Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident: «Chiqindilarni qayta ishlashda chet davlatlar tajribasini o‘rganish kerak»

Prezident: «Chiqindilarni qayta ishlashda chet davlatlar tajribasini o‘rganish kerak»

Foto: «President.uz»

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida bugun, 2-fevral kuni ekologik holatni yaxshilash va atrof-muhitni muhofaza qilish borasidagi ishlarni tahlil etish, eng dolzarb vazifalarni belgilab olishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda shu kabi kamchilik va muammolar tanqidiy tahlil qilinib, tizim oldidagi dolzarb vazifalar belgilab berildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasiga tegishli vazirliklar bilan birgalikda shaharlarda chiqindi yig‘ish shoxobchalarini tartibga solish, qishloq aholi punktlarida sanitar-tozalash xizmatlarini rivojlantirish bo‘yicha 5 yillik dastur ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Ushbu dasturda ko‘p qavatli uylarda yashovchi aholi sonidan kelib chiqib, chiqindi yig‘ish maydonchalarini namunaviy loyihalar asosida optimal tashkil etish, chiqindi tashish maxsus texnikalari xaridini ko‘paytirib, qishloq aholisini sanitar-tozalash xizmatlari bilan bosqichma-bosqich qamrab olish, davlat-xususiy sheriklik prinsipi asosida «Toza hudud» unitar korxonalari buyurtmasiga ko‘ra sohada tadbirkorlar ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari nazarda tutiladi.

Maishiy chiqindilarni qayta ishlash haqida so‘z borar ekan, Prezidentimiz xorijiy davlatlar tajribasini o‘rganish va keng joriy etish zarurligini ta’kidladi.

— Germaniya, Belgiya, Yaponiya, Gollandiya, Shvetsiya kabi mamlakatlarda 60-65 foiz maishiy chiqindi qayta ishlanadi, 20-25 foizidan energiya olinadi, qolgan qismi yoqiladi. Ya’ni chiqindini poligonlarda ko‘mishga ham ehtiyoj yo‘q, — dedi Shavkat Mirziyoyev. — Buning natijasida yer resurslari tejaladi, iqtisodiy samaraga erishiladi va atrof-muhitga salbiy ta’sir kamayadi.

Shundan kelib chiqib, joriy yilda mamlakatimizning 9 ta shahrida chiqindini yig‘ish va qayta ishlash klasterlarini ishga tushirish bo‘yicha topshiriq berildi. Bu borada Surxondaryoda tashkil etilgan klaster faoliyati namuna qilib ko‘rsatildi.

Shuningdek, Farg‘ona vodiysi, Jizzax, Sirdaryo, Toshkent viloyatlarida amalga oshiriladigan chiqindini qayta ishlash loyihalari bo‘yicha investorlar bilan bitimlar imzolash, loyiha hujjatlarini tayyorlash va moliyalashtirish yuzasidan «yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Chiqindilarni to‘plash va tashish ishlarini doimiy nazorat qilish, aholining bu boradagi madaniyati va mas’uliyatini oshirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.

— Bu boradagi ishlar zamirida odamlarning sog‘lig‘i, turmush farovonligi yotibdi. Shu bois, bu masala bilan har bir tumanda va doimiy shug‘ullanish kerak, — dedi davlat rahbari.

Muhokama qilingan masalalar bo‘yicha mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.


Ma’lumot uchun, 2017-2021-yillarda maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni tubdan yaxshilash yuzasidan kompleks dastur qabul qilinib, moliyalashtirish manbalari aniq belgilab berildi.

Tizimda 13 ta «Toza hudud» davlat unitar korxonasi va ularning 174 ta tuman (shahar) filiali tashkil etildi. Ushbu unitar korxonalar balansiga 1 ming 300 ta maxsus texnika, 1 mingta chiqindi to‘plash maydonchasi, 5 ming 800 ta konteyner va 172 ta poligon o‘tkazildi.

O‘tgan yili qo‘shimcha 305 ta chiqindi to‘plash maydonchasi qurilib, 2 mingdan ziyod konteyner bilan jihozlandi. Respublika bo‘yicha jami 295 ta poligon to‘liq xatlovdan o‘tkazilib, ularning kadastri tuzildi, 97 ta chiqindi poligoni tartibga keltirildi. Qo‘mita qoshida maishiy chiqindilar bilan bog‘liq masalalarni nazorat qilish inspeksiyasi tashkil etildi.

Biroq, bu sohada hali o‘z yechimini kutayotgan masalalar va qilinadigan ishlar juda ko‘p. Masalan, yurtimizda 53 foiz aholiga sanitar-tozalash xizmati ko‘rsatiladi, xolos. Shundan atigi 15 foizi xususiy sektor hissasiga to‘g‘ri keladi. Deyarli barcha qishloqlarda maishiy chiqindilarni yig‘ish, saqlash va tashish umuman yo‘lga qo‘yilmagan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring