Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Fuqarolar o‘rtasida qarz shartnomasini tuzish shartmi?

Fuqarolar o‘rtasida qarz shartnomasini tuzish shartmi?

Foto: «Zamin.uz»

Ba’zan qarz olib, qaytarib bermaslik oqibatida yaqin qarindoshlar va qadrdon do‘stlar o‘rtasida nizo kelib chiqadi. Qarz berib pulini qaytarib ololmagan yurtdoshlarimiz sudlarga murojaat qilishga majbur bo‘ladi. Ammo sudga murojaat qilish uchun qo‘lida yuridik hujjat bo‘lishi kerakligini ko‘pchilik fuqarolarimiz haligacha tushunib yetmaganligi achinarli holdir. Masalan, Botirjon bir necha yildan buyon bordi-keldi qiladigan qadrdon do‘stiga mashina olish uchun yiqqan katta miqdordagi pulini qo‘li bilan berib, oyoqdan qolguncha yugurib ham qaytarib ololmagach, fuqarolik ishlari bo‘yicha Karmana tumanlararo sudiga murojaat qilishga majbur bo‘ldi. Afsuski, qo‘lida hech qanday hujjati bo‘lmagach, sud idorasidan umidsiz qaytdi. Qarz berayotganda do‘stidan na bir tilxat, na bir hujjat talab qilmaganiga ming pushaymon bo‘ldi. Qarz olgan «do‘st» esa boshqa yurtga ko‘chib ketganidan kech xabar topgan Botirjonning hamma dardi ichida... Ammo «So‘nggi pushaymon — o‘zingga dushman» deydi xalqimiz. Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin.

Xo‘sh, qarz berishning, qarz olishning qonuniy asoslari bormi?  Albatta. Qarz shartnomasi aynan ana shu munosabatlarni tartibga soladigan hujjat.

Fuqarolik kodeksining 733-moddasida qarz shartnomasining shakli ko‘rsatilgan bo‘lib, fuqarolar o‘rtasida qarz shartnomasi, agar bu qarzning miqdori eng kam oylik ish haqining o‘n baravaridan ortiq bo‘lsa, oddiy yozma shaklda tuzilishi, shartnomadagi taraflardan biri yuridik shaxs bo‘lganida esa, summasidan qat’i nazar, yozma shaklda tuzilishi shartligi belgilab qo‘yilgan.

Amalda qarz shartnomasi qarz oluvchi tomonidan qarz beruvchiga tilxat berish orqali rasmiylashtiriladi. Bu qoida ham faqat fuqarolarga nisbatan qo‘llanadi. Chunki yuridik shaxsning rahbari yoki bosh hisobchisi va vakil sifatida biror xodimi yuridik shaxsning muayyan summadagi pulni qarzga olganligi xususida tilxat berish huquqiga ega bo‘lolmaydi. Qarz tilxati qarz oluvchining imzosi bilan tasdiqlanadi va protsessual jihatdan dalilga tenglashtiriladi.

Qarz shartnomasining notarial tasdiqlanishi taraflarning xohishiga bog‘liq. U aksariyat hollarda qarz beruvchining talabi bilan notarial tasdiqlanadi. Fuqarolik kodeksida qarz shartnomasining notarial tasdiqlanishi majburiy tarzda belgilanmaganligi quyidagi holatlar bilan izohlanadi.

Masalan, avval, aniqrog‘i, joriy yilning 1-martiga qadar qarz miqdori 10 million so‘m bo‘lganda qarz shartnomasini notarial tasdiqlaganlik uchun 100 ming so‘m davlat boji undirilgan. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 15-fevraldagi 123-qaroriga binoan 1 martdan bu summa 43060 so‘mga tushirildi. Qarz miqdori 50 million so‘m bo‘lganda 500 ming so‘m o‘rniga endi 86120 so‘m, 100 million so‘m qarz uchun 1 million so‘m o‘rniga endi 172240 so‘m boj to‘lanishi belgilab qo‘yildi.

Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, birov bilan oldi-berdi qilganda albatta qarz shartnomasini tuzish shart. Bu bilan o‘rtada nizo kelib chiqqanda haq-huquqingiz poymol qilinmasligi kafolatlanadi.

Karimbek Muqimov,

notarius

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring