Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Fermerlarga jahon bozoriga yo‘l ochiladi. O‘zbekistonda «GLOBALG.A.P.» xalqaro sertifikatini olish osonlashdi

Fermerlarga jahon bozoriga yo‘l ochiladi. O‘zbekistonda «GLOBALG.A.P.» xalqaro sertifikatini olish osonlashdi

Mahalliy kompaniyalar jahon bozoriga chiqish uchun «GLOBALG.A.P.» xalqaro sertifikatini qisqa muddatda va arzonroq qiymatda olishlari mumkin.

Foto: «AgroFruitConsult»

O‘zbekistonda ilk bor «GLOBALG.A.P.» xalqaro standarti talablari asosida Maqbul qishloq xo‘jalik amaliyoti bo‘yicha davlat standarti ishlab chiqildi va tasdiqlandi.

Buning natijasida mahalliy kompaniyalar jahon bozoriga chiqish uchun «GLOBALG.A.P.» xalqaro sertifikatini qisqa muddatda va arzonroq qiymatda olishlari mumkin.

«GLOBALG.A.P.» o‘zi nima?

«GLOBALG.A.P.» — yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining xavfsizligini hamda ishlab chiqarish texnologik zanjirining zamonaviy sifat va texnika talablariga muvofiqligini ta’minlashga qaratilgan xalqaro standartlar tizimidir.

Hozir «GLOBALG.A.P.» tizimida dunyoning 124 mamlakatining qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari sertifikatlangan, sertifikatga ega xo‘jaliklar soni 180 mingdan ortiq.

«GLOBALG.A.P.» sertifikati fermerga nega kerak?

Jahon bozoriga chiqish uchun oziq-ovqat ishlab chiqaruvchilar o‘z mahsuloti xavfsiz sharoitda va ekologik talablar asosida yetishtirilganiga kafolat berishlari kerak. Ular kimyoviy moddalarni qo‘llash me’yorlariga amal qilishlari hamda tabiiy resurslardan oqilona foydalanishlari zarur.

Ko‘plab xorijiy kompaniyalar uchun «GLOBALG.A.P.» sertifikatining mavjudligi agromahsulot bilan savdo qilishning muhim shartlaridan biri hisoblanadi. Xalqaro chakana savdo tarmoqlari va supermarketlar sifati xalqaro standartlar tomonidan tasdiqlangan mahsulotlarni xarid qilishga qiziqish bildirishadi.

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bozorida kuzatilayotgan keskin raqobat sharoitida «GLOBALG.A.P.» sertifikatining mavjudligi yetishtirilgan mahsulot barcha talablarga mos kelishini tasdiqlaydi, bu o‘z navbatida iste’molchilarning sodiqligi oshishi hamda savdoning o‘sishiga xizmat qiladi.

Yangi davlat standartini qabul qilishning foydalari

Avvallari mahalliy ishlab chiqaruvchilar o‘z tovarlarini «GLOBALG.A.P.» standarti bo‘yicha sertifikatlash uchun xorijiy kompaniyalarga murojaat qilishga majbur bo‘lar edi.

Bugungi kunda esa Maqbul qishloq xo‘jaligi amaliyoti davlat standarti tasdiqlanishi tufayli mahalliy sertifikatlash organlari ham bu amaliyotni bajarishlari mumkin. Mazkur yangilik sertifikat olishga ketadigan xarajat va vaqtni tejaydi.

«GLOBALG.A.P.» standartiga muvofiq bo‘lish fermerlar uchun chet el bozorlariga chiqishni osonlashtirib, daromadni oshirish imkonini beradi. Bundan tashqari, mazkur standart fermer va dehqonlardan o‘z faoliyatiga ekologik yondashuvni talab qiladi.

BMT Taraqqiyot dasturining «Savdo rivojlanishiga ko‘maklashish» loyihasi 2015-yildan boshlab xalqaro standartlar bo‘yicha sertifikatlashni joriy etish orqali mahalliy meva-sabzavotlarini tashqi bozorga chiqarishni yengillashtirishga xizmat qilmoqda. Xususan, fermerlar uchun qator seminar va anjumanlar o‘tkazilib, agrokompaniyalarga «GLOBALG.A.P.» sertifikatini olishda amalga oshiriladigan auditga tayyorlanish borasida yordam ko‘rsatildi. Fermerlarga ko‘mak tariqasida «GLOBALG.A.P.» xalqaro standarti bo‘yicha meva-sabzavotlar yetishtirishni sertifikatlash uchun asosiy talablarga oid qo‘llanma chop etilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring