Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Deputatlik so‘rovi e’tiborga muhtoj(mi)?!

Deputatlik so‘rovi e’tiborga muhtoj(mi)?!

Maqolaning sarlavhasidan sezyapsizki, bugungi mulohazalarimiz raqamlar yoki balandparvoz gaplar ustida emas, balki yetakchi partiyaning joylardagi vakillari deputatlik so‘rovi, davlat organlari rahbarlarining hisobotlarini eshitish institutlari imkoniyatlaridan qanday foydalanyapti, ushbu vositalardan samarali foydalanish bugungi kun talabiga javob beradimi yoki, haqiqatan ham, e’tiborga muhtojmi? Saylovchilar ishonib ovoz bergan, ko‘ksiga xalq vakili sifatida nishon taqqan deputatlar shu davr ichida odamlarni o‘ylantirayotgan qancha masalani o‘rgandi, uning amaliy natijalari qanday, degan savollar atrofida kechadi.

Ma’lumki, deputatga berilgan vakolatlar orasida deputatlik so‘rovi alohida ahamiyatga ega institut hisoblanadi. Negaki, unda ko‘tarilayotgan har bir masala ortida, eng avvalo, inson taqdiri, ko‘pchilikning manfaatlari turadi. Qolaversa, bu tizim odamlarning partiyaga ishonchini oshirishga xizmat qiladi.

Qayd etish joizki, 2018 yilning aprel holatiga xalq deputatlari mahalliy kengashlarida O‘zLiDePdan 2276 nafar vakil faoliyat olib bormoqda. Shundan 291 nafari viloyat, 1707 nafari tuman, 278 nafari shahar kengashlari deputatlaridir. Bu raqamlar partiya va uning g‘oyalariga saylovchilar tomonidan juda katta ishonch bildirilganini ko‘rsatadi, albatta. Lekin bugun saylovchi partiyamizga deputatlarning soniga qarab emas, balki ularning ishiga qarab baho beradi. Shu bois mavjud salohiyatdan samarali foydalanish oldimizda turgan eng muhim vazifalardan biri desak xato bo‘lmaydi.

Prezidentimiz parlamentga qilgan Murojaatnomasida “Nima uchun aniqlangan muammolar yoki saylovchilar ko‘tarayotgan masalalar tegishli qonunlar qabul qilish yo‘li bilan yoki ijro hokimiyati oldiga masalani qat’iy qo‘yish bilan hal etilmayapti? Samarasiz nazorat, quruq majlislarning, aytinglar, kimga keragi bor?” degan qat’iy talabni qo‘ygan edi. To‘g‘risini aytish kerak, shundan so‘ng ishimizda jonlanish bo‘ldi. Joylarda muammolar o‘rganildi, ular bo‘yicha qat’iy tarzda deputatlik so‘rovlari jo‘natish tizimi takomillashdi. Sessiyalar kun tartibiga ham ko‘pchilikning manfaatlari aks etgan masalalar kiritila boshladi. Lekin bu ishlar davomiy bo‘lmadi. Ochig‘i, hozir o‘sha paytdagi shasht, ishchanlik yetishmayapti. Buni ochiq aytish kerak. Bunday vaziyatda Prezidentimiz tomonidan qo‘yilgan qonunning birdan-bir manbai va muallifi tom ma’noda xalq bo‘lishi shart degan qat’iy va hayotiy talabni amalda qaror toptirish mushkul. O‘z-o‘zidan ayonki, taklif quyidan chiqsagina, qabul qilinayotgan qonunlar shunchalik hayotga yaqin bo‘ladi.

Qanchalik og‘ir bo‘lmasin, shuni tan olish kerakki, oldimizda ijro hokimiyati yoki boshqa organlar oldiga masalani qat’iy qo‘yish, samarali va asosli deputatlik nazoratini o‘rnatish bobida qilinishi lozim bo‘lgan tashkiliy-huquqiy masalalar mavjud. Yanada aniqroq aytadigan bo‘lsak, masalani qat’iy qilib qo‘yishning aniq chora-tadbirlarini o‘zida qamrab olgan, oldindan belgilanadigan aniq dasturlar ishlab chiqilmagan. Agar quyi pog‘onadagi deputatlik so‘rovlarining joriy yil birinchi choragidagi holati tahliliga nazar tashlasak, bu yanada oydinlashadi.

Shu yilning birinchi choragida xalq deputatlari viloyat, tuman (shahar) kengashlaridagi partiya deputatlik guruhi va a’zolari tomonidan jami 4038ta deputatlik so‘rovi ijro organlari mansabdor shaxslariga yuborilgan bo‘lib, shundan 549 tasi viloyat kengashi, 3489 tasi tuman (shahar) kengashlari deputatlari va deputatlik guruhlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Bu — sondagi o‘zgarishlar tahlili. Xo‘sh, sifat borasida ahvol qanday? Ijroiya organlari deputatlik so‘rovlariga o‘z vaqtida asoslantirilgan tarzda tushuntirishlar berayaptimi yoki aksincha holatlar ham mavjudmi?

Quyidagi misol bu savollarga qisman javob bo‘la oladi.

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi tomonidan joriy yil birinchi choragida “Hududlarda yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyatining bugungi holati, ushbu faoliyatni rivojlantirish istiqbollari” o‘rganilgan edi. Ushbu jarayonda 170 ta tuman, 30 ta shahar (shaharcha) qamrab olinib, o‘rganishlarga barcha pog‘onadagi deputatlar jalb etilib, jami 574 ta so‘rov chiqarildi. Shulardan 367 tasiga javob olingan bo‘lsa, 200 dan ortiq so‘rov bo‘yicha javoblar o‘z vaqtida berilmagan.

Xalq deputatlari Zarafshon shahar Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhi a’zosi Sh.Kochkanovning 2018 yil 27 aprelda Zarafshon shahar hokimining birinchi o‘rinbosari D.F.Yelmuratovga “Hududning investitsiyaviy salohiyatini oshirish, tadbirkorlik sub’yektlari uchun xalqaro moliyaviy-investitsiyaviy tashkilotlarining mablag‘laridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha Zarafshon shahrida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida” hamda 30 aprelda “Iste’mol tovarlari ishlab chiqarishni kengaytirish va aholining ularga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qondirish, jumladan, maqbul narxlar bo‘yicha keng turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan xalqimizni to‘liq ta’minlash borasida shaharda amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan” ma’lumotlar so‘rab yo‘llagan so‘rovlariga hanuzgacha javob qaytarilmagan.

Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhi tomonidan shu yilning 9 aprel sanasida Kattaqo‘rg‘on tuman hokimiga yuborilgan so‘rovga, Xonqa tumani Kengashi deputati tomonidan 18 may sanasida Xonqa tuman hokimiga yuborilgan so‘rovlar ham javobsiz qolmoqda. Bu kabi misollarni o‘nlab keltirish mumkin.

Ahvolni qanday izohlash mumkin? To‘g‘ri, barcha aybni deputat so‘roviga o‘z vaqtida javob qaytarmagan mutasaddi tashkilotga ag‘darish osonroq. Lekin tanganing ham ikki tomoni bo‘lganidek, o‘rganishlar deputatlik so‘rovlari sifatini oshirishni taqozo etayotganini ham ko‘rsatdi. Ming afsuski, deputatlik so‘rovi predmeti, yuborish sub’yekti, qo‘yiladigan masala dolzarbligini belgilash bilan bog‘liq masalalarda barcha deputatlar ham talab darajasida faoliyat ko‘rsata olmayapti.

Yana bir muhim masala. Deputatlik so‘rovini amalga oshirish jarayonida deputatlar, eng avvalo, so‘rovni deputatning boshqa murojaatlar bilan ishlash amaliyotidan farqlay olishlari kerak. Shuni unutmaslik zarurki, vakolatli organga yuborilgan har bir deputat murojaati deputat so‘rovi kabi huquqiy maqomga ega emas. Sodda qilib aytganda, deputatning murojaatlar bilan ishlash faoliyati murojaatlarni ko‘rib chiqish borasida amaldagi qonun hujjatlari asosida tartibga solinsa, deputat so‘rovining mazmuni va unga qo‘yilgan talablar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman (shahar) kengashlari deputatlari va ularning maqomlariga oid yaxlit qonunlar asosida tartibga solinadi. Ming afsuski, haligacha ayrim deputatlar yo‘llangan har qanday murojaatni deputatlik so‘rovi sifatida tushunishmoqda. Buni aytish og‘ir, ammo bor gap.

Aytish joizki, partiya guruhi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslariga ularning vakolatlariga kiradigan masalalar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berish yoki o‘z nuqtai nazarini bayon qilish talabi bilan partiya guruhi so‘rovini yuborishga haqlidir. Qonunlar, davlat dasturlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarorlari, Oliy Majlis palatalarining qarorlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlari, xalq deputatlari kengashlarining qarorlari, mahalliy ahamiyatga ega dasturlarga kiritilgan vazifalarning ijrosi, partiya elektorati va saylovchilarni o‘ylantirayotgan ijtimoiy-maishiy muammolar so‘rovning predmeti bo‘lishi mumkin. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslari deputat yoki partiya guruhi so‘roviga javobni mazkur so‘rov olingan kundan e’tiboran o‘n kundan kechiktirmay yuboradilar. So‘rovga ko‘rsatilgan muddatda javob berilmagan taqdirda bu borada viloyat, tuman (shahar) prokuraturasiga ariza bilan murojaat qilish mumkin.

Ana shu mezonlardan kelib chiqqan holda, o‘tgan davr mobaynida deputatlik guruhlari va alohida deputatlarga saylovchilar tomonidan 403 ta murojaat yo‘llangan. Shundan 375 tasi ijobiy hal etilib, qolgan masalalar yuzasidan tegishli tashkilot va idoralarga so‘rovlar bilan murojaat etilib, ularning javoblari kutilmoqda.

Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, hisobot davrida hududlardagi muhim masalalar yuzasidan muammolarni o‘rganish va ular yuzasidan deputatlik so‘rovlari chiqarish bo‘yicha Farg‘ona, Namangan, Qashqadaryo viloyatlaridagi deputatlik guruhlari va deputatlari boshqa viloyat vakillariga nisbatan faollik ko‘rsatgan bo‘lsa, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq, Andijon viloyatining Jalaquduq va Xo‘jaobod tumanlari, Sirdaryoning Guliston shahri, Surxondaryo viloyatining Sherobod va Uzun tumanlari deputatlik so‘rovlari yuborishda sustkashlikka yo‘l qo‘ygan.

Joylarda qonunlar ijrosi, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarining bajarilishi yuzasidan 612 marta ijro etuvchi tashkilotlar rahbarlarining axborot va hisobotlari eshituvlari tashkil etilgan bo‘lib, bu borada Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Samarqand, Farg‘ona viloyatlari boshqa viloyat kengashlariga nisbatan faollik ko‘rsatishdi. Lekin shunga qaramasdan, ayrim hududlarda xususan, Taxtako‘pir, Shahrisabz, Karmana, Sariosiyo tumanlari hamda Andijon va Qarshi shaharlari bu borada respublika miqyosida past ko‘rsatgichni qayd etmoqda. Qorako‘l, Zangiota, Oqqo‘rg‘on tumanlari va Termiz shahrida chorak davomida birorta ham eshituv o‘tkazilmagani achinarli hol, albatta.

Hisobot davrida tashkil etilgan eshituvlarda asosan hududlardagi moliya boshqarmalari tomonidan 2017 yilda amalga oshirilgan ishlarning hamda 2018 yilga mo‘ljallangan istiqbolli budjet parametrlari yuzasidan boshqarma rahbarlarining hisobotlari, hududlarni 2017 yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi yakunlari va 2018 yilga mo‘ljallangan ijtimoiy-iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlari yuzasidan tuman (shahar) hokimlari va o‘rinbosarlarining hisobotlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 30 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha ta’lim vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorining hududlardagi ijrosi yuzasidan hisobotlar, investitsiya boshqarmalarining 2017 yil davomida amalga oshirgan hamda “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida”gi qonunlari ijrosi kabi mavzularga alohida e’tibor berilgan.

Viloyat, tuman va shahar kengashlari sessiyalariga 2018 yilning 1 choragi davomida 187 ta taklif kiritilgan. Sessiyalarga kiritilgan takliflarning 16 tasi viloyat, 171 tasi esa tuman (shahar) Kengashidagi deputatlik guruhlarimiz tomonidan sessiyalarga kiritilgan masalalardir.

Afsuski, joylarda sessiyaga masala kiritish va ular yuzasidan qaror qabul qilinishiga erishish borasida juda jiddiy muammolar bor. Bundan ko‘z yumolmaymiz. Misol uchun, Surxondaryo viloyatida bitta Jarqo‘rg‘on tuman Kengashidagi deputatlik guruhini hisobga olmaganda, qolgan birorta tumanda sessiyaga masala kiritilmagan. Viloyatdagi ushbu holatni birinchi chorak davomida tuman kengashlarining sessiyalari chaqirilmagani bilan bog‘liq deya baholash mumkin. Lekin muammoning asl sababi faqatgina bunda emas. Achinarlisi, ayrim hududiy kengashlarda partiya faollarining ishga munosabati o‘zgarmagani, hamon eskicha qarashlar, prinsiplar asosida ish yuritayotgani ana shu holatni kelib chiqishiga ozmi-ko‘pmi zamin hozirlamoqda. Oramizda o‘z vazifasiga “Bu mening ishim emas, bu mening vakolatimga kirmaydi” kabi tushunchalar bilan yondashayotgan safdoshlarimizning borligi yuqoridagi holatlarga olib kelmoqda. Aynan shu kabi salbiy holatni Beruniy, Paxtaobod, Peshku, Oqoltin, Furqat, Bog‘ot tumanlarida ham kuzatish mumkin.

Xulosa o‘rnida shuni aytish kerakki, bugun mamlakatimizda siyosiy partiyalar, xususan, O‘zLiDePning demokratik islohotlar jarayonida ishtiroki sezilarli darajada kuchayib bormoqda. Ammo shiddat bilan o‘zgarayotgan zamon, taraqqiyotga hamohang tarzda partiyamiz faoliyatini yangi bosqichga ko‘tarish, yanada tashabbuskor va faol bo‘lish, xalqqa tobora yaqinlashishni talab etayotir. Buning uchun viloyat, tuman va shahar partiya kengashlari, xalq deputatlari mahalliy kengashlaridagi deputatlik guruhlarimiz ko‘proq tashabbus ko‘rsatishi, elektoratga yaqin bo‘lishi, zamon bilan hamqadam yurishi, ko‘pchilikni o‘ylantirib kelayotgan muammolarni hal qilish takliflari bilan chiqishi zarur. Ana shundagina bizga ishonib ovoz berib saylagan saylovchilar ishonchini oqlaymiz.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring