Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Chol va xo‘roz (ibrat)

Chol va xo‘roz (ibrat)

Foto: od-press.uz

Kun issiqdan-issiq bo‘ldi. Toshboy chol hovlidagi bir tup tok tagi – chorpoyada yostiqqa yonboshlagan ko‘yi o‘tirar, kafti bilan ko‘zini quyoshdan to‘sib, hovli to‘riga qur-fur ser solib, har-har zamon ixrab-ixrab qo‘yardi. Uning ikki-uch kundan beri mazasi yo‘q – oyoqlari o‘ziga bo‘ysunmas, holi zabun, ayni paytda soya joyga-da yetolmas, ham bir piyola suvga zor bo‘ldi.

Choldan boshqa hovlidagi bor tirik jonzot – ikki dona chipor tovuq chorpoya chetida ochiq qolgan dasturxondagi ushoqlarni yeb, qattiq nonni cho‘qishar, tez-tez bosh ko‘tarishib, chol tarafga qarab-qarab qo‘yishar, cholning qo‘l sermab-qo‘l sermab, bazo‘r aytgan «kisht-kisht»lari benafu-besamar bo‘ldi.

Ayni dam issiqdan lohaslanib, lablari quriqshagan chol tovuqlarga qarab o‘y surar, xayolan ularga gina-yu kudurat qilar bo‘ldi: «Eh, senlar-a, o‘z erklaring o‘z qo‘llaringda, oyoqlaring butun bo‘lsa, suvdondagi suvdan ichib, soya-salqin kataklaringda yotmaysanlarmi ma-aza qilib, to soya-salqin tushguncha, zang‘arlar...»

...Cholning xayoli yoshligi – o‘t olov chog‘lariga ketdi. Katta uyning kenjasi va erkasi – Toshboy tinib-tinchimas, ham o‘ta qaysar edi. Otasi hayotligida unga ko‘pdan-ko‘p nasihatlar qildi. Toshboyning javobi esa  og‘izda «xo‘p-xo‘p» bo‘ldi. Amalda manavi tovuqlar kabi qulog‘iga gap kirmas bo‘ldi.  Uylandi ham o‘zgarmadi, xotin qo‘yib-xotin olish unga bir oddiy gapday bo‘ldi. Ota-onasining rizo-norizoligiga mutlaq befarq-bee’tibor bo‘ldi.

Kunlardan birida aroqdan kayfi taraq o‘tirgan Toshboy qaynog‘asining kelganini xushlamay, uning bor-yo‘g‘i nasihatomuz aytgan gapini hazm qilolmay, janjallashib, zo‘rligini unga ko‘rsatib ko‘ydi, jahl ustida xotinini-da do‘pposladi hamda «talog‘ini qo‘liga tutqazib» yubordi. Natija – bir necha yillik umri qamoqxonada hayf bo‘ldi.

Chol o‘tgan hayotini bir-bir ko‘z o‘ngidan o‘tkazarkan, o‘sha ikkinchi xotinining o‘ta «rashkchi» bo‘lgani esiga tushdi. O‘zicha ta’miz qildi: nega tovuqlar xo‘rozni bir-biridan rashk qilmaydi? So‘ng: bu – tovuq, u – xotin dedi, tovuqda miya yo‘q, xotinda miya bor, o‘y bor, his bor. Unda «tovuqmiya» demish gap-chi? Xotinning o‘z erini rashk qilishi o‘rinlimi? O‘rinli. Xotinni urganim...

Cholning xayolini, «pa-app» etib chorpoyaga chiqib kelgan xo‘roz bo‘ldi. Xo‘roz xo‘rozligini qildi, bir ikki marta tovuqlarga xezlanib, go‘yo do‘q-po‘pisa qilgan bo‘ldi, so‘ng tumshug‘iga bir bo‘lak qotgan nonni ilgancha tap etib tushib ketdi.

Pastga tushib olgan xo‘roz, non bo‘lagini yerga tashlab, go‘yo: «beri kel, baring kel» deganday, qisqa-qisqa «qooq-qoq, boq-boq-boq» deya tovush berib chaqirar – chorlar bo‘ldi. Chipor tovuqlarga quloq bitib, birin-ketin pastga tushishdi. Chol hayriyat-ye, dedi, ham «E-barakalla!»  deya xo‘rozni alqar bo‘ldi.

So‘ng... so‘ng qiziqishi ortib, yostiqdan sal bosh ko‘tarib qarar bo‘ldi. Bir burda non bo‘lagi atrofida jamlangan bir xo‘roz, ikki tovuq va chorpoya tagidan chirqillab chiqmish besh-oltita ola chipor jo‘jalarni ko‘rib, ko‘zlariga ishonar-ishonmas bo‘ldi.

O‘ylanib turib, o‘saldan-o‘sal bo‘lgan chol turib-turib: «Vah, buni qara-buni qara», demish bo‘ldi. So‘ng: «yo‘q-yo‘q», dedi, «tovug‘-u xo‘rozning miyasi bor, miyasi bor», dedi. O‘ylanib-o‘ylanib: «Shu tovuqlarda bor miya aslida menda yo‘q», dedi. O‘zidan-o‘zi xafa bo‘ldi.

Yana, past-bo‘g‘iq ovozda, o‘ziga o‘zi: «Qara-ya bularning ahlligini, miyasining ishlagani-chi? Xo‘roz mendan istihola qilganday, non bo‘lagini pastga olib tushdi, so‘ng xotinlarini... yo‘g‘-e, tovuqlarni pastga chiqardi, jo‘jalarini o‘ylaganini qara...  Qara, Toshboy, qara – ko‘r buni», demish bo‘ldi.

Alal-oqibat, cholning ishi uh tortish, o‘zini yozg‘irish bo‘ldi: «E, Toshboy, suf senga, xo‘rozman deb yuraveribsan-u, asli shu bir «Boboq»cha bo‘lmabsan, uch xotindan tug‘ilgan besh farzandga shu xo‘rozcha  mehribonlik qilmabsan, ularga non topib yeyishni-da o‘rgatmabsan-a... Endi oqibatini ko‘r, kimga aylanding, bugun kimga kerakcan? Birinchingdan tug‘ilgan to‘ng‘iching bordi-keldi qilmaydi, ikkinchingdan ko‘rgan bolang el ko‘ringga bir-bir xabar olgan bo‘ladi, ikkita non ko‘tarib zo‘rg‘a oyog‘ini sudrab kelib, indamay o‘tirib-o‘tirib, «mayli, esa men ketdim», deydiyu ketadi. Hol-ahvol, bir nima kerakmi, deb so‘rash yo‘q, xuddi begonaday: na bir yaqinlik, na bir iliqlik bor. Turmushga chiqib ketgan ikki qizingdan-ku xabar ham, darak ham yo‘q...

A-ha, Toshboy, qaytar dunyo ekan, qara-ya, vaqtida ota-onangni norozi qilganing bugun oldingdan chiqdi, farzandlaringdan qaytdi, birovdanmas o‘zingdan o‘pkala...

O-o, Toshboy, Toshboy... Haliyam shukr qil, onasi qazo qilgach, kuningga kenja qizing yarab turibdi, kunda bir kelib xabar oladi, «qandaysiz» deydi, «ovqat yeb oling» deydi, «kiyimlaringizni almashtirib kiyib oling», deydi.  So‘ng iloj-noiloj u ham «ota, men ketdim, boraqolay» deydi, «O‘z uyim-o‘lan to‘shagim» deydi-da... Uzzu kun to‘rt uy naridagi qizingning yo‘liga ko‘z tikib yotishdan boshqa chorang yo‘q endi...».

Chol bir o‘zi huvillagan hovlida, uchi-quyrug‘i yo‘q xayollarga bandi bo‘lib, afsus chekib: «Uh, Toshboy, bir xo‘rozcha bo‘lolmagan Toshboy...», deya o‘tgan umrini sarhisob qila-qila, xatosini anglaganday va nihoyat, «nima eksang, shuni o‘rasan», degan naqlning naqadar haqligini bilganday bo‘ldi.

Xolmo‘min Yodgorov

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring