Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Biz bilgan va bilmagan Madaminbek

Biz bilgan va bilmagan Madaminbek

Foto: «Google.com»

Turkiston tarixida yurt ozodligi va mustaqilligi uchun kurashgan mard va fidoyi o‘g‘lonlar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Harbiy sarkardalar, lashkarboshilar va hukmdorlar bilan bir qatorda xalqning turli tabaqalaridan chiqqan oddiy, biroq jasur va dovyurak kishilarning nomlari Vatanimiz milliy ozodlik harakati tarixi sahifalariga zarhal harflar bilan bitilgan. Turkiston istiqloli uchun kurashgan mana shunday jo‘mard shaxslar o‘rtasida marg‘ilonlik mard yigit – Madaminbek qo‘rboshi alohida ajralib turadi.

Suvrati va siyrati
Madaminbekning asl nomi Muhammad Aminbek bo‘lib, u 1892 yilda Marg‘ilon atrofida – hozirgi Toshloq tumanining «Sadda» qishloq fuqarolar yig‘ini hududidagi So‘kchilik qishlog‘ida o‘rtahol hunarmand oilasida tavallud topgan. Madaminbekning otasi Ahmadbek o‘rta bo‘yli, to‘ladan kelgan va chiroyli odam bo‘lganligini marg‘ilonliklar yaxshi eslashadi. Ahmadbekning ota-bobolari Qo‘qon xonligi davrida turli lavozimlarda ishlashgan va ularning mavqei baland edi. XX asrning boshlarida Ahmadbekning Marg‘ilonda katta do‘koni mavjud bo‘lib, boz ustiga do‘kon sohibining o‘zi mohir hunarmand ham bo‘lgan. Madaminbekning onasi esa o‘z davrining oqila ayollaridan hisoblangan. Ayrim ma’lumotlarga qaraganda, u o‘z hovlisida maktab ochib, otinoyi sifatida yosh qizlarni o‘qitgan. Madaminbekning Maqsudali hamda Mamadali ismli ikki akasi hamda Mehriniso va Mayramniso nomli ikki opasi ham bo‘lgan.

Madaminbek Marg‘ilondagi maktab va mahalliy madrasani tugatgach, tahsilni davom ettirish uchun Buxoroi sharifga jo‘nashga ahd qiladi. Biroq taqdir Madaminbekka mudarris yoki ulamo bo‘lish qismatini ravo ko‘rmay, uni milliy ozodlik kurashining to‘s-to‘polonlari ichiga tashlaydi. Ma’lumki, bu paytda Turkiston mintaqasining katta hududi, shu jumladan, Farg‘ona vodiysi Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olingan bo‘lib, xalqimiz og‘ir mustamlakachilik zulmi ostida yashayotgan edi.

Madaminbek Birinchi jahon urushi arafasida Rossiya imperiyasining mustamlakachilik zulmiga qarshi Farg‘ona vodiysida ko‘tarilgan turli g‘alayon va isyonlarda faol qatnashadi. Shuning uchun o‘lkadagi rus politsiyasi uni 1914 yili qamoqqa oladi. Sud Madaminbekning o‘zi qilmagan jinoyatlar (qotillik va o‘g‘rilik)ni ham bo‘yniga qo‘yib, uni Sibirdagi Nerchinsk degan joyga 14 yil muddatga katorgaga hukm qiladi. Xullas, oqpodsho sudi Madaminbekning «siyosiy ishi»ga «jinoiy faoliyat» tusini berib, uning istibdod va zulmga qarshi kurashining mohiyatini yuzsizlarcha soxtalashtiradi. Shunday qilib, yosh Madaminbek hayo­tining uch yili dahshatli Sibir o‘rmonlarida o‘tgan. Biroq yigirma yoshdan sal oshgan navqiron yigit uchun bu yillar izsiz ketmaydi. Aynan uzoq va sovuq Sibirdagi og‘ir va mashaqqatli hayot Madaminbekni kelgusi kurashlar uchun chiniqtirib, uni yurt ozodligi va istiqloli uchun bo‘ladigan hayot-mamot janglariga hozirlaydi.

Madaminbekning shaxsiy hayoti haqida juda oz ma’lumotlar saqlanib qolgan. U ikki marta uylangan. Birinchi xotinining ismi Qumrixon bo‘lib, bu ayol eri Sibirga jo‘natilgach, boshqa kishiga turmushga chiqib ketgan. Marg‘ilonlik keksa kishilarning xotirlashlaricha, Madaminbekning bu ayoldan farzandi bo‘lmagan. Madaminbek keyinchalik – 1918 yil bahorida marg‘ilonlik Abdurazzoq Siddiqov – Abdurazzoq zako‘nchining yosh va go‘zal qizi Saodatxonga uylangan. Oradan ikki yil o‘tib, Madaminbek fojiali halok bo‘lganidan keyingi to‘s-to‘polonlar va ur-yiqitlar, to‘xtovsiz ta’qib va tazyiqlar natijasida Saodatxonning homilasi (Madaminbekning yagona zurriyoti) nobud bo‘lgan. Xullas, Madaminbekdan yodgor bo‘lib biror avlod qolmagan.

Madaminbekning turmush o‘rtog‘i Saodatxon aya Abdurazzoq qizi (1903 – 1994) ushbu satrlar muallifi bilan 1989 va 1991 yillarda qilgan suhbatlarida xotirlashicha, Madaminbek o‘rta bo‘yli, to‘ladan kelgan, keng yelkali, ikki yuzi qizil, qora ko‘zlari charaqlab turadigan hamda xotirjam va bosiq gapiradigan odam bo‘lgan. Madaminbek qiyofasining ushbu tasviri uning saqlanib qolgan surati (bu surat 1920 yil Toshkentda olingan)da ham o‘z isbotini topgan.

Madaminbek beklik unvonini qo‘rboshi bo‘lganidan so‘ng olgan emas. Marg‘ilon shahri va So‘kchilik qishlog‘idagi keksalar, Marg‘ilonda yashovchi Madaminbekning qayinsinglisi Ibodatxon aya (1910 yilda tug‘ilgan), jiyanlari Davronbek va Tohir Siddiqov, shuningdek, Toshloq tumanidagi Sadda qishlog‘ida yashovchi jiyani (opasining o‘g‘li) Odiljon hoji Zokirovning 1999 yilda xotirlashlaricha, Madaminbek nasl-nasabi jihatidan bek bo‘lgan. Biroq Rossiya imperiyasi Qo‘qon xonligini tugatib, Farg‘ona vodiysini bosib olganidan so‘ng Madaminbekning avlodlari o‘z mavqelarini yo‘qotgan edilar.

Madaminbek ayni paytda islomiy ilmlarni puxta egallagan xudojo‘y va taqvodor odam bo‘lgan. U kitob mutolaa qilishni xush ko‘rgan. Madaminbek muqaddas Qur’oni Karim va mashhur ozarbayjon shoiri Fuzuliyning devonini qayerga borsa, doim o‘zi bilan olib yurgan. Ba’zi manbalarda yozilishicha, Madaminbek Turkistonning buyuk istiqlol shoiri Cho‘lpon she’rlarini sevib o‘qigan. Madaminbek ishtirok etgan gurunglarda ko‘pincha suhbat mavzusi she’riyatga borib ulangan. Madaminbek o‘z ona tili – o‘zbek tilidan tashqari tojik, rus va fransuz tillarini mukammal bilgan.

Qizil armiya va bolsheviklarga qarshi kurash
1917 yildagi Fevral inqilobidan keyin siyosiy mahbus sifatida Madaminbek ozod qilindi va u Marg‘ilonga qaytib keldi. «Sho‘roi Ulamo» jamiyatining rahbarlari Madaminbekni shahar mirshablari boshlig‘i – qo‘rboshisi lavozimiga bejiz tavsiya etishmaydi. Agar u qotil va o‘g‘ri bo‘lganida nufuzli ulamolar va ziyolilar unga bu lavozimni taklif qilishmagan bo‘lardi. Shunisi ajablanarliki, Turkistonda bolsheviklar hokimiyatni zo‘ravonlik yo‘li bilan egallagach, Farg‘ona viloyati harbiy komissari K.Osipov Madaminbekni Marg‘ilon militsiyasi boshlig‘i etib tayinlash haqidagi buyruqqa qo‘l qo‘yadi va uni tegishli qurol-yarog‘ bilan ta’minlaydi. Arxiv manbalarida keltirilishicha, 1918 yil yanvar oyining oxirigacha Madaminbek shu lavozimda xizmat qiladi.

Biroq bolsheviklar va sovet rejimining xalqqa qarshi siyosati Madaminbekni ozodlik va mustaqillik uchun kurashga undadi. 1918 yil mart oyining boshlarida Madaminbek o‘z militsionerlari bilan istiqlolchilar safiga o‘tdi. Madaminbek, ayrim siyosatdonlar va tarixchilar hozir ham da’vo qilayotganidek, Qo‘qon xoni bo‘lish uchun emas, balki Farg‘ona vodiysida tinchlik o‘rnatish va bosqinchilardan yurtni tozalash uchun qo‘liga qurol oldi.

Madaminbek keyinchalik Farg‘ona xalqiga qarata qilgan murojaatida bu holni quyidagicha izohlagan edi: «Men Turkiston Muxtoriyati hukumati harakati Qo‘qonda bo‘lgan paytda sho‘rolarga xayrixoh musulmon qo‘shinlarini qo‘llab-quvvatlashni zarur deb hisobladim, ya’ni bolsheviklar hokimiyatini xalq uchun eng yaxshi va foydali, deb o‘yladim. Lekin keyinchalik shuni angladimki, bolsheviklar faoliyati faqat boylar, dehqonlar va kambag‘allarni talashdan iborat ekan. Shuning uchun ham men bolsheviklar xizmatini tashladim va Eski Marg‘ilon hukumati qo‘rboshiligidan (aslida Marg‘ilon shahar militsiyasi boshlig‘i lavozimidan – muallif izohi) ketdim» (Farg‘ona viloyati davlat arxivi, 121-fond, 1-ro‘yxat, 219-ish, 34-varaq).

Tez orada Madaminbek atrofida Marg‘ilon va Toshloqdagi jasur, chapani yigitlar to‘planishdi. «Yakkatut bo‘lisi (volosti) Garbuva qishlog‘idagi Madaminbek guruhining qarorgohiga ommaviy ravishda mahalliy yoshlar kelib qo‘shilardi», deb yoziladi 1918 yilga oid sovet rasmiy hujjatlaridan birida.

Xullas, 1918 yil bahorida istiqlolchilar safiga uzil-kesil o‘tgan Madaminbekning qo‘l ostida dastavval 1000 – 1500 nafar yigit bor edi. «Dehqondan so‘nggi yaktagini tortib olgan» sovet hokimiyatiga qarshi kurashish Madaminbekning asosiy matlabi bo‘lgan. Farg‘ona vodiysidagi milliy ozodlik harakati safiga Madaminbek singari salohiyat­li sarkardaning kelib qo‘shilishi juda katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Bu paytga kelib qizil armiya­ga qarshi hayot-mamot janglarini bosh­lagan boshqa qo‘rboshilar «sovetlar bilan hamkorlik qilish»dek achchiq va noyob tajribaga ega emas edilar. Qo‘rboshilar Turkiston mintaqasida sovet hokimiyatini tugatishni o‘z oldilariga maqsad qilib qo‘ygan bo‘lishsa-da, harbiy tayyorgarliklari ancha past edi.

Qahramon RAJABOV,
tarix fanlari doktori, professor
«Vatanparvar» gazetasi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring