Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ekspert: An’anaviy bozor elektron tijorat deb atalmish noan’anaviy bozorga o‘zgarmoqda

Ekspert: An’anaviy bozor elektron tijorat deb atalmish noan’anaviy bozorga o‘zgarmoqda

Shahboz ALIMOV, «Elektron hukumat» tizimini rivojlantirish markazi mutaxassisi

Foto: «Xabar.uz»

Bugungi kundagi kuchli raqobat sharoitida har bir biznes faoliyatini olib borayotgan sub’yektlar elektron tijorat imkoniyatlaridan foydalanishga majbur.

AKT — taraqqiyot garovi

Kompaniyalar elektron tijorat yordamida bo‘lg‘usi mijozlar, mol yetkazib beruvchilar va buyurtmachilar bilan web tizimi orqali aloqa o‘rnatishi, savdo bitimlarini amalga oshirish uchun kerakli hujjatlarni elektron ko‘rinishda ayirboshlashi, tovar va xizmatlar sotilishi va yetkazib berilishini nazorat qilishi, tovar reklamasi va xariddan keyingi qo‘llab-quvvatlash va xarid uchun elektron to‘lovni amalga oshirish masalalarini arzon va qulay amalga oshirishi mumkin. Shuning uchun elektron tijorat kompaniyalar faoliyatining ajralmas qismiga aylanib boryapti. Ayniqsa, rivojlangan davlatlar, elektron tijoratning imkoniyat va istiqbollarini aniq his qilgan holda, bu sohaga yetarlicha investitsiya ajratmoqdalar.

Taraqqiy etgan davlatlar yalpi milliy mahsulotida elektron tijorat salmoqli o‘rin egallaydi. Chunki bu sohani yangi iqtisodiy tizim sifatida baholay olgan davlatlar ushbu sohada yetakchi o‘rinni egallash maqsadida uni har tomonlama o‘rgana boshlashdi. Avvalo, elektron tijoratni rivojlantirishga xalaqit beradigan to‘siqlarni bartaraf etish mexanizmlariga katta e’tibor berishgan. Masalan, Yevropa Ittifoqi bu borada o‘zining «Elektron Yevropa» (e-europe) loyihasini ishlab chiqdi. Bu loyiha YIning kelajak yangi iqtisodiy tizimdagi holatini yaxshilashda muhim rol o‘ynaydi.

Rivojlanayotgan davlatlarda elektron tijoratni mamlakat eksport salohiyatini oshiruvchi asosiy jarayon deb bilishadi.

Shuni inobatga olib, bu davlatlar hukumatlari asosiy e’tiborlarini elektron tijorat taraqqiyotiga turtki bo‘ladigan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari infratuzilmasini rivojlantirishga qaratmoqdalar.

O‘zbekistonda elektron tijoratni rivojlantirish

Shu o‘rinda O‘zbekistonda elektron tijoratni rivojlantirish imkoniyatlari yildan-yilga o‘sib borayotganligini alohida ta’kidlab o‘tish lozim. Uning rivojlanishi milliy ishlab chiqaruvchilarimizga yangi bozorlar ochish, yangi mijozlar topish imkoniyatini yaratadi. Elektron tijoratni rivojlantirish bo‘yicha tanlangan va amaldagi yo‘ldan to‘g‘ri borish – kelajakda mamlakatimiz iqtisodiyotini jahon bozorining yetakchi vakillaridan biriga aylantiradi. O‘zbekiston elektron tijorat bo‘yicha mavjud muammolarni hal qilishning to‘g‘ri yo‘li tanlaganligi xalq farovonligiga, jamiyatimizning taraqqiy topishida, iqtisodiy rivojlanishimizda o‘z aksini topadi. Shu bilan birga, elektron tijorat mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan kichik biznes vakillarining imkoniyatlarini mislsiz darajada oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Bugungi kunga kelib, O‘zbekiston davlat organlari elektron tijoratni rivojlantirishda dunyo tajribasida keng qo‘llanilgan quyidagi tamoyillarga amal qilmoqda:

  • elektron tijoratni rivojlantirishda korporativ sektor faol rol o‘ynashi lozim;
  • elektron tijoratga nisbatan davlat organlari tomonidan asoslanmagan turli cheklovlar qo‘yilishiga yo‘l qo‘ymaslik lozim;
  • davlat hokimiyati elektron tijorat jarayoniga, ushbu soha sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlash va huquq bazasini takomillashtirish maqsadida aralashishi mumkin;
  • elektron tijoratni boshqarish chora-tadbirlarini ishlab chiqishda davlat hokimiyati internetning o‘ziga xosliklarini inobatga olishi lozim;
  • elektron tijorat jarayoni ma’muriy-hududiy bo‘linish va davlat chegaralariga bog‘liq bo‘lmagan ravishda global ko‘lamda sodir bo‘lishi mumkin.

Statistika

Internetning jadal rivojlanishi va abonentlari sonining keskin o‘sishi an’anaviy bozorlarni onlayn tijorat yoki elektron tijorat deb ataladigan noan’anaviy bozorga o‘zgartirmoqda. Hozirda iste’molchilar va tadbirkorlar uchun barcha segmentdagi mahsulot va xizmatlarni qamrab oladigan jahon elektron tijorat bozorlarida arzon va qulay usulda sotib olish va sotish ikoniyati paydo bo‘ldi.

Statista GmbH kompaniyasining internetdagi nashriga ko‘ra, elektron chakana savdo hajmi 2017-yildagi 2,3 trillion AQSh dollaridan 2021-yilda 4,48 trillion AQSh dollariga ko‘tarilishi kutilmoqda.

2017-yilda Business.com Media, Inc. kompaniyasi esa dunyoning 10ta eng yirik elektron tijorat bozorlarini aniqladi va ularning yillik onlayn savdo hajmi quyidagi raqamlarni tashkil etdi: Xitoy – 672 milliard AQSh dollari, AQSh – 340 milliard, Buyuk Britaniya – 99 milliard, Yaponiya – 79 milliard, Germaniya – 73 milliard, Fransiya – 43 milliard, Janubiy Koreya – 37 milliard, Kanada – 30 milliard, Rossiya – 20 milliard, Braziliya – 19 milliard AQSh dollari.

The 2015 Global Retail E-Commerce Index ma’lumotiga ko‘ra, 2015-yili AQSh, Xitoy, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Germaniya jahon reytingida kuchli beshlikdan joy olgan.

Bugungi kunda O‘zbekistonda jami internetdan foydalanuvchilar va mobil aloqa abonentlari soni ko‘pligi mamlakatimizda elektron tijoratni faol rivojlantirish uchun katta turtki bo‘ladi. «Axborotlashtirish to‘g‘risida», «Elektron to‘lovlar to‘g‘risida», «Elektron raqamli imzo to‘g‘risida», «Elektron tijorat to‘g‘risida»gi qonunlar elektron tijorat tizimi faoliyat yuritish uchun qonuniy asos bo‘lib xizmat qiladi. Bundan tashqari, 2016-2018-yilda O‘zbekiston Respublikasida elektron tijoratni rivojlantirish konsepsiyasi elektron tijoratni yanada rivojlantirishning, raqobatga bo‘lgan muhitni kengaytirish hamda elektron tijorat sohasida yangi infratuzilma paydo bo‘lishining asosiy yo‘nalishlarini belgilaydi.

Shahboz ALIMOV, «Elektron hukumat» tizimini rivojlantirish markazi mutaxassisi

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring