Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Endi hammasi o‘zgaradi! Biznes uchun yana bir qulaylik

Endi hammasi o‘zgaradi! Biznes uchun yana bir qulaylik

Foto: Davlat xizmatlari agentligi

O‘z biznes-faoliyatini boshlayotgan har bir kishining ilk qo‘yadigan qadami tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tishdir. Ushbu jarayon maksimal darajada soddalashtirilmoqda. Bu haqda «Xabar.uz»ga Davlat xizmatlari agentligining Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi ma’lum qildi.

Bugun tadbirkorlarni ro‘yxatdan o‘tkazishning maxsus avtomatlashtirilgan tizimi yaratilgan, biznesni Davlat xizmatlari markazlari orqali atigi 15-20 daqiqa ichida ro‘yxatdan o‘tkazish imkoni bor. Hatto DXMga kelmasdan, onlayn tarzda internet orqali ro‘yxatdan o‘tish ham mumkin. Muhimi, fuqarolarning elektron xizmatlardan foydalanishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida, bunday xizmatlar uchun davlat bojining teng yarmini to‘lash amaliyoti joriy etildi.

Biroq, tez va qulay tarzda ro‘yxatdan o‘tish tadbirkor hali o‘z faoliyatini to‘laqonli ravishda boshladi degani emas. Ya’ni, amalda, tadbirkor ro‘yxatdan o‘tganidan so‘ng, belgilangan tartibda o‘z muhr va shtamplarini yasattirishi, tijorat banklarida tegishli hisobraqamlarini ochishi, bu haqda soliq va boshqa idoralarni xabardor qilishi lozim edi.

Endi hammasi o‘zgaradi!

Mamlakat rahbarining tegishli qarori bilan mazkur jarayonlarni soddalashtirish bo‘yicha Adliya vazirligi zimmasiga qator vazifalar yuklatildi.

Tez kunlarda turli davlat organlariga taqdim etiladigan ma’lumotlar, tegishli blank va shakllarni o‘z muhri bilan tasdiqlash talabi bekor qilinishi rejalashtirilgan.

Bugunning o‘zida esa, tadbirkorlarda ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonida bank hisobraqamlarini masofadan turib ochish imkoniyati mavjud. Asosiy vazifa — ishbilarmonlar turli byurokratik jarayonlarga vaqt va pullarini sarflashlarining oldini olish. Endi davlat idoralari ostonasida navbat kutib sarg‘ayishga hojat yo‘q.

Tadbirkorlik sub’yektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish va tadbirkor tomonidan ushbu jarayonga sarflayotgan vaqtini qisqartirish O‘zbekistonning «Doing Business» reytingidagi ko‘rsatkichini yaxshilashga xizmat qiladi.

Yangi bank hisobraqamini ochish jarayoni 5 daqiqa vaqtingizni oladi. Buning uchun Davlat xizmatlari markazida tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tib va kerakli bankni tanlashingiz lozim. Bugungi kunda biznesni ro‘yxatdan o‘tkazgandan keyin hisobraqamni «Agrobank», «Trastbank», «Ipoteka bank», Milliy bank, «Qishloqqurilishbank», «Turon bank», «Hamkor bank», «Asaka bank», «Aziya Alyans bank», «O‘zagroeksport bank», «Poytaxt bank», «Ziraat bank»laridan ochish imkoniyati mavjud.

Yaqin kelajakda ushbu ro‘yxatga O‘zbekistonning barcha tijorat banklari kiritiladi.

Bank hisobraqamini fo.birdarcha.uz orqali ham ochish mumkin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring