Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Shavkat Mirziyoyev: «Bog‘cha qilaman deb aldab ketayotgan «tadbirkorlar» ham bor»

Shavkat Mirziyoyev: «Bog‘cha qilaman deb aldab ketayotgan «tadbirkorlar» ham bor»

Foto: «President.uz»

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida bugun, 14-fevral kuni maktabgacha ta’lim tizimini isloh qilish va rivojlantirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi tahliliga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilishda joylardagi maktabgacha ta’lim muassasalarining ahvoli, sohadagi ishlarni jadallashtirish chora-tadbirlari muhokama qilindi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Shuningdek, joriy yilda davlat maktabgacha ta’lim muassasalari qurish, ta’mirlash va jihozlash bo‘yicha manzilli ro‘yxatni tasdiqlash, bolalar bog‘chalarining moddiy-texnik holatini o‘rganib, mebel, oshxona jihozlari, o‘yin maydonchalari va sport inventarlariga bo‘lgan talabni aniqlash hamda yaqin 2 yilda mamlakatdagi barcha bog‘chalarni jihozlash bo‘yicha hujjatlar tayyorlanadi.

Yangi quriladigan va rekonstruksiya qilinadigan bog‘chalarning loyiha-smeta hujjatlarini sifatsiz tayyorlash, qurilish va ta’mirlash ishlarini oxiriga yetkazmaslik, ba’zilarini ta’mirlamasdan qoldirib ketish holatlari ko‘p uchrayotgani tanqid ostiga olindi.

Masalan, o‘tgan yili Xorazm viloyati Urganch shahridagi 14-bog‘chada qurilish-ta’mirlash ishlari sifatsiz bajarilgan, muhandislik tarmoqlariga to‘liq ulanmagan, jihozlar to‘liq yetkazib berilmagan. Qashqadaryo viloyatining Mirishkor tumanidagi 3-, Nishon tumanidagi 20-, Koson tumanidagi 32-bog‘chada ta’mirlash ishlari nihoyasiga yetkazilmagan. Buxoro shahridagi 3-, Buxoro tumanidagi 19-, Romitan tumanidagi 11-, Qorako‘l tumanidagi 7-bog‘chalarda pardozlash ishlari sifatsiz bajarilgan, jihozlarning 50 foizi yetkazib berilmagan. Ko‘plab loyihalarda nazarda tutilmagani sababli bog‘chalar hududini obodonlashtirish, atrofini o‘rash, tashqi kommunikatsiya tarmoqlariga ulash ishlari bajarilmay qolmoqda.

Bu kabi kamchiliklarni bartaraf etish uchun hokimliklar, Maktabgacha ta’lim vazirligi hamda Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasiga tegishli topshiriqlar berildi. Maktabgacha ta’lim muassasalarining loyiha-smeta hujjatlarida yordamchi binolarni ham ta’mirlash va jihozlashni nazarda tutish, ularni aholi uchun qulay va muhandislik-kommunikatsiya tarmog‘i mavjud hududlarga joylashtirish zarurligi qayd etildi. Namunaviy loyihalarni qayta ko‘rib chiqib, yangi quriladigan bog‘chalar uchun sarflanadigan xarajatlarni arzonlashtirish vazifasi qo‘yildi.

— Navbatdagi muhim masala, — dedi Shavkat Mirziyoyev, — davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat bog‘chalar tarmog‘ini kengaytirishdir. Hududlarga biriktirilgan tijorat banklari va tadbirkorlar tomonidan 2018-yilda jami 222 ming nafar bolaga mo‘ljallangan 3 mingdan ziyod nodavlat bolalar bog‘chasini tashkil etish rejalashtirilgan. Shundan 1 ming 200 tasi yangi quriladigan binoda, 1 ming 360 tasi mavjud binolarda va 470 tasi uy bog‘chasi sifatida tashkil etiladi.

Joylarda bu borada qator ishlar boshlangani, lekin Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm va Navoiy viloyatlarida sust borayotgani qayd etildi. Ayrim rahbarlarning uzoqni ko‘ra olmasligi va davlat siyosatini tushunmasligi oqibatida ishlab turgan davlat bog‘chalarini xususiylashtirish va tadbirkorlarga berib yuborishga urinish holatlari kuzatilmoqda. Bu esa aholining o‘rinli va jiddiy e’tiroziga sabab bo‘lmoqda.

Shu bois tadbirkorlarga ishlamay turgan bog‘chalarni berish, binoni ta’mirlab va jihozlab ishlatish vazifasini qo‘yish zarurligi ta’kidlandi.

— Xususiy bog‘cha uchun yaxshi joydan yer, bino va imtiyozli kredit olib, qurilgan yoki ta’mirlangan binodan 1-2 yildan keyin boshqa maqsadda foydalanaman, degan «xomxayol» bilan yurgan «qo‘shtirnoq ichidagi tadbirkorlar» ham bor, — dedi Prezident. — Shu sababli hokimliklar xususiy bog‘chalar uchun yer va bino ajratish, banklar esa kredit berish to‘g‘risidagi o‘z qarorlarida bunday binolardan kamida 15-20 yil davomida bog‘cha sifatida foydalanish zarurligi to‘g‘risidagi shartlarni nazarda tutishi kerak.

Davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy bog‘chalar tashkil etish bo‘yicha ham qator vazifalar belgilandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring