Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Eronning sobiq prezidenti mamlakatdagi namoyishlarni qo‘llab-quvvatlagani uchun hibsga olindi

Eronning sobiq prezidenti mamlakatdagi namoyishlarni qo‘llab-quvvatlagani uchun hibsga olindi

Foto: «Poistine.org»

Eron sobiq prezidenti Mahmud Ahmadinajod mamlakatdagi hukumatga qarshi norozilik namoyishlarini qo‘llab-quvvatlaganlikda ayblanib, hibsga olingan. Bu xabar shanba kuni «Al-Quds al-Arabi» gazetasi Tehrondagi manbalarga asoslanib e’lon qilindi, deya xabar beradi «TASS».

Tahririyat ma’lumotiga ko‘ra, Ahmadinajod Sherozga qilgan safari chog‘ida Islom Respublikasi oliy ruhoniy rahnamosi Oyatulloh Ali Xameniyning buyrug‘i bilan qo‘lga olingan. Gap shundaki, rasmiy Tehron siyosatchining hukumatga qarshi norozilik namoyishlari haqidagi bayonotini «tartibsizliklar o‘tiga cho‘g‘ qalaydigan» chaqiriq deya hisoblagan.

«Al-Quds al-Arabi» gazetasining yozishicha, Eronning janubidagi Bushehr shahrida namoyishchilarga murojaat qilgan sobiq prezident «ba’zi amaldagi amaldorlar odamlarning muammolaridan uzoq yashaydi va jamiyatdagi haqiqiy vaziyat haqida hech narsa bilmaydi», deya bayonot bergan. Shuningdek, u «odamlar Hasan Ruhoniy boshchiligidagi bu hukumatdan norozi», deya uni kuch va resurslar monopoliyasida ayblagan.

Rasmiy Tehron hali bu haqda hech narsa demadi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning 28-dekabrida narxlarning oshishi, ishsizlik va iqtisodiy inqirozga qarshi ko‘tarilgan namoyish natijasida Eronning bir nechta shahrida 20 dan ortiq kishi halok bo‘ldi va 450 nafar kishi hibsga olingan.

3-yanvar kuni Eron islom inqilobi korpusi qo‘mondoni Muhammad Ali Ja’fariy mamlakatdagi tartibsizliklarning nihoyasiga yetganini va namoyishchilar ustidan g‘alaba qozonilganini e’lon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu namoyishlarda mamlakat bo‘ylab umumiy hisobda 15 ming kishi qatnashgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring