Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

FVV Qamchiq dovonida ro‘y bergan holat haqida ma’lumot berdi

FVV Qamchiq dovonida ro‘y bergan holat haqida ma’lumot berdi

Kecha, 8-iyun kuni soat 22:00 larda Namangan viloyatining Pop tumanida kuchli yomg‘ir yog‘ishi natijasida, mazkur tuman hududidan o‘tuvchi «Guliston-Bo‘ka-Angren-Qo‘qon-Andijon orqali O‘sh» avtomobil yo‘lining Qamchiq dovoni qismining 225,5 kilometrida eni 80 metr, uzunligi 300 metr va balandligi 0,5 metrni tashkil etuvchi, umumiy hajmi 12 000 metr kub bo‘lgan tosh va tuproq massasi avtomobil yo‘li orqali oqib o‘tgan. Bu haqda FVV xabar berdi.

Mazkur holatdan kelib chiqib, soat 22:20da IIV YHXBB tomonidan «Chinor» va «Sherobod» yo‘l harakati xavfsizligi maskanlarida avtotransportlarning ikki tomonlama harakati to‘xtatilgan.

Natijada tosh va tuproq massasi yo‘lning avtomobil qatnov qismida harakatlanayotgan 2 ta yengil avtomobilni surib, yo‘l chetiga chiqarib yuborgan. Mazkur avtomobillarda bo‘lgan 6 nafar fuqaro FVVning «Qamchiq» MQQB qutqaruvchilari tomonidan qutqarib olinib, ularga joyida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, ulardan ikki nafari Angren shahar markaziy shifoxonasiga yuborilgan va to‘rt nafar fuqaroga dovondagi «Buloq» tibbiy yordam punktida tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

Shuningdek, yo‘lning qatnov qismida qolgan 4 ta «Isuzu», 2 ta «MAN» va 4 ta yengil avtomobil voqea joyidan xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilingan.

Favqulodda vaziyatlar, Ichki ishlar va Sog‘liqni saqlash vazirliklari hamda «O‘zavtoyo‘l» AJ, Namangan va Toshkent viloyati hokimliklari tomonidan tuni bilan hamkorlikda olib borilgan ishlar natijasida avtomobil yo‘li tosh va tuproq massasidan tozalanib, bugun soat 08:00da Qamchiq dovoni orqali avtomobillar qatnovi tiklandi.

Qidiruv-qutqaruv hamda kuchli yog‘ingarchilik oqibatlarini bartaraf etish ishlariga jami 350 nafar xodim va 74 ta texnika jalb etildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring