Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Federal qidiruv byurosi (AQSh) vakillari o‘zbekistonliklarga master-klass o‘tdi

Federal qidiruv byurosi (AQSh) vakillari o‘zbekistonliklarga master-klass o‘tdi

Foto: «Law Officer»

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Ichki ishlar vazirligi vakillari ishtirokida AQShning Federal qidiruv byurosi bilan hamkorlikda «Portlashdan keyingi tergov harakatlarini o‘tkazish tartibi» mavzusida maxsus o‘quv-amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi.

Mashg‘ulotlarning bir qismi interaktiv ma’ruzalar shaklida Bosh prokuraturaning Oliy o‘quv kurslarida o‘tkazildi. Bu haqda Bosh prokuratura axborot xizmati xabar berdi.

Ma’ruzalar davomida xorijiy ekspertlar voqea joyini ko‘zdan kechirishga tayyorgarlikning xususiyatlari, portlovchi moddalar, ularning turlari va qo‘lbola portlovchi vositalarning o‘ziga xos jihatlari, shuningdek, portlash fakti bo‘yicha hamda portlash oqibatlarini aniqlash bilan bog‘liq tergov harakatlarini o‘tkazish, portlash yuzasidan tayinlanadigan ekspertiza turlari, portlovchi moddalarni qidirish va ularga baho berish tartibini tushuntirdilar.

Dala sharoitida 3 ta avtoulovni o‘quv maqsadlari uchun portlatish hamda voqea joyini ko‘zdan kechirish jarayoni o‘tkazildi.

Shu bilan birga ekspertlar tomonidan daliliy ashyolarni yig‘ish, namunalar olish va ularni ekspertizaga yuborish hamda amaliyotda mazkur tergov harakatlarini amalga oshirishda yo‘l qo‘yiladigan xatolar ko‘rib chiqildi.

Bundan tashqari, mashg‘ulotlarda AQShda sodir etilgan ikkita qo‘poruvchilik harakatlari fakti tahlil qilindi.

Umuman olganda, o‘quv mashg‘ulotlari portlashdan keyingi kechiktirib bo‘lmaydigan tergov harakatlarini o‘tkazishda dalillarni aniqlash va to‘plash uchun zaruriy bo‘lgan aniq bilim va ko‘nikmalarni rivojlantirishga qaratildi.

Tadbir yakunida tinglovchilarga sertifikatlar topshirildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring