Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Finlyandiyadagi doktorant: «Davlat imiji va amaliyoti o‘rtasida katta farq bor»

Finlyandiyadagi doktorant: «Davlat imiji va amaliyoti o‘rtasida katta farq bor»

«Xorijdagi vatandoshlar» loyihasining navbatdagi suhbatdoshi Finlyandiyaning nufuzli Helsinki universiteti doktorantura bosqichi talabasi Mirzohid Qarshiyev bo‘ldi. Qahramonimiz 1983-yili Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan.

Ayni paytda siyosiy, ijtimoiy va mintaqaviy o‘zgarishlar mavzularida doktorlik tadqiqotini olib bormoqda.

Finlyandiyaga kelishni avvaldan reja qilmaganman

O‘zbekistondagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida xalqaro munosabatlar yo‘nalishida bakalavr va magistratura, Buyuk Britaniyadagi Manchester universitetida xalqaro siyosat (xalqaro siyosiy iqtisod) yo‘nalishi bo‘yicha magistraturani tamomlaganman. O‘zbekistonda davlat, xo‘jalik, xalqaro va tadqiqot tashkilotlarida ishlaganman. Birmuncha vaqt Londondagi Qirollik kollejida (King‘s College London) tadqiqot olib borganman. Besh yildan ortiq muddat davomida O‘zbekistonda davlat boshqaruvi, xususan mahalliy boshqaruv sohasiga ko‘maklashuvchi loyihalarda ishtirok ettim.

2019-yil esa menda yana doktoranturada o‘qish istagi paydo bo‘ldi. Doktorantura uchun Finlyandiyadagi Helsinki universitetiga topshirishni avvaldan reja qilmaganman. O‘zbekistondagi faoliyatim davomida ham ilmiy tadqiqotlardan uzoqlashib ketmaganman. Imkon boricha, O‘zbekistondagi va xorijdagi malaka oshirish kurslarida qatnashib borganman. Umuman, faoliyatimda amaliyot va nazariyani omuxta qilishga harakat o‘z sohamdagi ilmiy yangiliklar bilan tanishib borishga undagan. Shuningdek, turli ilmiy konferensiya va seminarlarda qatnashish, universitetlarda va boshqa tadqiqot maskanlarida faoliyat yuritayotgan do‘stlarim va tanishlarim bilan muloqot tufayli akademik hayotdan butunlay uzilganim ham yo‘q. Aynan Finlyandiya ekanligiga kelsak, hozir Helsinki (Finlyandiya) va Lund (Shvetsiya) universitetlarida ishlayotgan yurtdoshlarimiz Sherzod Eraliyev va Rustam O‘rinboyevlarning hissalarini qayd etaman.

Sherzod Yaponiyadagi Sukuba universiteti doktoranturasini bitirib, Helsinki universitetiga ishga ketish oldidan Toshkentda bo‘lgan va u bilan kelgusi ilmiy faoliyat to‘g‘risida uzoq gaplashgandik. Keyinchalik u Helsinki universitetidagi doktorantura bo‘yicha ma’lumotlar bilan bo‘lishdi, mening ilmiy mavzuim esa shu universitetning Rossiya, Sharqiy Yevropa va Yevrosiyo tadqiqotlari markazi — Aleksanteri instituti professor-o‘qituvchilari Rustamjon O‘rinboyev va Anna-Liisa Xeusalani qiziqtirdi. Ayni kunda, ular mening ilmiy rahbarlarim hisoblanishadi.

Shuningdek, universitetda doktorantlar uchun yaratilgan sharoitlar, shuningdek Finlyandiyaning nafaqat tadqiqot, balki oilaviy hayot uchun qulayligi men va oilam uchun ma’qul keldi.

1640-yilda asos solingan

Helsinki universiteti mamlakatning bosh va eng qadimiy universiteti hisoblanadi. 1640-yilda tashkil etilgan Obo (Turku) qirollik akademiyasi keyinchalik  (Finlyandiya-Shvetsiya imperiyasidan chiqib, Chor Rossiyasiga qo‘shib olingan) yangi poytaxt Helsinkiga ko‘chib o‘tgan. Ayni paytda universitetning 40 mingga yaqin talaba va xodimlari 11 fakultet va 4 ta kampusga yoyilgan. Oliygohimiz dunyo universitetlari reytinglarida TOP-100likka kiradi. Shuning uchun, universitetga kirish ancha qiyin.

Universitetda o‘qish va ish fin, shved (davlatning rasmiy tillari) va ingliz tilida olib boriladi. O‘qish tili, bosqichi (bakalavriat, magistratura, dostorantura), dasturidan kelib chiqib qo‘yiladigan talablar o‘zgarib boradi. Oxirgi yillar universitetda darslar to‘liq ingliz tilida o‘tiladigan xalqaro magistrlik va bakalavrlik dasturlari ko‘payib bormoqda. Masalan, ushbu 37 dasturlarga hujjat topshirish shu yil yanvar oyida yakunlandi, aytishlaricha, ularga 7000 dan ortiq odam hujjat topshirgan.

Davlat xizmatchilarining kundalik hayotini o‘rganyapman

Ilmiy ishim post-sovet davlatlarida, xususan, O‘zbekistonda mahalliy darajadagi davlat xizmatchilarining kundalik hayotini o‘rganishga bag‘ishlangan. Ilmiy ishim asoslanayotgan nazariyaga ko‘ra, fuqarolarning davlat haqida tushunchalari OAV, davlat yuqori tashkilotlari rahbarlari nutqlari, qabul qilayotgan qarorlari orqali (imij) hamda kundalik davlat nomidan ish ko‘ruvchi rasmiylar (hokimlik mutasaddisi, ichki ishlar xodimi, o‘qituvchi, shifokor,  va hakozolar) bilan bevosita muloqot orqali (amaliyot) shakllanib boradi.

Ko‘pchilik davlat imiji va amaliyoti o‘rtasida katta farq borligini aytib, ko‘p hollarda bunga quyi bo‘g‘inlarda ishlayotgan davlat xizmatchilarining no‘noqligi, shaxsiy manfaatlarini ko‘zlashi va boshqa sabablarni ko‘rsatishadi. Ularning xulq-atvorini nazorat qilishga harakat davlat boshqaruvi sohasidagi islohotlarning negizini tashkil etsada, ularning hammasini ham muvaffaqiyatli deb bo‘lmaydi. Ilmiy ishim, nazariy jihatdan, post-sovet jamiyatlarida shakllanayotgan davlat tushunchasini kengroq tushunishga harakat qiladi, amaliy jihatdan, mahalliy boshqaruv tizimini isloh qilishda e’tibordan chetda qolayotgan faktorlarni aniqlashga va shu orqali bu sohada sifatliroq siyosat olib borishga xizmat qiladi,  deb umid qilaman.

Iqlim chidam va mehnatkashlikni shakllantirgan

Finlyandiyada besh yarim milliondan ko‘proq odam yashaydi, ularning hayot tajribalarini, kundalik o‘y-xayollarini, ikki jumlaga umumlashtirish qiyin. Ammo bularga ta’sir qiladigan ba’zi bir omillarni keltirib o‘tishim mumkin. Finlyandiya, bizning o‘lchovimiz bilan qaraganda, sovuq mamlakat. Aprelda ham ko‘chalarda qor turadi, sentyabrdan sovuq tushishni boshlaydi. Bu iqlim chidam va mehnatkashlikni shakllantirgan, qiyinchiliklar oldida egilmasdan, oldinga harakat qilish fin jamiyatida yuksak qadrlanadi, hatto buning uchun maxsus so‘zlari (sisu) ham bor.

Shuningdek, Finlyandiyaning yangi tarixida mustaqillik, milliy o‘zlikni anglash va mamlakat yaxlitligi uchun kurash katta o‘rin tutgan. 1809 yilga qadar bir necha asr davomida hozirgi Finlyandiya hududi Shvetsiyaga bo‘ysungan, undan keyin bir asrdan ko‘proq Chor Rossiyasi tarkibida bo‘lgan. 1917-yilgi revolyusiyadan keyin mustaqillikka erishgan jamiyat o‘zaro nizolardan, keyinroq esa (1939–1944 yillarda) bir necha bor Sovet ittifoqi bilan urushgan va natijada davlatning bir qismini boy bergan.

Bu kabi voqealar mamlakatda konsensusga asoslangan, ijtimoiy demokratiya tamoyillari mos davlat shakllanishiga sabab bo‘lgan. Fuqarolar va davlat o‘rtasida ishonch darajalari yuqori, natijada qonun ustuvorligi yuqori darajada. Qonunga ixtiyoriy amal qilish yuqoriligi sabab, uni ta’minlash uchun davlat katta xarajatlarga bormaydi. Ko‘chada politsiya xodimlari ko‘p uchratmaysiz, korrupsiya darajasi. Soliqlar proporsional va yuqori bo‘lishiga qaramasdan, undan qochish kam. Har yili davlat soliq xizmati Finlyandiyada yashovchi barcha rezidentlarning qancha soliq to‘lagani (shu orqali qancha daromad topgani) to‘g‘risidagi ma’lumotlarni e’lon qiladi.

Finlar, mening ko‘zimga, kamgap va ish va boshqa ijtimoiy vaziyatlarda masofa saqlaydiganday ko‘rinadi. Masalan, hamkasblar bir-birini uylariga taklif qilishavermaydi, umuman, shaxsiy va professional hayot O‘zbekistondagidan aniqroq va ko‘proq ajratilgan. Finlyandiyada O‘zbekistonga nisbatan yolg‘iz yashaydiganlar ancha ko‘p va bunga normal qaraladi.

Finlyandiyaga emigratsiya Yevropadagi ko‘plab davlatlarga nisbatan ancha kech boshlangan, davlat va jamiyatning bu boradagi tajribalari kamroq. Shunga qaramasdan, Helsinki, Turku va Tampere kabi shaharlarda katta migrant jamoalari bor. Aholining tabiiy o‘sish darajalari tushib ketganligi uchun, davlat malakali ishchi kuchini jalb etish ustida ishlayapti.

Erkinroq va tanqidiyroq bo‘la olishi kerak

Savolingizdan kelib chiqib ayta olamanki, bu juda katta mavzu. O‘zbekistonda siyosatshunoslik, davlat va mahalliy boshqaruv, boshqaruv sotsiologiyasi, ijtimoiy antropologiya va umuman, ijtimoiy fanlar, erkinroq va tanqidiyroq bo‘la olishi kerak. Abdulla Qahhorning mashhur gaplarini qo‘llaydigan bo‘lsak, bu sohalarni faqatgina qisqa-muddatli, siyosiy kon’yuktura maqsadlariga yo‘naltirish «o‘tin yorish»day gap. Masalan, fikrimcha, jamiyatimizda umumiy ishonch darajasi, davlat va fuqaro, fuqaro va fuqaro o‘rtasida ishonch darajasi ancha past, va buning davlat boshqaruviga, iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlariga ta’siri yuqori. Yoki turli xil ijtimoiy normalar, yozilmagan qoidalar, urf-odatlar va davlat qonunlari o‘rtasida munosabatlar yetarlicha tahlil qilinmagan. Masalan, nega tumandagi mulozim uchun qonun talablaridan ko‘ra yuqoridagi rahbarining talablari muhimroq ahamiyat kasb etadi?

 Aldovning uzoq muddatli oqibatlarini o‘ylash lozim

Albatta, qayerga borish kabi kim bo‘lib va nima maqsad bilan borish ham muhim. Mamlakat haqida umumiy bilimlar, davlat qonunchiligi va urf-odatlari haqida o‘rganish hech qachon zarar qilmaydi. Agar Finlyandiya uzoq muddatga yashash va ishlash maqsad qilinsa, fin tilini o‘rganishga to‘g‘ri keladi. Albatta, bugungi kunda Finlyandiyada ham faqat ingliz tili bilan ish topish mumkin, ammo u holda ijtimoiy aloqalaringizni ish va kichik ekspat jamoasi bilan chegaralashga to‘g‘ri keladi. Davlat sektorida ishlar, shu jumladan, maktab va bog‘chalar, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya sohalarida, fin tilini bilish muhim.

O‘zbekistonliklar uchun iqlimga ko‘nikish biroz vaqt va matonat talab qilishi ham mumkin. Qolaversa, Finlyandiyada yoz ancha qisqa, qish esa besh-olti oyga cho‘zilishi mumkin.

Shuningdek, ko‘pchilik yangi kelganlar uchun qonunni chetlab o‘tish oson ko‘rinadi. Ko‘p hollarda, davlat va xususiy tashkilotlar qaysidir masalada sizning so‘zingizga ishonishi va isbotlovchi hujjat talab qilmasligi, yoki uni tekshirib o‘tirmasligi ham mumkin. Bu kabi hollarda o‘z nafsini tiya bilish va aldovning uzoq muddatli oqibatlarini o‘ylagan holda ish tutgan ma’qul ko‘rinadi.

Ikki xonali uy uchun ijara 1000 yevro atrofida

Xarajatlar to‘g‘risida umumiy gap aytish qiyin. Uy ijarasi xarajatlari anchagina yuqori. Helsinki, Espoo va Vantaa shaharlarida ikki xonali uy uchun 1000 yevro atrofida ijara puli to‘lashga to‘g‘ri kelishi mumkin, qolgan joylarda birmuncha arzon. Kommunal xizmatlar narxi ham past emas, ammo isitish, chiqindilar, va ba’zi hollarda issiq va sovuq suv uchun to‘lov uy ijarasi ichida birga hisoblanadi. Aytganday, Finlyandiyaga gaz plitalari deyarli yo‘q.

Mamlakatda qonuniy belgilangan minimal oylik yo‘q, ammo, bilishimcha, oyliklar soatiga 10 yevrodan past emas. Qurilish, servis sohasida ishlaydiganlar 15-20 yevro va undan ham ko‘p olishi mumkin. Statistics Finland ma’lumotlariga ko‘ra, 2019-yilda median oylik 3217 yevro bo‘lgan.

Aholi tabiatga yaqin bo‘lishi muhim ahamiyat kasb etadi

Bo‘sh vaqtlarimda ko‘proq bolalarim bilan birga bo‘lishga harakat qilaman. Finlyandiya shaharsozlik an’analariga ko‘ra, aholi tabiatga yaqin bo‘lishi muhim ahamiyat kasb etadi. Shuning uchun qayerda yashashingizdan qat’iy nazar sizga yaqin joyda parklar, o‘rmonlar, ko‘llar bor. Har bir mahallaning o‘z kichik sportkompleksi bor, bu bir yoki bir nechta futbol va basketbol, tennis, qishda konki uchish maydonlari va bolalar o‘yin maydonchalari qamrab oladi. Ulardan foydalanish aholi uchun bepul. Men, shuningdek, mahalliy futbol klubida bolalar murabbiyi sifatida beg‘araz ishlayman. O‘tgan yili uyimizga yaqin, shahar hokimiyatidan ijaraga olingan bir sotix yerda dehqonchilik bilan shug‘ullanib ko‘rdik, «urban farming» deb ataladigan bu ommaviy harakat Helsinkida mashhur.

Shuningdek, bo‘sh vaqtlarimda turli kitoblar va davriy matbuotni o‘qishni xush ko‘raman. Helsinki shahar kutubxonalari tarmog‘iga 100 dan ortiq kutubxona birlashgan, ularning nashriy va elektron fondlarida nafaqat fin, balki ingliz, rus, turk, arab va boshqa turli tillardagi manbalar bilan tanishish imkoni bor. Bu degani uyingizdan nari borsa 10 daqiqa yayov masofada kutubxona mavjud.

Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring