Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Direktorimiz oyligimdan ushlab qolyapti, degan gaplarga endi hojat qolmaydimi?

Direktorimiz oyligimdan ushlab qolyapti, degan gaplarga endi hojat qolmaydimi?

Geografiya darsi

Foto: «uz24.uz»

So‘nggi yillarda Xalq ta’limi vazirligiga o‘qituvchi-pedagoglardan kelib tushayotgan ariza va shikoyatlarning aksariyati buxgalteriya sohasida yo‘l qo‘yilayotgan kamchilik va nuqsonlar bilan bog‘liq. Xususan, xodimlarning oylik ish haqlarini hisoblashda, direktor jamg‘armasidan ustama haq tayinlashda yo‘l qo‘yilayotgan qonun buzilishlar pedagoglarning haqli e’tiroziga sabab bo‘layotgan edi. Bu ta’lim muassasalarining buxgalteriya tizimida hal etilishi zarur bo‘lgan muammolar borligini ko‘rsatadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 21 avgustdagi «Ta’lim va tibbiyot muassasalarini moliyalashtirish mexanizmini hamda davlat moliyaviy nazorati tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarori bu kabi muammolarga barham berish, hisob-kitob xizmatini takomillashtirish singari maqsadlarga qaratilgan.

Mazkur qarorga binoan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida individual tarzda faoliyat yuritib kelayotgan buxgalteriya xizmati faoliyati tugatilib, tuman (shahar) xalq ta’limi muassasalarida markazlashtirilgan moliya-buxgalteriya xizmatlari tashkil etiladi. Markazlashtirilgan moliya-buxgalteriya xizmati quyi muassasalarning xarajatlar smetasi tuzilishi va ijro etilishi, ish haqini hisoblash va to‘lash, tovar, ish va xizmatlarning xarid qilinishi, byudjet hamda byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobining yuritilishini ta’minlash, faoliyat turi bo‘yicha tovarlar (ishlar, xizmatlar)dan tushadigan daromadlar monitoringini yuritish kabi vazifalarni bajaradi.

O‘z navbatida, Xalq ta’limi vazirligi va uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq ta’limi boshqarmalarida Ichki audit va moliyaviy nazorat xizmatlari tashkil etilmoqda. Mazkur tizim tuman (shahar)dagi markazlashtirilgan moliya-buxgalteriya xizmati faoliyatini nazorat qilib, byudjet mablag‘larining noqonuniy sarflanishi va talon-toroj qilinishining oldini olish, tasarrufidagi muassasalarda xarajatlar smetasini rejalashtirish, byudjet hisobining yuritilishi, tender (tanlov) savdolarining o‘tkazilishi va shartnomalar tuzilishi ustidan monitoring qilish hamda profilaktika ishlari bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, asossiz debitor va kreditor qarzdorliklarga yo‘l qo‘ymaslik, qonunbuzarliklarga imkoniyat yaratuvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf qilishda bevosita ishtirok etadi.

Pedagog-xodimlarga oylik maoshi va turli ustamalar berilishida shaffoflikni ta’minlashga erishiladi. Har bir o‘qituvchining necha soat dars o‘tishi, unga to‘lanayotgan ish haqi miqdori, direktor fondidan tayinlanayotgan ustamalar kimlarga berilayotgani, umuman, byudjetdan ajratilayotgan mablag‘ning nimaga sarflanayotgani haqidagi ma’lumotlar maktabdagi «E’lonlar taxtasi»ga joylashtirilib, jamoaga ochiq-oydin ko‘rsatib boriladi.

Yana bir jihati, maoshning pedagog-xodimlarga yetkazilishidagi yangilikdir. Maktab direktori pedagog-xodimlarning maoshini berish to‘g‘risidagi ma’lumotnomani tasdiqlagach, «O‘zASBO» elektron dasturi orqali uni markazlashgan moliya-buxgalteriyaga jo‘natadi. Markazlashgan moliya-buxgalteriya xizmati hisobchilari qabul qilib olgan xujjatlarning hisob-kitobini qilib, belgilangan muddatlarda tumandagi barcha o‘qituvchining bank plastik kartochkasiga o‘z vaqtida o‘tkazib beradi.

Natijada, o‘qituvchilar o‘rtasida «Oylik maoshimni haligacha ololmadim, kechikyapti» yoki «Hisobchimiz nimagadir oylik maoshimdan ushlab qolibdi», degan e’tirozlar kelib chiqmaydi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring