Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Endi barcha yuridik shaxslarning haydovchilari malaka oshirishi shart emasmi?

Endi barcha yuridik shaxslarning haydovchilari malaka oshirishi shart emasmi?

Foto: «Xabar.uz»

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev deputatlar tomonidan «O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida»gi kodeksning 135-moddasiga o‘zgartish kiritish haqida»gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqilib, qabul qilingani haqida ma’lum qilgandi.

Loyihaga ko‘ra, ushbu moddaga «yo‘lovchi yoki yuk tashish faoliyatini amalga oshiruvchi haydovchining malaka oshirishdan o‘tganligi to‘g‘risidagi sertifikati» bo‘lmasa EKIH 1 baravari miqdorida jarimaga tortilishi haqidagi o‘zgarish kiritilishi mumkin.

Huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev ushbu xabarga o‘z munosabatini bildirdi.

O‘zi gap nima haqida ketmoqda?

Yodingizda bo‘lsa, 2017-yil 4-sentyabrdagi Vazirlar Mahkamasi qaroriga binoan, mulkchilik shaklidan qat’i nazar, yuridik shaxslarga tegishli avtotransport vositalarini boshqarayotgan haydovchilar 2 yilda bir marta «Avtotest Report» MChJda malaka oshirishi va maxsus sertifikat olishi kerakligi belgilandi.

Ushbu qaror keng jamoatchilikda keskin norozilik uyg‘otdi. Hech qanday asos keltirmasdan, lobbizm suvi bilan qondirilgan bunday qaror xalqda norozilik uyg‘otishi aniq edi-da.

Uzoq muhokamalardan keyin 2018-yil 23-fevraldagi Vazirlar Mahkamasi qarori bilan ushbu qarorga o‘zgarish kiritildi. 2 yilda bir marotaba malaka oshirish talabi o‘z kuchida qoldi, faqat aynan «Avtotest»da o‘qish shart emasligi, kerakli talablarga javob beradigan boshqa avtomaktablarda ham bemalol o‘qish mumkinligi belgilandi. Bir qarashda, monopoliya bekor qilindi.

Talab bor, jarima yo‘q

2017-yil 4-sentyabrdagi Vazirlar Mahkamasi qarorida 2018-yilning 1-iyulidan boshlab yuridik shaxslarga tegishli avtotransport vositalarini sertifikatsiz boshqarayotgan shaxslar (haydovchilar)ga nisbatan ma’muriy javobgarlikni joriy etishni nazarda tutadigan qonun loyihasi ishlab chiqish belgilangan edi. Lekin mana oradan 17 oy o‘tgan bo‘lsa-da, bugungi kungacha bunday qonun qabul qilinmadi (ammo bu safargi kechikishga juda ijobiy qarayman, sira e’tirozim yo‘q). Deputatning so‘zlaridan kelib chiqsak, ushbu loyiha Oliy Majlisda endi ko‘rib chiqilyapti.

Bu nima degani? Demak, VM qarori bo‘yicha malaka oshirish shart, lekin malaka oshirmaganlarga hech qanday jazo yo‘q (hozircha).

Ya’ni yo‘l harakati xavfsizligi inspektori (GAI) yuridik shaxs haydovchilaridan sertifikat so‘ramaydi. So‘ragani bilan baribir befoyda. «Menda sertifikat yo‘q» desa ham hech narsa qilolmaydi.

Qanday o‘zgarish kutilmoqda?

Agar MJtKga deputat Rasul Kusherbayev aytganiday o‘zgarish kiritilsa, ya’ni malaka oshirmaganligi uchun faqat yo‘lovchi yoki yuk tashish faoliyatini amalga oshiruvchi haydovchilarga jarima belgilansa, bu o‘z-o‘zidan qolgan yuridik shaxslar malaka oshirishga majbur emasligini anglatadi.

«Vazirlar Mahkamasi qarorida «mulkchilik shaklidan qat’i nazar» deb yozilganku, demak, hamma o‘qishi shart emasmi», deyishingiz mumkin. Mayli, yozilsa yozilaversin. Asosiysi, bu qilmishga jarima yo‘qmi, tamom, malaka oshirmaslik hech qanday huquqiy oqibatni keltirib chiqarmaydi. Vazirlar Mahkamasi qarori qonundan ustun bo‘la olmaydi. Qo‘rqmasangiz ham bo‘ladi.

Ko‘ramiz, voqealar rivoji qanday tus olarkin. Deputatlarimiz oxirigacha «turib bera» olishiga umid qilamiz, deb yozadi bloger.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring