‘laqolsin.

— Nega endi?

— Ming afsuski, men faoliyatimni yarim yashirin uslubda olib borishga majburman. Sababi yana o‘sha yillar davomida kutilib, yechimini endi topayotgan muammolarga borib taqaladi. Yuqorida men AQSh vaqtiga moslab kechasi ishlashga majburmiz dedim. To‘g‘rirog‘i, O‘zbekistondagi xodimlarimiz tunda ishlaydi, biz buyoqdan internet orqali kuzatib boramiz. Ammo negadir bizda kechasi ishlashga xuddi qonunbuzarlikdek, jinoyatdek qaraladi. Ichki ishlar xodimi borki, bir tekshirib ko‘rishi kerak. Ular real vaqt rejimida ishni to‘xtatib qo‘yayotganlarini tushunmaydilar. Keyin propiska degan so‘zni eshitsam yuragim zirillaydigan bo‘lib qolgandi. Xayriyat, yangi Prezidentning zamonaviy qarashlari bu narsaga barham berdi. Bu juda katta yutuq, ulkan siljish. Chunki mening xodimlarimning ko‘pchiligi viloyatlik yigitlar. Ular bu muammoga shu darajada ko‘p duch kelishardiki...

Bir kuni ichki ishlar xodimi bir xodimimizni jarimaga tortmoqchi bo‘ldi va besh kun ichida poytaxtda ro‘yxatdan o‘tish shartligini aytdi. Men unga savol berdim: «Bu yigit har dushanba kuni ertalab Toshkentga yetib keladi, juma kuni kechqurun qaytadi. Ya’ni besh kundan ortiq bo‘lmaydi. Jarimaga tortish to‘g‘rimi?». Aniq savolga aniq javobi bo‘lmagan ichki ishlar xodimi yana eski uslubni qo‘lladi – qo‘pollikka o‘tdi.

— Yaqindagina, yangi davlat dasturiga ko‘ra, bu talablar bekor qilindi.

— Xabarim bor, olqishlayman. Konvertatsiya yo‘lga qo‘yilganida ham xuddi shunday xursand bo‘lganman. Axir vatanim rivojlanishini chin dildan istayman.

— Muammolar hal bo‘lmoqda, qaytishning ayni vaqti emasmi?

— Ha... Albatta qaytamiz. Lekin Amerikaga yana qaytamiz (kuladi). Yana suhbatimiz yechimini kutayotgan muammolarga taqaladi-da. Yaqinda O‘zbekistondagi ukam bilan yirik parrandachilik fabrikasi loyihasini ishlab chiqdik. Ukam buning uchun joy izlab Toshkent viloyatining qator tumanlarida bo‘lib qaytdi. Aytishicha, mahalliy rahbarlarda hali deyarli hech narsa o‘zgarmagan. O‘sha-o‘sha hujjatbozlik, ta’magirlik, asossiz rad etishlar... Men qiymati 5 million dollar bo‘lgan investitsiya haqida gapirayapman. Solishtirish uchun AQShning biror shtatida men yirik korxonaga asos solmoqchi, ko‘p ish o‘rinlari yaratmoqchi bo‘lsam, mahalliy hukumat menga, o‘xshatish bo‘lsada, yopishib oladi. Shunga qaramay O‘zbekistondagi ishlarimiz davom etayapti. Ism-familiyamni sir tutganimning sababi ham shunda. Ammo amalga oshirilayotgan islohotlar albatta samara berishiga ishonaman.

Prezident Shavkat Mirziyoyev chet elda biznes qilib yurgan vatandoshlarimizni yurtga qaytishga va o‘zimizda turli korxonalar, zavod va fabrikalar qurishga chaqirdi. U kishining «Endi oldingi muammolarni unutinglar, chetdan bir vagon dollar olib kelgan odamni tekshirganni o‘sha kuni ishdan olaman» degan gaplarini diqqat bilan kuzatib borayapmiz.

Lekin Prezidentning o‘zi ta’kidlaganidek, chetda yurib biznes qilayotganlar O‘zbekistonga pul tikishga uncha oshiqayotgani yo‘q va bunga ularning yetarli asoslari bor. Men O‘zbekiston va AQShda biznes qilib, ikkala davlatni qiyoslay olganim uchun hukumatga chet eldagi o‘zbeklar yurtimizga sarmoya kiritishi uchun nima qilish kerakligi haqida takliflar bermoqchiman.

— Marhamat.

Yechimini kutayotgan muammolar

Bank – chet elda yurgan hamyurtlarimiz o‘z puliga egalik qilishga o‘rganib qolishgan. Masalan, kompaniya hisobida 100 ming dollar bo‘lsa va kompaniya meniki bo‘lsa, istagan paytim bankka borib o‘sha 100 mingni naqd qilib olishim mumkin. Bank mendan buni nima qilasan deb so‘ramaydi. O‘zimizda-chi? Bu borada muayyan yutuqlarga erishildi, yana davom ettirish kerak.

Ikki fuqarolik – O‘zbekiston mustaqil bo‘lganiga chorak asrdan oshdi, demak, eng kamida chorak asrdirki, vatandoshlarimiz chet ellarga chiqib kelmoqda va ayrimlari qolib ketmoqda. Aniq sonini bilmasam-da, minglab hamyurtlarimiz chet el fuqaroligini olganini taxmin qilsa bo‘ladi. Dunyoning eng rivojlangan mamlakatlarida ikki yoki undan ko‘p mamlakatning fuqaroligini olish tajribasi keng qo‘llanadi. O‘zbekiston hukumati chet eldagi fuqarolarimizga yurtimizga kelib investitsiya kiritishni taklif qilar ekan, ikki fuqarolik masalasini ham kun tartibiga kiritishi kerak deb o‘ylayman. Juda ko‘p vatandoshlarimizning farzandlari chet ellarda tug‘ilgan. Ba’zilari allaqachon o‘sib-ulg‘ayib, boshqa mamlakatlarda biznes qilib yurishibdi. Tan olish kerakki, ularga ikki mamlakatdan faqat bittasini tanlaysan deyishsa ko‘pchiligi boshqa mamlakatni tanlaydi. Xo‘sh, bundan kim yutadi?

Mulk daxlsizligi – investorlarning oldidagi eng katta to‘siq aslida shu. Bizda oddiy bir sabab bilan biznesni yopib qo‘yish, qandaydir ayblar bilan mulkni musodara qilib yuborish juda oson. Sudlar ham darrov mulkni xatlash bo‘yicha qaror chiqarib yuboradi. Kiritgan sarmoyasini va olgan foydasini mamlakatdan xohlagan paytda olib chiqib ketishiga ishonmagan odam biznes boshlamaydi.

Rag‘bat – hozir O‘zbekistonga eng keraklisi chet eldan keladigan naqd valyuta, ingliz tilida aytganda hard cash. AQSh dunyoning eng boy davlati bo‘lishiga qaramay, agar uning ma’lum sektorlariga 500 ming (ba’zi hududlarga 1 million) dollar sarmoya kiritilsa, investorlarga grin karta (AQShda yashash va ishlash huquqini beruvchi hujjat, keyinchalik shu hujjat asosida AQSh fuqaroligini olish mumkin) beriladi. YaIM hajmi 18,5 trillion dollar bo‘lgan mamlakatga 500 ming dollar olib kirgan investorga bo‘lgan munosabatni qarang!

Yana bir misol: yaqinda «Amazon» kompaniyasi 5 milliard dollar qiymatga ega bo‘lgan ikkinchi shtab-kvartirasini qurish uchun tender e’lon kildi. AQShning deyarli barcha shtatlarining eng katta shaharlari tenderda katnashish uchun hujjat topshirdi. Ba’zi shaharlar 5 milliard dollarlik soliq imtiyozlari taklif qilsa, boshqalar eng qulay maydonlar taklifi bilan chiqishdi. Tender hali tugagani yo‘q, lekin shunday yirik davlat miqyosida bor-yo‘g‘i 5 milliard dollar sarmoya olib kirmoqchi bo‘lgan investorga bo‘lgan munosabatga e’tibor bering.

Takliflar

Investorlar bilan ishlovchi vazirlik ishini rivojlantirish kerak. Ularning orasidan ayniqsa o‘zimizning chetdagi vatandoshlarimizga alohida imtiyozlar berilishi lozim. Imtiyozlarning qanday ko‘rinishda bo‘lishini sharoit va imkoniyatdan kelib chiqib belgilasa bo‘ladi.

Off site (outsourcing), ya’ni masofadan turib ishlashni eng muhim yo‘nalishlardan biri deb e’lon qilish kerak. Masalan, millionlab kishilar chetdan turib internet orqali AQSh kompaniyalari uchun ishlab berishadi va yaxshigina maosh olishadi. Nega biz shu imkoniyatdan yetarlicha foydalanmaymiz? Hindiston, Filippin, Bangladeshga borib, ularning tajribalarini o‘rgansa bo‘ladi. Bizning yoshlarimiz orasida ingliz tilini o‘rganishga qiziquvchilar ko‘p, ularni ish bilan ta’minlaydigan agentlik tashkil etilsa, yiliga 15-20 ming ish o‘rni yaratish imkoni tug‘iladi. Yoshlarimiz chet elga ish izlab ketmay, o‘zimizda turib chet el korxonalarida ishlashi mumkin.

Islohotlar boshlangani bizni albatta quvontiradi va biz ularning davomli bo‘lishidan umidvormiz. Qachon Prezident bitta sohaga e’tibor qaratsagina o‘sha soha muammolari hal qilinadigan bo‘lsa, investorlarning kelishini hali ancha kutishga to‘g‘ri keladi. Dunyoning eng boy odamlaridan biri, eng mashhur investor bo‘lgan Uorren Baffet bir intervyusida shunday dedi: «Biz baxtli odamlarmiz, chunki Amerikaday davlatning fuqarolari bo‘lib tug‘ilganmiz. Nima, biz dunyodagi boshqa odamlardan aqlliroqmizmi yoki boshka davlat fuqarolaridan ko‘proq mehnat qilamizmi? Yo‘q! Amerikada tizimlar dunyoning boshqa mamlakatlariga qaraganda yaxshiroq yo‘lga qo‘yilgan: bank tizimi, moliya tizimi, yo‘l infrastrukturasi va hokazo. Biz o‘sha tizimlar yaxshi ishlagani uchun ham dunyoning eng boy mamlakatimiz».

Ishonamanki, O‘zbekiston ham yaqin yillarda dunyoning rivojlangan davlatlari qatoridan joy oladi. Buning uchun barcha imkoniyatlar bor.

— Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat.

Abror Zohidov suhbatlashdi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring