Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AQShda «hindu» prezident bo‘ladimi? (2-qism)

AQShda «hindu» prezident bo‘ladimi? (2-qism)

Tramp va Elizabet Uorren.

Foto: «YouTube»

AQShda prezidentlik saylovlari 2020-yil noyabrda bo‘lib o‘tadi. Tramp respublikachilar partiyasidan o‘z nomzodini ikkinchi muddatga ilgari surishini bildirgan bo‘lsa, demokratlarning o‘nga yaqin vakillari yagona bitta vakilni saralab-aniqlab olishlari lozim. Elizabet Uorren xonim AQSh prezidentligiga demokratlar orasidan ichki kurashlarda qatnashayotgan yana bir nomzod ekani haqida to‘xtalib o‘tgandik.

«Hindu» xonim

Elizabet Uorrenning siyosiy dushmanlari uning o‘z kelib chiqishini hindularga borib taqalishini o‘ylab topgan, deb hisoblaydi.

Uning qonun chiqaruvchi organga saylovlar chog‘idagi raqibi, respublikachi Skott Braun janoblari bu ayol imtiyozlarga ega bo‘lish maqsadida Amerika tub joy aholisi – hindular avlodi ekanligi haqidagi ma’lumotlarni soxtalashtirganlikda aybladi.

Bu orqali u universitetda professor lavozimini olish uchun tub joy aholi vakillariga yaratilgan imtiyozlardan foydalanib, manfaat topib kelgan.


Mavzuga oid: Ofitsiantlikdan prezidentlikka qadar (1-qism)


Bu mojaro yana kun tartibiga chiqdi. «The Washington Post» jurnalistlari Uorren 1980-yillar o‘rtalarida Texas advokatlar assotsiatsiyasiga kirish uchun to‘ldirgan anketasini ham topishgan. Hisob kartochkasida ham u o‘zini amerikalik hindular avlodi, deb ko‘rsatgan.

Uorren saylovoldi kampaniyasiga qo‘shilishdan oldin bu mish-mishlarga raddiya berishga qaror qildi va DNK testidan o‘tdi. Uning 6-10 ajdodlari haqiqiy hindular bo‘lgani aniqlandi. Uning raqiblari bu orqali Uorren o‘zini oqlamoqchi bo‘lganini, biroq u oddiy amerikalikka qaraganda jismida hindular qoni yanada kamroq oqishini isbotladi, deya iddao qilishdi.

Shimoliy Amerikada yashovchi cheroki qabilasi rasmiy vakili esa Uorrenning o‘zini oqlash uchun DNK testini topshirishdan foydalanganini tanqid qilib, uning qabilasi xonimni hindu deb hisoblamasligini ta’kidladi.

Senator esa tarixdagi bu noqulay vaziyat uchun kechirim so‘raganiga qaramay uni yolg‘onchilikda ayblashmoqda.

Tramp ushbu xonimni o‘zining faol raqobatchisi deb hisoblaydi. Shu sababli amaldagi prezident uning har bir chiqishiga tanqidiy munosabat berib borishga intilmoqda.

Masalan, Tramp janoblari Uorrenni «sotsialistik tuzum qurishni istovchi firibgar» deb atadi.

«Men ba’zan hindular malikasi Pokaxontas deb nomlaygan Elizabet Uorren nihoyat prezidentlik saylovlariga qo‘shildi. U nomzodlar orasida AQSh tub joy aholisi birinchi vakilasi sifatida kurashadimi yoki 32 yil avvalgi xatolari unchalik foyda bermaganini tan oladimi, buni saylovoldi kampaniyasi chog‘ida ko‘ramiz», deya piching qiladi Tramp.

Opa ham bo‘sh kelmayapti.

«Men xavfsizlikni qurish uchun sidqidildan ishlayotgan odamlarni qo‘llab-quvvatlashga va o‘rtahol oilalarga yordam berishga tayyorman. Men korrupsiyalashgan Vashingtonni tozalashga tayyorman. Tramp hech narsani yaxshilashga qodir emas, uning hech qanday rejasi yo‘q va bo‘lmagan ham. Vashington Tramp bilan yanada korrupsiyalashdi va yanada daxlsiz bo‘lib oldi. Donald Tramp Amerika xalqining real muammolari haqida zarracha tasavvurga ega emas. Faqat boylar va ta’sirli kishilar manfaatlarini himoya qilish bilan mashg‘ul», deb yozadi u o‘z «Twitter»ida.


Mavzuga oid: Prezidentlik poygasi. AQShda katta jang boshlandi


U saylovda g‘alaba qozonsa, Trampni qamatish rejasi bor. Bunga sabablar yetarli. Hozircha Trampning qayta saylanishiga hech qanday kafolat yo‘q. Maxsus prokuror Robert Myuller esa Tramp saylovoldi shtabining Rossiya bilan ehtimoliy kelishuvi bo‘yicha tergov harakatlarini davom ettirmoqda. Barchasi tergov xulosalariga bog‘liq.

Agar u Tramp uchun ijobiy yakun topsa-da, boshqacha bosim o‘tkazish usullari ham saqlanib qoladi. Masalan, demokratik partiya a’zolari AQSh Vakillar palatasiga so‘nggi saylovlardan keyin nazoratni o‘z qo‘llariga olishgach, Tramp faoliyatini tergov qilish rejasini bildirishdi.

Elizabet Uorren. Foto: «Zerkalo.az»

Sabab sifatida 2016-yildagi prezidentlik saylovlarida Rossiyaning aralashuvi, prezidentning soliq deklaratsiyasi va uning biznesi, Trampning Saudiya Arabistonidagi moliyaviy manfaatlari, Pentagon rahbari Jeyms Mettisning sirli iste’fosi, Oq uy rahbarining Suriyadan qo‘shinlarni olib chiqishga qo‘qqisdan qilgan qarorlari keltirilmoqda.

Ular soliq to‘lamaydi....

Oddiy o‘quvchida xo‘sh, u hindu bo‘lsa nima qilibdi, degan savol tug‘iladi. AQShda 565 ta hindu qabilasining 5 million nafar vakili yashaydi. Ularning uchdan ikki qismi mamlakat hududining 2 foizini egallaydigan rezervatsiyalarda istiqomat qilmoqda.

Rezervatsiyalarda yashovchilar AQShning asosiy xalqiga qaraganda qator imtiyozlardan foydalanadi. Ular hech bir to‘siqlarsiz kazino, tamaki va alkogol ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishi mumkin.

Ular yashaydigan hududlarda shtatlar qonunlari ishlamaydi. Hindular o‘zlari o‘rnatgan mahalliy tartiblarga amal qiladi. Asosiysi, ularning qoidalari federal qonunchilikka zid bo‘lmasligi kerak.


Mavzuga oid: «Eng jozibali prokuror» endi prezidentlikka da’vogar


Rezervatsiyalar o‘z hukumatini shakllantirishi va hatto o‘z fuqaroligini taqdim etishi mumkin. Bundan tashqari, hokimiyat hindularga avval yo‘qotilgan yerlar uchun tovon pullarini to‘lab kelmoqda. 

Shu bilan birga ular federal hukumat sha’feligida bo‘lib, ularga voyaga yetmaganlarga bo‘lgani kabi munosabat bilan yondashiladi.

Ya’ni, AQShning boshqa fuqarolari kabi to‘liq huquqlarga ega emaslar. Masalan, saylovlarda ovoz berish huquqiga ega emaslar va shu sababli soliq ham to‘lashmaydi.

Shuningdek, ular savdo bitimlarini mustaqil imzo qo‘ya va sudlarga o‘zlari ishtirok eta olmaydi. Ular o‘z fuqarolik erkinliklarini amalga oshirish uchun maxsus vositachi tashkilot, ya’ni Hindular ishlari bo‘yicha davlat boshqarmasi faoliyat yuritadi. Kundalik hayot tarzini qabilalar kengashi tartibga soladi.

Faqat 16 foiz hindular oliy ma’lumotga ega, aksariyati na o‘qishni va na yozishni biladi. Qonunga ko‘ra, qabila vakillari universitetlarning budjet o‘rinlariga imtihonsiz topshirish huquqiga ega. Hindular orasida ishsizlik juda katta bo‘lib, ularning uchdan bir qismi tirikchilikka yetadigan minimumdan past daromadga ega. Janubiy Dakotada ishsizlar soni 83 foizga yetadi.

Hindular orasida o‘z joniga qasd qilish, ichkilikbozlikdan nobud bo‘lish, pnevmoniya va diabet mamlakatdagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan ikki barobar ko‘p. Ularning ijtimoiy to‘sib qo‘yilgani hayotini yaxshiroq qilishga va huquqlari uchun faol kurashishga to‘siq bo‘lmoqda.

Eng yomoni, hindu xotin-qizlari oddiy amerikalikka nisbatan 3,5 barobar ko‘proq zo‘rlanmoqda. Zo‘ravonlarning 85 foizi hindu bo‘lmagan aholi vakillari ekani tashvishlidir.

Ularning 70 foizi o‘z tilini butunlay unutgan va ingliz tilida so‘zlashadi. Ro‘yxatdan o‘tgan 139 ta hindu tillarining 130 tasi yo‘qolib ketish arafasida turibdi.

Qonunga ko‘ra, bu qadimiy tub joy aholini hindu deb atash mumkin emas. Biroq Tramp janoblari doim Elizabet Uorrenni hindu deb haqoratlaydi. Uorren esa o‘zini ular qoniga aloqador, deb aytganida qandaydir manfaat topish emas, balki hindularga yoshligidan mehr bilan o‘sganini va ularga ijtimoiy xayrixohlik hissini tuyganini bildirishdan charchamaydi.

Massachusets shtati

27 ming kvadrat kilometr hududga ega shtatning aholisi 7 million kishiga yaqin. U 1788 yilda tashkil topgan va mahalliy hindu qabilasi nomiga qo‘yilgan. Angliyaga qarshi ozodlik uchun isyon boshlagan Amerikadagi 13 ta shtatdan biridir. AQSh konstitutsiyasini imzolagan yangi davlatning 6-shtati bo‘lgan. Shtat 19-asrda AQSh kemasozlik va dengizchilikda tarmog‘ida yetakchi rol o‘ynadi.

Shimolda Nyu-Gempshir va Vermont, g‘arbda Nyu-York, janubda Konnektikut va Rod-Aylend, sharqda Atlantika okeani bilan chegaradosh.

Boston eng yirik shahri va shtat markazi bo‘lib, ulkan aglomeratsiyada 5,8 million kishi yashaydi. Yalpi ichki mahsuloti oz emas, 500 milliard dollarga yaqin. Katoliklar ulushi 44 foiz, protestanlar 27 foiz.


Mavzuga oid: Gavayilik qahramon AQShni o‘zgartirmoqchi. Prezidentlik poygasiga yana bir xonim qo‘shildi


Shtat 14 okrugdan tashkil topgan, 50 ta shahar va 301 ta aholi manzilgohlari bor. Shtat o‘zining liberal va so‘l qarashlari bilan mashhur.

AQShdagi ilk bosma nashr, gazeta, kutubxona va o‘rta maktab aynan shu shtatda paydo bo‘lgan. Bu yerda intellektuallar to‘plangan desa ham bo‘ladi. AQShning 75 ta Nobel mukofoti sovrindorlarini yetkazgan mashhur Garvard universiteti, oliy o‘quv yurtlari reytingida peshqadamlardan sanalgan Massachusets texnologiyalar institutlari aynan ushbu shtatda joylashgan.

Demokratlar qo‘li uzunmi?

Hozirda ichki kurash albatta, qizg‘in pallaga kirgani yo‘q. Ammo demokratlar o‘z orasidan Trampga qarshi kura oladigan eng munosib nomzodni topib olishi va uning atrofida birlashishi lozim.

Ammo yorqin yetakchi ko‘zga tashlanmayapti. Shu sababli sobiq prezident Barak Obamani yana katta siyosatga qaytishi mumkinligi bashorat qilinmoqda. To‘g‘ri konstitutsiyaga ko‘ra, u uchinchi bora prezident bo‘la olmaydi, ammo vitse-prezident sifatida siyosiy jarayonlarda bilvosita ishtirok etishi mumkin. U holda uning rafiqasi Mishel Obama ham demokratlar orasida o‘z nomzodini ilgari surishi mumkin.

Yoki bo‘lmasa, uning sobiq vitse-prezidenti, 76-yoshli Jozef Bayden ishtirok etishi, shunda Obama nomzodini vitse-prezident sifatida ko‘rsatishi mumkin. Hozircha u o‘z nomzodini aprel oyida e’lon qilishi kutilmoqda. Ammo uning yaqin maslahatchilari allaqachon tayyorgarlik ishlarini boshlab yuborishdi.  

Yana bir dongdor demokrat 73 yoshli Xillari Klinton xonim Tramp bilan kurashdan so‘ng katta siyosatdan hafsalasi pir bo‘lgan chog‘i, bu galgi saylovlarda ortiq qatnashmasligini bildirdi. Ammo u kimni qo‘llab-quvvatlasa, o‘sha nomzodga katta kuch va imkoniyat bag‘ishlashi muqarrar. 2016-yili partiyadoshi Elizabet Uorren aynan uni qizg‘in qo‘llab-quvvatlagani hisobga olinsa, bu gal charxpalak aylanishi mumkin.

Elizabet Uorren. Foto: «Izvestiya»

Ammo 2016-yilda demokratlar safida Klinton xonim bilan raqobatlashgan, Vermont shtatidan 77-yoshli Berni Sanders unga asosiy raqib bo‘lishi mumkin.

Shu kunlarda demokratlarni boshqa bir jihat quvontirmoqda. Nyu-York sobiq meri, milliardder Maykl Blumberg Demokratik partiyaning moliyaviy jihatdan faol qo‘llab-quvvatlovchisidir. U Trampning qayta saylanmasligi uchun yarim milliard dollar sarflashga tayyorligini ochiq ma’lum qildi.

Bu galgi saylovlarda Trampning muhojirlik siyosatidan norozi 32 million lotin amerikaliklar, 30 million afroamerikaliklar ham qatnashishi kutilmoqda. Trampni shuningdek AQShdagi ayol saylovchilar ham xushlamaydi va nozik jins vakilalarining 27 foizi uni qo‘llab-quvvatlamoqda. Ular ham demokratlar qatoriga qo‘shilsa, respublikachilar ancha tang holga tushadi.

Tarixga nazar solinsa, 1872-yili Viktoriya Klaflin Vudxall xonim AQSh prezidentligi uchun saylovlarda xotin-qizlar orasidan birinchi bo‘lib, o‘z nomzodini ilgari surgan edi. Biroq o‘shanda Uliss Grantga mag‘lubiyatga uchragan. Birorta amerikalik xotin-qiz hozirgacha siyosiy jihatdan oliy cho‘qqini zabt eta olmadi. 2020 yilda ularning umidlari ushalishi uchun barcha asoslar bor.

A.Hasan o‘g‘li, jurnalist

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring