Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Bu siz o‘ylagan «narsa» emas! TATUdagi «baho mashmashasi»ga izoh berildi

Bu siz o‘ylagan «narsa» emas! TATUdagi «baho mashmashasi»ga izoh berildi

Foto: «Xabar.uz»

Shu kunlarda ayrim ijtimoiy tarmoqlar hamda telegram-kanallarda Toshkent axborot texnologiyalari universitetidagi imtihonlar va kredit tizimi haqida har xil gap-so‘zlar tarqaldi. «Xabar.uz» muxbiri bunga izoh olish maqsadida universitet kredit tizimini boshqarish bo‘limi boshlig‘i Farhod Alisherov bilan suhbatlashdi.

Farhod Alisherov. Foto: «Xabar.uz»

— «Telegram»da bir fotosurat paydo bo‘ldi: buncha talaba nega halak, degan savol tug‘iladi. Bunga nima deysiz?

— O‘sha kuni dasturlash fanidan apellyasiya bo‘lib o‘tgandi. 4-5 ball olgan, umuman yozmagan, imtihondan shpargalka, telefon va boshqa taqiqlangan vositalarni ishlatgani uchun chetlashtirilgan talabalarning barchasi birday yugurib keldi. Bular birinchi bosqich talabalari: apellyasiya nimaligini bilmagan, bahosini savol-javob orqali yoki qaytadan ko‘taraman, deb o‘ylashgan.

— Ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlarga munosabatingiz?

— Ha, fotosuratdagi manzara TATUda kuzatildi, buni inkor etmayman. Ammo bu siz o‘ylagan «narsa» emas!

Buning yuzasidan menga ko‘pgina savollar va fikrlar keldi. Ushbu holat turli telegram-kanallarda xabar berilganidek, «stipendiyaga navbat» yoki «baho mashmashasi» emas, balki imtihondan o‘tolmagan talabalarning qayta topshirishga kirish jarayoni. Bu semestr davomida «oxirida bir amallaymiz» degan xayolda yurgan talabalarning ahvoli! Endi ular nima qilish kerakligini, o‘qimasa ahvoli yomon ekanligini tushunib yetishdi.

Turli kanallarda tarqalgan yolg‘on (fake) axborotlarga ishonmaslikni so‘rab qolardim. Judayam ko‘p talabalar mening nomimdan kanallar yoki profillar ochib ham ma’lumot tarqatishibdi... Eslatib o‘taman, bizning rasmiy telegram-kanalimiz mana bu: https://t.me/lms_tuit_official. Shuningdek, savollar bilan @lms_tuitbot telegram-botimizga yozishingiz mumkin.

Eslatib o‘taman, o‘qitishning kredit tizimida talabaning ma’lum o‘quv kursini o‘zlashtirish darajasi turli mezonlar asosida belgilanadigan ma’lum miqdordagi kreditlar summasini yig‘ishiga bog‘liq bo‘ladi.

Yig‘iladigan umumiy kreditlar talabaning darslardagi faol ishtiroki, muayyan o‘quv kursi davomida olingan test natijalari, ilmiy izlanishlar, og‘zaki va yozma imtihonlar, amaliyot natijalari asosida belgilanadi.

— Farhod aka, keling, shu bahona kredit tizimiga yana bir bor oydinlik kiritib olsak: ushbu tizim nima o‘zi, uni TATUda joriy etishdan maqsad nima?

— TATUda respublikada birinchilardan bo‘lib, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 24 iyuldagi 569-son qaroriga muvofiq, ta’limning kredit tizimi joriy etildi.Tizimni muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘yish uchun universitet rahbariyati qat’iy ish olib boryapti.

Maqsad: o‘quv jarayonida jahon oliy o‘quv yurtlarida keng tarqalgan ta’limning kredit tizimini joriy qilish orqali universitetni jahonning nufuzli oliy ta’lim muassasalari qatoriga kirishini ta’minlashdir.

O‘qitishda kredit tizimining asosiy afzalliklari:

  • Akademik mobillik — talaba ta’lim jarayoni davrida chet el yoki boshqa biror bir ta’lim muassasalarida kreditlarini saqlagan holda tahsilini davom ettira oladi;
  • Ta’lim sifatining yuqori darajadaligi — o‘quv jarayonida chet el o‘quv yurtlari va tashqi muassasalardan o‘z sohasini mukammal o‘zlashtirgan mutaxassislar jalb etiladi;
  • Ta’lim jarayoni jadalligini ta’minlash maqsadida chet el oliy ta’lim muassasalari amaliyotidan kelib chiqqan holda o‘quv dasturlari ishlab chiqiladi;
  • Talabalar o‘z istagidan kelib chiqqan holda fan  va o‘qituvchini tanlash imkoniyatiga ega bo‘ladi va hokazo.

Bundan tashqari, tizimning eng katta afzalliklaridan biri shuki, fanlar asosli ravishda qisqartirildi. Sohaga yo‘naltirilgan fanlarga talab oshirildi. Avvallari talaba 13ta fan bo‘yicha tahsil olar edi, hozir esa 7tasi qoldirildi. Bu esa chuqurroq bilim olish imkoniyatini vujudga keltiradi. Oldin o‘quv rejasi bo‘yicha 43ta fan bo‘lgan bo‘lsa hozir ularning soni 31ta.

— TATUda bu tizim qanday yo‘lga qo‘yilmoqda?

— Talabalarga semestr davomida darsda beriladigan mustaqil ish va uyga vazifalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri lms.tuit.uz saytiga joylashtiriladi. Shundan so‘ng o‘qituvchiga talaba himoya uchun boradi. Bunda reyting ko‘rsatkichlari oshib boraveradi. O‘qituvchi tomonidan mustaqil ish va uyga vazifalar uchun dedlayn belgilanadi. O‘z vaqtida mustaqil ish va uyga vazifalarni saytga yuklamagan talabalar baholanilmaydi. Qayta topshirish degan fikr — noto‘g‘ri! Bu tizimda qayta topshirish tushunchasi mavjud emas. Faqat qayta o‘qish mumkin.

— Qayta o‘qish nima, nega kerak?

— Qayta o‘qishni qayta topshirish yoki jarima bilan adashtirish kerak emas. Qayta o‘qish o‘z nomi bilan — QAYTA O‘QISh. Ya’ni, talabalar ushbu fanni qaytadan o‘qiydi. Qayta o‘qish — birinchi darsdan to oxirgi darsgacha o‘tilgan ma’ruza, laboratoriya hamda amaliy mashg‘ulotlarni o‘z ichiga oladi. Talabalar, shuningdek, barcha topshiriqlarni, mustaqil ishlarni, laboratoriya, amaliy mashg‘ulotlarni va h.k.larni qaytadan topshirishi kerak bo‘ladi hamda semestr oxirida yakuniy nazoratdan o‘tadilar.

Qayta o‘qish — pullik. Chunki talabalar qaytadan ta’lim oladi. Talabalarga ma’ruzalar, laboratoriya mashg‘ulotlari bepul olib borilmaydi, uy vazifalari tekshirilmaydi va h.k. Talabalar qayta ta’lim olish uchun pul (kontrakt) to‘laydilar. Aynan shuning uchun kredit summasi kontrakt summasidan kelib chiqib hisoblanadi.

Foto: «Xabar.uz»

— Yakuniy imtihonlar-chi? Bu nima bo‘ladi?

— Yakuniy imtihonga kirgan talabaga imtihon qog‘ozlari topshiriladi. Imtihon qog‘ozlarining yarmiga talabaning ismi, otasining ismi, familiyasi, guruhi yoziladi. Qolgan yarmiga esa ushbu axborotlar QR-kod shaklida shifrlangan. Yakuniy nazorat boshlangan vaqtda kuzatuvchilar imtihon varaqalaridan talaba haqidagi ma’lumotlarni yirtib oladilar. Faqat QR-kod qismi qoldiriladi. Ushbu QR-kodni faqat kredit tizimidagi maxsus ishlab chiqilgan dasturlar o‘qiy oladi, xolos. Yakuniy nazoratga 2 soat vaqt beriladi. Yarim soat mobaynida yakuniy nazorat savollari va QR-kod tarqatiladi. Bir yarim soat esa yakuniy nazorat savollarini ishlash uchun beriladi. So‘ng hamma imtihon qog‘ozlari yig‘ib olinadi va javoblarni tekshiradigan maxsus guruhga topshiriladi. Ushbu guruh ikki ish kuni ichida yakuniylarni tekshirib chiqadi. Imtihon javoblarini tekshiruvchi guruh a’zolari ham qaysi talabaning yakuniy nazorat ishini tekshirayotganidan butunlay bexabar bo‘ladi. Shu bilan imtihon javoblari e’lon qilinadi. lms.tuit.uz sayti orqali imtihon va uning natijalarini e’lon qilishda to‘liq shaffoflikka amal qilinadi.

— Talabalar «kredit»ni qanday qabul qilishyapti?

— Bilasizmi, ko‘p talabalar buning nimaligini hali tushunib yetgani ham yo‘q. «Eski hammom, eski tos» qabilida ish tutib, o‘z vaqtida fanlarni o‘zlashtirmayotganlar borligi achchiq haqiqat, buni yashirmayman. «G‘alvir suvdan ko‘tarilganida» — yakuniy nazoratlar paytida bu yaqqol ko‘zga tashlanib qoldi. Yakuniy nazoratlarda esa to‘liq shaffoflik ta’minlandi.

Albatta, yangi tizimni xushlamayotganlar ham yo‘q emas. Sababi negaligini mendan ko‘ra yaxshiroq tushunib turibsiz... Hatto oldingi tizim tarafdorlari ham topiladi. Ularga savol: xo‘sh, avvalgi tizim zo‘r ekan, nega unda ta’lim tizimimizning tanqiddan boshi chiqmay qoldi?..

Ammo yangi tizim, yangi ta’lim hammasini o‘z izmiga solmoqda. Talabalardan so‘raladigan yagona narsa bu — chuqur bilim egallash! Endi boshqachasiga ta’lim olish, o‘quv jarayonini davom ettirish mumkin emas!

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring