Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Farg‘onada 9-sinf o‘quvchisi 10 yilga ozodlikdan mahrum etildi

Farg‘onada 9-sinf o‘quvchisi 10 yilga ozodlikdan mahrum etildi

Foto: «versiya.info»

Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyati sudi tomonidan sudya R.Arapov raisligida Farg‘ona shahridagi 6-umumta’lim maktabi 9-sinf o‘quvchisi Jahongir To‘raqulovning jinoyat ishi ko‘rib chiqildi va unga nisbatan hukm o‘qildi, deb xabar bermoqda «O‘zA».

Jahongir To‘raqulov 2018-yil 5-aprel kuni Farg‘ona shahar Sayilgoh ko‘chasida joylashgan kompyuter o‘yinlari klubiga kirib, o‘zini go‘yo kompyuter o‘ynayotgandek tutib, atrofni zimdan kuzatadi. U qarovsiz qoldirilgan jabrlanuvchi A.Muhammadjonovga tegishli, narxi 500 ming so‘mlik «Samsung Galaxy S6» rusumli uyali aloqa telefon apparati va g‘ilofidagi 50 AQSh dollarini yashirin ravishda o‘g‘irlab, voqea joyidan yashirinadi.

Bundan tashqari, voyaga yetmagan J.To‘raqulov 2018-yil 28-may kuni tungi soat 02:00larda Farg‘ona shahar Dehqonlar ko‘chasida aholiga transport xizmati ko‘rsatib turgan jabrlanuvchi I.Abdullayevni qasddan, tamagirlik niyatida o‘ldirib, unga tegishli oq rangli, «Spark» rusumli, 40 O 818 OA davlat raqamli avtomashinani qo‘lga kiritishni maqsad qiladi. I.Abdullayevning yoniga kelib, undan «Kapitalbank» oldiga olib borib qo‘yishni so‘raydi va avtomashinaga guyo yo‘lovchi sifatida o‘tiradi.

Farg‘ona shahar Farovonlik ko‘chasi 48-uy yaqinidagi xilvat joyga yetib kelganida avtomashinani to‘xtatishni so‘rab, tevarak-atrofni kuzatadi. Jinoiy niyatini amalga oshirish uchun qulay vaziyat ekanini bilib, avtomashinaning orqa o‘rindig‘iga o‘tirib, sumkasidagi sariq rangli, yog‘och dastali oshxona pichog‘ini qo‘liga oladi va I.Abdullayevning bo‘yin, chap o‘mrov va boshqa qismlariga o‘n bir marta sanchadi. Tabiiyki, I.Abdullayev hayotini saqlab qolish uchun avtomashinadan tushib qochib ketadi. J.To‘raqulov qasddan odam o‘ldirishga qaratilgan jinoiy harakatini o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan holatlarga ko‘ra oxiriga yetkaza olmagan bo‘lsa-da, jabrlanuvchiga tegishli avtomashinani olib qochadi.

Shu vaqt xizmat burchini bajarib turgan harbiy xizmatchi A.Rasulov I.Abdullayevning yordam so‘ragan ovozini eshitib, voqea joyiga yetib keladi va unga vaqtida yordam ko‘rsatadi. Shu tufayligina uning hayoti saqlab qolingan va Farg‘ona shahar IIB tomonidan o‘tkazilgan «Tutib olish» tezkor tadbiri natijasida J.To‘raqulov avtomashinani Farg‘ona shahar Aeroport ko‘chasida boshqarib ketayotganida to‘xtatilib, qo‘lga olingan.

Sud tomonidan mazkur jinoyat ishi qonuniy asosda ko‘rib chiqilib, J.To‘raqulovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddalariga asosan uzil-kesil 10 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring