Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

APTLD yubiley sammitiga Toshkent shahri mezbonlik qiladi

APTLD yubiley sammitiga Toshkent shahri mezbonlik qiladi

Foto: «Aptld.org»

Toshkent shahrida 20-21-sentyabr kunlari Osiyo-Tinch okeani mintaqasi yuqori darajali domenlar uyushmasi (Asia Pacific Top Level Domain)ning 20 yillik yubiley sammiti bo‘lib o‘tadi.


APTLD internet tarmog‘ini rivojlantirishni muvofiqlashtiruvchi murakkab mintaqaviy va global tizimga ega asosiy tashkilotlaridan biri bo‘lib, texnologik va operatsion masalalar bo‘yicha tajriba almashish platformasi hisoblanadi. Shuningdek, APTLD domen nomlarini boshqarish bo‘yicha xalqaro tamoyillarni ishlab chiqishda faol ishtirok etmoqda. Tashkilot 1998-yilda tashkil topgan, 2003-yilda esa Malayziyada shtab-kvartirasiga ega bo‘ldi.

O‘zbekiston 2017-yilning sentyabr oyida .UZ hududida domen nomlarini ro‘yxatga olishni muvofiqlashtirishchi tashkilot «UZINFOCOM» kompaniyasi vakilligida APTLDga a’zo bo‘ldi. Olimpiya o‘yinlarida bo‘lgani kabi, uyushma a’zolari ham sammitni o‘tkazish huquqini qo‘lga kiritish uchun kurashadilar, buning uchun taqdimotlar tayyorlaydilar va assotsiatsiya kengashining qo‘llab-quvvatlashini qo‘lga kiritishga harakat qiladilar.

Toshkent sammitida global tarmoqning yangi parametrlari va protokollarini ishlab chiqishda va amalga oshirishda bevosita ishtirok etuvchi, jahon miqyosida obro‘-e’tiborga ega internet mutaxassislari ishtirok etadilar. 

«Toshkentdagi sammitda 40 dan ortiq OTX, Yevropa, Shimoliy va Janubiy Amerikadan kelgan davlatlarning vakillari ishtirok etadilar. Bu keng ko‘lamli tadbir bo‘lib uning asosiy maqsadi ishtirokchi davlat, internet-biznes, xususan, domen sanoatining vakillarini global tarmoqning unikal identifikator tizimining asosiy trendlari, chaqiriq va yangi imkoniyatlari, shuningdek, internetda yangi xavfsizlik texnologiyalari va boshqa mamlakatlarda internet rivojlanishi tajribasi bilan tanishtirishdir.

Biz bu yil O‘zbekiston sammitga mezbonlik qilayotganidan mamnunmiz, bizning ko‘plab ishtirokchilarimiz o‘zlari uchun ushbu ko‘hna tarix va ulkan istiqbolga ega zaminni kashf etadilar. APTLD o‘zining 20 yoshini aynan Toshkentda nisholayotgani — qabul qiluvchi davlatga bildirilgan katta ishonch belgisi va albatta, sharq ertagiga g‘arq bo‘lish istagidir.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining ma’ruzasidan O‘zbekiston hukumati internet tarmog‘ini rivojlantirishga qanchalik katta ahamiyat berayotganiga amin bo‘ldik va bu sa’y-harakatlar muvofaqqiyatli bo‘lishiga umid qilamiz. .UZ makonida domenlarni ro‘yxatga olishda ulkan sakrash sodir bo‘lganiga va butun mamlakat bo‘ylab internet-texnologiyalari rivojlanganiga bevosita guvoh bo‘ldik, ushbu jarayonlarga aloqador ekanligimizni his etish yoqimli», — dedi APTLD ning ijrochi direktori Leonid Todorov.

Sammitda APTLD dan tashqari ICANN ning  (icann.org —  internetda nom va manzil taqdim etuvchi internet korporatsiyasi) bir qator yetakchi mutxassislari hamda RIPE NCC (ripe.net) va APNIC (apnic.net — Yevropa va Osiyodagi IP-manzillardan foydalanishni muvofiqlashtirish markazlari) rahbariyati ishtirok etadi. Ularning asosiy vazifasi joylarda internet-infratuzilmasini va ularni boshqarish siyosatlarini rivojlantirish borasidagi yetakchi tajriba bilan ishlash. 

Sammitda dunyoga mashhur mutaxassislar ishtirok etadilar

  • Pol Viksi — internet tarmog‘ining birinchi kashfiyotchilaridan biri, DNS domen nomlari tizimining hammualliflaridan biri
  • Pol Uilson — ATR da 6 mingdan ortiq internet-provayderlarni va OTX da internetning o‘zaro aloqasini ta’minlovchi tashkilot — APNIC bosh direktori
  • Paul Rendek – RIPE NCC ning (Yevropa va Yaqin Sharqda 10 000dan ortiq internet-provayderlarni bog‘lovchi) tashqi aloqa masalalari bo‘yicha direktori, narsalar interneti sohasida yetuk mutaxassis
  • Aleksey Soldatov — eng katta ruscha internet mutaxassisi, Runet «otalari»dan biri
  • Kil Nam Chon — Janubiy Koreya internetining «otasi» va afsonalaridan biri
  • Gordon Dik — Nominet (Buyuk Britaniya) — jahonning eng yirik milliy domenlar bo‘yicha kompaniyalaridan birida domenlar bo‘yicha biznes boshlig‘i;
  • Dalsi Banyala xonim — Vanuatu respublikasining Telekommunikatsiya sohasini boshqarish agentligi rahbari, vazir
  • Rayed al-Fayez — Saudiya Arabistoni qirolligi Telekommunikatsiya vazirligining internet-xizmatlari masalalari bo‘yicha bosh direktori; arab internetining eng yirik mutaxassisi
  • Redin MakGeri — CentralNic (Buyuk Britaniya) — jahonning eng yirik xizmatlar provayder kompaniyasining huquqiy masalalar bo‘yicha direktori
  • Andrey Vorobyov — Rossiyaning milliy domenlar bo‘yicha muvofiqlashtirish markazi direktori.

APTLD konferensiyasi doirasida ekspertlar tomonidan bir qator master-klass, trening va matbuot anjumanlari o‘tkaziladi.


OAV vakillari 20-sentyabr kuni soat 09:00 da Toshkent shahrining «Wyndham» mehmonxonasi «Silk Road» zalida bo‘lib o‘tadigan matbuot-anjumanida ishtirok etib, internet tarmog‘i texnologiyalari va xavfsizligi mavzularida o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berishlari mumkin. Matbuot anjumani 20-sentyabr kuni soat 10:00 da APTLD sammitining ochilishi doirasida bo‘lib o‘tadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring