Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Yevropa Ittifoqi Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish uchun «Tolibon»ni sanksiyadan chiqarishga tayyor

Yevropa Ittifoqi Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish uchun «Tolibon»ni sanksiyadan chiqarishga tayyor

FOTO: «xs.uz»

Yevropa Ittifoqi Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘anining «Tolibon» harakati a’zolarini sanksiya qo‘llaniladigan ro‘yxatdan chiqarib, tinchlik kelishuvi bo‘yicha qilgan taklifini qo‘llab-quvvatlashga tayyor. Bu haqda «Xalq so‘zi online» nashri xabar bermoqda.

Bu haqida Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Federika Mogerini 27-mart kuni Toshkent shahrida Afg‘oniston bo‘yicha tashkil etilgan «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» mavzusidagi xalqaro konferensiyada aytib o‘tdi.

«Diplomatik tomondan kim sanksiyaga tushadigan bo‘lsa, ularni ro‘yxatdan chiqarib tashlash bo‘yicha yordam berishimiz mumkin. Biz jamiyatda o‘z o‘rnini topa olishi, o‘z ishi va qayta integratsiyalashni boshlashi uchun qurolini tushirgan insonlar bilan doim ishlay olardik, ularning oilalarini qo‘llab-quvvatlagan bo‘lardik...» — deya Yevropa Ittifoqi takliflarini bildirdi F. Mogerini.

U Afg‘onistondagi tinchlik jarayoni na Yevroittifoq, na boshqa daxldor shaxslarga, balki afg‘onlarning o‘zlariga tegishli ekanligini ta’kidladi.

«Hamon urush olib borayotganlarga da’vatimiz: muloqot va yarashish yo‘lini tanlang, tinchlik muzokaralarini boshlashda jur’atli bo‘ling. Shunda biz sizni qo‘llab-quvvatlay olamiz, mazkur muloqotda sherik bo‘lamiz. Va biz sizlarga urushni tugatish va tinchlikni o‘rnatishga yordam beramiz», — dedi Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili.

U afg‘on xalqi qo‘llab-quvvatlansa va unga hissa qo‘shsagina Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatilishi mumkinligini e’tirof etdi. Yevropa Ittifoqi bu jarayonga tarafdor ekanligini aytar ekan, iqtisodiy va diplomatik, shuningdek, turli sohalarda ekspert bilimlari bo‘yicha ko‘makni taklif etdi.

«Bugun Yevropa Ittifoqi raqobat jarayoniga emas, balki hamkorlikka kirishayapti, chunki bunga qarshi vaziyatda qanday zarar ko‘rilishini yaxshi bilamiz», — dedi u.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring