Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Erkak o‘qituvchilar nega maktabni tark etdi?

Erkak o‘qituvchilar nega maktabni tark etdi?

Suratda: Baliqchi tumanidagi ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internati kimyo fani o‘qituvchisi Abduqayum Bozorov

Foto: «Auz.uz»

«Yaqinda mahallamizdagi nuroniy otaxonlardan biri nevarasi o‘qiydigan maktabdagi muallimlarning deyarli barchasi xotin-qizlar ekanligini aytib, erkak o‘qituvchilar qayoqqa ketgan, deya  savol berdi. Urganch shahar xalq ta’limi xodimlarining bir anjumanida ishtirok etib, otaxonning e’tirozi o‘rinli ekanligiga  amin bo‘ldim. Chunki katta zalni to‘ldirib o‘tirgan pedagoglarning deyarlik to‘qson to‘qqiz foizi xotin-qizlardan iborat edi», deb yozadi «Xalq so‘zi» nashrining Xorazm viloyati bo‘yicha muxbiri Odilbek Odamboyev.

Maqolada ruhshunoslarning bolalik va o‘smirlik pallasida o‘g‘il bolalarda mardlik va jasorat, qat’iyat va shijoat, or-nomus va g‘urur tuyg‘ularining shakllanishida, ularning chinakam yigit bo‘lib yetishishida erkak ustozlarning roli juda katta ekani haqida fikri keltiriladi. Muallif «Oilada farzand tarbiyasi bilan asosan onalar shug‘ullanadi. Demak, uyda ham, maktabda ham o‘g‘il bolalar tarbiyasining ayol kishi qo‘lida qolishi maqsadga muvofiq emas», deya ta’kidlaydi.

Maqolada keltirilishicha, ayni kunda Urganch shahridagi umumta’lim maktablarida 1979 nafar pedagog faoliyat ko‘rsatmoqda Shundan 1738 nafari yoki 87,8 foizi xotin-qizlardan iborat. «Xo‘sh, unda otaxon aytganidek, erkak o‘qituvchilar nega maktabni tark etdi? Yoki pedagogika yo‘nalishidagi oliy o‘quv yurtlarida faqat qizlar tahsil olayaptimi?», deya o‘rtaga savol tashlaydi muallif. Bu savolga javoban «2017 yilda Urganch davlat universitetining bakalavriat va magistratura bosqichlarini pedagogik yo‘nalishlar bo‘yicha tamomlagan 1832 nafar yosh mutaxassisning 751 nafari yoki 41 foizini  yigitlar tashkil qilgani, ularning bir qismi mehnat faoliyatini ta’lim sohasida emas, boshqa tarmoqlarda olib borishayotgani»ni ta’kidlaydi.

Muallifning aytishicha, shifokor-mutaxassislarni maqsadli tayyorlash bo‘yicha respublikamizda amalga oshirilayotgan tajribani o‘qituvchilar tayyorlashga ham tatbiq etish lozim degan g‘oyani ilgari suradi. «Yaqinda Toshkent Tibbiyot akademiyasi bitiruvchilariga hududlarda shifokorlarga bo‘lgan ehtiyojni o‘rganish natijalari bo‘yicha ishga yo‘llanma berildi, — deydi u bu haqda. — Balki bu tajribani pedagogika yo‘nalishidagi oliy o‘quv dargohlarida ham qo‘llash, yigitlarning ham o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishga joylashtirishning manzilli rejasini amaliyotga joriy etish vaqti kelgandir. Shunda maktablarda erkak o‘qituvchilar soni ko‘payib, ularning ta’lim-tarbiya jarayonidagi qattiqqo‘lligi bois o‘quvchilar o‘rtasida tartib-intizom masalalari yanada yaxshilanar. Bu borada siz qanday fikrdasiz?»


«Xabar.uz» axborot-tahliliy portali mavzu yuzasidan yurtdoshlarimizni muhokamaga chorlaydi. Fikr-mulohazalaringizni [email protected] ga yuborishingizni so‘raymiz!

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring