Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bir viloyatdan 735 ming murojaat

Bir viloyatdan 735 ming murojaat

Hozirda ko‘plab soliq to‘lovchilar o‘z shaxsiy kabinetiga ega.

Foto: «norma.uz»

Bugungi kunda har bir sohaga zamonaviy axborot texnologiyalari va ilg‘or avtomatlashtirilgan tahlil uslublari joriy etilib, interaktiv xizmatlardan foydalanish tobora ommalashib bormoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining "Elektron davlat xizmatlari – my.soliq.uz" portalida aholi va tadbirkorlik sub’yektlari uchun keng qulayliklar yaratilmoqda.

Endilikda soliq to‘lovchilar soliq organlariga borishlariga hojat ham yo‘q. Negaki, portalda yuridik, jismoniy shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun soliq to‘lovchining shaxsiy kabinetlari joriy etilgan. U orqali nazorat-kassa mashinalarni ro‘yxatdan o‘tkazish, ortiqcha soliq to‘lovlarni qaytarish to‘g‘risida arizalarni, soliq hisobotlari va deklaratsiyalarni davlat elektron ko‘rinishda yuborish kabi ishlarni bajarishi mumkin. Qolaversa, to‘langan summalar, soliq qarzi mavjud emasligi, ortiqcha to‘lov kabi ma’lumotlarni ham olish imkoniyati bor.

Portalning qulayligi bu - kerakli xizmatlarni tez va oson qidirish mumkinligida. Ya’ni, davlat soliq xizmati organlarining barcha elektron davlat xizmatlari - interaktiv va axborot davlat xizmatlariga saralangan. Har bir xizmatda foydalanuvchilar uchun qo‘llanma va xizmat bo‘yicha javobgar shaxs to‘g‘risidagi ma’lumotlar joylashtirilgan.

- Hozirda Davlat soliq qo‘mitasining «Elektron davlat xizmatlari - my.soliq.uz» portali orqali 35 turdagi elektron davlat xizmatlari ko‘rsatilmoqda, - deydi Andijon viloyati davlat soliq boshqarmasi axborot texnologiyalari bo‘limi boshlig‘i Xayrullo Solijonov. – Shundan 15 tasi axborot davlat xizmatlari, 20 tasi interaktiv davlat xizmatlari tarkibiga kiradi. Aytish mumkinki, viloyatimizda mazkur xizmatlardan foydalanuvchilar soni yildan-yilga ortib bormoqda. Hozirga kelib, 43 mingga yaqin soliq to‘lovchi o‘z shaxsiy kabinetiga ega.

Andijon viloyati davlat soliq xizmati organlari tomonidan olib borilgan targ‘ibot-tashviqot ishlari natijasida o‘tgan yili to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotsiz elektron xizmat ko‘rsatish ko‘rsatkichi yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarda 5, jismoniy shaxslarda esa 3,3 barobar ortgan. Viloyat bo‘yicha 2016-yilda shaxsiy kabinet orqali 11 ming nafar soliq to‘lovchidan 50 mingdan ko‘proq, o‘tgan yilda esa 43 ming nafar foydalanuvchi tomonidan 735 mingga yaqin murojaat kelib tushgan. Albatta, bu portalning yanada takomillashgani, ko‘rsatilayotgan xizmatlarning soni va sifati ortganligi samarasidir.

- «Soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti» amaliyotga tatbiq etilgani aholining barcha qatlami uchun manzur bo‘lgani shubhasiz, - deydi Paxtaobod tumanidagi «Paxtaobod 114-qurilish» mas’uliyati cheklangan jamiyati hisobchisi Hakimjon Usmonov. - Gapning ochig‘i, avvallari bir necha kunimiz soliq idorasida o‘tardi. Ayniqsa, hisobotni topshiradigan kunlari navbat kutishdan bezor bo‘lardik. Buning ustiga hisobotda biror kamchilik bor bo‘lsa, yana boshqatdan tayyorlab kelishimizga to‘g‘ri kelardi. Hozir-chi?! Endi bemalol, ish joyimizda, hattoki uyimizda ham hisobotlar va boshqa ishlarni kunning istalgan paytida shaxsiy kabinet orqali amalga oshiryapmiz. Qisqasi, ortiqcha ovoragarchilik, qog‘ozbozlik yo‘qoldi. Muhimi, vaqtdan yutyapmiz.

Aslida ushbu loyihaning asosiy maqsadi ham shu. Soliq to‘lovchilarning, ayniqsa, tadbirkorlik sub’yektlarining soliq organlariga borishlarini kamaytirish, vaqt va sarf-xarajatlarni tejash bilan birga ish unumdorligini oshirishdir. Bu - xalq roziligiga erishish degani.

Dilmurod PARPIYeV, Andijon viloyati davlat soliq boshqarmasi jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi bosh mutaxassisi.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring