Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Andijonlik ayol nega o‘zi va ikki farzandini kanalga tashladi?

Andijonlik ayol nega o‘zi va ikki farzandini kanalga tashladi?

Foto: «UzNews.uz»

Keyingi paytlarda internet saytlarini ochishdan yoki ijtimoiy tarmoqlarni kuzatishdan yurak hovuchlaydigan bo‘lib qoldik. Qotillik, dahshatli falokat yoki aql bovar qilmas ahmoqlik...

Yaqinda Andijonda bo‘lgan voqea ham ayanchliligi bilan ko‘plarning e’tiborini tortdi.

Bosh prokuraturaning matbuot xizmati xabar berishicha, 2018-yil 25-iyun kuni soat 10-30 larda 27 yashar A. beliga arqon bilan ikki farzandini (7 yashar qiz va 3 yashar o‘g‘il) bog‘lab, o‘zini Andijon viloyati Jalaquduq tumani hududidan oqib o‘tgan Shahrixonsoy kanaliga tashlagan. Ularni fuqaro B. va boshqalar suvdan chiqarib olgan. Ayolning hayoti saqlab qolingan, lekin voyaga yetmagan farzandlari M. va Sh. voqea joyida vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan Jalaquduq tuman prokuraturasi tomonidan A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «v» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilayotgani haqida saytimizda xabar bergan edik.

Xabarni o‘qib yuragingiz uvishadi, norasidalarga rahmingiz keladi. Onani o‘zining va ikki jigargo‘shasining joniga qasd qilishga nima majbur qildi ekan degan savol o‘ylantiradi.

Vaziyatni o‘rganishga kirishdik. Ammo tergov harakatlari yakunlanmagani bois tergovchilardan bu ish bo‘yicha biror ma’lumot ololmadik. Faqat ayol ruhan sog‘lom, unda xastalik alomatlari yo‘q ekanligi tasdiqlandi.

— Halokat sodir bo‘lgan kuni bir guruh rahbarlar bilan fuqaro A.ning ota uyiga bordik. Ochig‘ini aytganda, undan hech kim bunday ishni kutmagandi, — deydi tuman hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Malika Yusupova. — A.ning hayotiga mahalla-ko‘y ham, qarindosh-urug‘lar ham hech qachon befarq bo‘lishmagan. Hatto ajrim ostonasida turgan eri bilan yarashtirishga ham bir necha bor urinishgan, ammo A. buni istamagan.

Bizga yetkazilgan ma’lumotlarga ko‘ra A. bir yildan buyon ota uyida ikki farzandi bilan yashab kelgan. Ammo ko‘rsatilayotgan sabablar hech qachon ajrim uchun arzirli sabab deb topilmagan.

Bir muddat avval A.ning otasi mahalla raisi va aka-ukalari bilan gaplashib, kuyovini suhbatga tortishdi. Ruhan sog‘lom, davlat korxonasida ishlaydigan, obro‘li kuyov ikki farzandini yetim qilmaslik uchun yana ayoli bilan yashay boshlaydi. Ammo A. ko‘p o‘tmay tag‘in qandaydir sabablarni ro‘kach qilib, ota uyiga qaytib keladi.

— Biz A.ning ota uyida ham, kelin bo‘lib tushgan xonadonida ham bo‘ldik. Ikkisi ham obro‘-e’tiborli, o‘ziga to‘q, mol-holi, katta tamorqasi bor oilalar ekan. A.ning nega bunday ishga qo‘l urgani esa tushunarsiz holat. O‘g‘lining daun sindromi bilan tug‘ilganini aytmasa, uni qiynaydigan muammo ham, dard ham ko‘rinmaydi. Afsuski, o‘ylamay qilingan ish tufayli ikki farzand qurbon bo‘ldi. A. esa vijdon azobida qoldi, — deydi tuman xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Malika Yusupova.

Tergov harakatlari davom etmoqda.

Nargiza Murodova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring