Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Dunyodagi eng qimmatbaho suyuqliklar: ularni siz ham ishlatasiz (foto)

Dunyodagi eng qimmatbaho suyuqliklar: ularni siz ham ishlatasiz (foto)

Foto: «Xabar.uz»

Quyida eng qimmatbaho suyuqliklarga to‘xtalamiz. Ularning ayrimlarini deyarli kunora ishlatamiz, ba’zilarini yetti uxlab tushimizda ham ko‘rmaganmiz. Lekin qimmatning ham qimmati bor: solishtiramiz.

Suyuq qog‘oz. Bir litri — 40 dollar

Suyuq qog‘oz — korrektor, shtrix kabi nomlar ostida bizga tanish. Xatolarimizni «yashirish»da ishlatamiz. Bu suyuqlik eruvchan neft, mineral spirtlar va turfa ximikatlardan tashkil topgan.

Penitsillin. Bir litri — 57 dollar

Penitsillin — turli infeksiyalarga qarshi kurashishda ishlatiluvchi eng ommalashgan antibiotiklardan biri.

Pachuli yog‘i. Bir litri — 150 dollar

Pachuli o‘simligi barglaridan olinuvchi bu yog‘ qadimdan tibbiyotda qo‘llangan. Bugun esa parfyumeriya, aromaterapiya, kosmetologiya sohalarining ajralmas bo‘lagiga aylangan.

Inson qoni. Bir litri — 400 dollar

Katta yoshli insonda o‘rtacha 5 litr qon bo‘ladi. Qonsiz — hayot yo‘q. Narxi balandligi ham shundan.

Tirnoq loki. Bir litri — 550 dollar

Jahon bozoridagi eng sifatli va yorqin loklar ishlab chiqaruvchi «Essie» kompaniyasi o‘z mahsulotiga ana shunday narx qo‘ygan.

Printer uchun qora bo‘yoq. Bir litri — 560 dollar

Printer ishlab chiqaruvchilarning uddaburonligiga shu yerda qoyil qolish kerak. Qurilmasi nisbatan uncha qimmat emas, ammo «zapravkasi»... Buni printer ishlatuvchilar yaxshi bilishadi. Qora rangga kelsak, hammasi oddiy, u eng ko‘p sarf bo‘ladi, talabga qarab narxiyam baland.

Simob. Bir litri — 750 dollar

Simob — xona haroratida suyuq holatda turuvchi yagona metall. Qo‘llanish sohalari juda ko‘p: oddiy termometrlardan tortib metallurgiya va kimyo sanoatigacha.

Insulin. Bir litri — 4 200 dollar

Insulin — aslida inson oshqozon osti bezi ishlab chiqaradigan, glyukoza miqdorini nazorat qiluvchi va yog‘lar almashinuvida qatnashuvchi modda. Diabetga chalinganlar uchun u juda kerak bo‘lgani uchun olimlar insulinni sun’iy usulda olishni o‘zlashtirishgan.

«Chanel № 5» atiri. Bir litri — 5 500 dollar

Dunyodagi eng mashhur bu atir 1922-yildan beri sotilmoqda va hanuz unga yetadigani yo‘q.

Qilichdumlarning ko‘k qoni. Bir litri — 11 500 dollar

Bu dengiz jonivorlarining qonida gemoglobin yo‘q, uning qoniga tushgan bakteriyalar bir lahzada bir joyga to‘planadi. Shuning uchun ham ko‘k qon farmakologiyada indikator sifatida juda qadrlanadi. Bugun qo‘llanilayotgan deyarli barcha medikamentlar qilichdum qoni orqali sinovdan o‘tkazilgan. Quvonarli jihati, jonivorlarga ziyon yetmaydi, keraklicha qoni olingan qilichdumlar yana ozodlikka qo‘yib yuboriladi.

Qirol kobra zahari. Bir litri — 34 000 dollar

O‘z nomi bilan ham bu dunyodagi eng xavfli ilonlardan biri. Biroq foydasi katta — zahari Alsgeymer va Parkinson kasalliklarini, yana ayrim ruhiy xastaliklarni davolashda ishlatiladi.

Chayon zahari. Bir litri — 8 million dollar

Mingdan ziyod turlari orasida faqat 25 xil chayon zaharli ekani fanga ma’lum. Shu mitti gazandadan qancha ham zahar olish mumkin?! Narxi qimmatligining bir sababi shu. Qolaversa, chayon zahari tarkibidagi oqsil tibbiyotda o‘ta noyob unsur sanalib, uni sun’iy yetishtirish deyarli imkonsiz ish.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring