Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

AQSh va Shimoliy Koreya yetakchilari uchrashuvi nega bekor qilindi?

AQSh va Shimoliy Koreya yetakchilari uchrashuvi nega bekor qilindi?

Foto:«Foreign Policy In Focus»

AQSh prezidenti Donald Tramp Oq uyda bergan bayonotida Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In bilan shu yil 12-iyun kuni Singapurda bo‘lib o‘tishi kutilayotgan uchrashuv nima sababdan bekor qilinganini aytib o‘tdi. Bu haqda «Sabah» xabar bermoqda.

«Singapurda o‘tkazilishi rejalashtirilgan uchrashuvni bekor qildim. Bu ham Shimoliy Koreya, ham dunyo uchun ortga chekinish ekanini bilaman», ­— degan AQSh rahbari.

Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inning ezgulik sari qadam bosishini kutayotganini yashirmagan Tramp: «Shimol hamda janub bilan birgalikda barcha koreyaliklar tinchlik-osoyishtalik, huzur-halovatda yashashga haqli. Buning uchun, avvalo, yadroviy qurollardan voz kechish kerak. Agar Kim Chen In konstruktiv muloqot o‘tkazish tarafdori bo‘lsa, men har doim bunga tayyorman. Aks holda unga qarshi sanksiyalarni yanada kuchaytiramiz»­, — dedi.

«Singapur uchrashuvining bekor bo‘lishi umidlarning so‘nishini anglatmaydi. Balki boshqa paytda Kim Chen In bilan uchrashishimiz mumkin. Umid qilamanki, hammasi yaxshilikka o‘zgaradi», — deya so‘zida davom etgan Tramp.

Shuningdek, AQSh prezidenti o‘z bayonotida Shimoliy Koreya bilan vaziyat o‘nglanmasa, AQSh, Janubiy Koreya va Yaponiyaning qo‘shinlari shayligini ta’kidlagan.

«Lekin, ­— dedi Donald Tramp — bugun hamma narsani tinch yo‘l bilan hal etish mumkin. Aksincha bo‘lsa, biz har doimgidan ham ko‘ra tayyorroqmiz».

Amerika prezidentining rasmiy Pxenyanni ogohlantirish tarzida aytgan «tayyorroqmiz» so‘zidan muzokaralar o‘tkazishmi yoki Shimoliy Koreyaga sanksiyalar qo‘llashmi yoxud Janubiy Koreya hamda Yaponiya bilan birgalikda harbiy tayyorgarligi nazarda tutilganmi — buyog‘i bizga qorong‘u.

Nima bo‘lgan taqdirda ham, tomonlar murosayu madora yo‘lini tanlashi barcha, ayniqsa, Shimoliy va Janubiy Koreya, qolaversa, ummonorti davlatining o‘zi uchun ham har tomonlama foydali bo‘lardi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring