Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bir oyga cho‘zilgan xursandchilik. «Bilayn» baribir narxlarni oshirdi

Bir oyga cho‘zilgan xursandchilik. «Bilayn» baribir narxlarni oshirdi

Bir oy avval narxlar oshirilmasligi aytilgan edi. Ammo qaror juda tez o‘zgartirildi.

Foto: «Galereya-novosibirsk.ru»

Shu yilning 20-yanvarida «Bilayn» kompaniyasi 2018-yil 1-fevraldan boshlab tarif rejalarining kunlik abonent to‘lovi oshirilishini ma’lum qilgan edi.

Ammo kompaniya ko‘p vaqt o‘tmay o‘z qarorini o‘zgartirib, narxlar o‘zgarishsiz qolishini e’lon qildi. Bu xabardan keyin O‘zbekistondagi eng yirik mobil kompaniyaning millionlab mijozlari biroz tin olishgan bo‘lsa, ajabmas. Lekin xursandchilik atiga bir oyga cho‘zildi, xolos.

Bahorning ilk kunida «Bilayn»ning «Status» va «Bir Oy» kabi oylik tarif rejalari foydalanuvchilarining aksariyatida balansidagi pullar yo‘qolib qolishi yoki ortiqcha yechib olinishi hamda mobil aloqa va internet ham uzib qo‘yilishi kabi mashmashalar avj olgan bir paytda, kompaniya tomonidan amalga oshirilgan boshqa bir o‘zgarish soyada qolib ketdi.

O‘zbekistondagi eng yirik mobil kompaniya avvalgi va’dasidan hech qancha vaqt o‘tmasidan tarif rejalarining kunlik abonent to‘lovi oshirilganini bildirdi

Shunday qilib, 1-martdan boshlab kunlik abonent to‘loviga ega tariflarda kunlik abonent to‘lovi o‘rta hisobda 66 foizgacha: «Bravo Online», «Bravo Vodiy» va «Bravo Ooo!» — 252,6 so‘mdan 420 so‘mga, «Zo‘r-zo‘r Mix», «Juda oddiy!» — 210,5 so‘mdan 350 so‘mga, «Yangi O!», «Qo‘shnilar+», «Klik» —168,4 so‘mdan 280 so‘mga oshirildi. Buni birov bilib, birov bilmay qoldi.

Eslatib o‘tamiz, «Xabar.uz» avvalroq «Bilayn» kompaniyasi tomonidan abonent to‘lovi oshirilishi sabablarini qidirib ko‘rgan, O‘zbekistondagi telekommunikatsiya operatorlarining o‘tgan yilgi daromadlarini o‘rgangan edi. O‘rganish natijalari «Bilayn»ning iqtisodiy holati abonent to‘lovi narxini oshirishga muhtoj emasligini ko‘rsatgandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring