Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Germaniya: sovg‘a olgan o‘qituvchini ishdan bo‘shatishlari mumkin

Germaniya: sovg‘a olgan o‘qituvchini ishdan bo‘shatishlari mumkin

Foto: «Parents.ru»

Germaniyada ham ta’tildan so‘ng maktabning ochilishi katta voqea — o‘quvchilar va ularning ota-onalari o‘qituvchilarga minnatdorlik ramzi sifatida gullar va boshqa sovg‘alarni taqdim etishadi. Gulni mamnuniyat bilan qabul qilgan nemis o‘qituvchilari sovg‘ani olishda ikkilanib qolishadi, bilasizmi nega?

Chunki shu sovg‘ani deb ishdan ayrilib qolish hech gap emas.


Unutilmas kun... 

«Deutsche Welle» yozishicha, Berlinda 2011-yili sodir bo‘lgan voqeani hanuz eslab yurishadi. Fridirixsxayn tumanidagi maktablarning birida o‘ninchi sinf o‘quvchilari ustozlariga esdalik uchun haykalcha  (190 yevro) va gul (20 yevro) sovg‘a qilishadi. Har bir oiladan 15 yevrodan yig‘ishadi. Oqibati nima bo‘ldi: sovg‘ani qabul qilgan o‘qituvchi naq 4000 yevro jarimaga tushdi. Albatta, ustoz bu kunni umrbod unutmaydi...

Gap shundaki, Germaniyada budjetdan maosh oluvchi barcha kasb egalari, jumladan, o‘qituvchilar, qiymati 10 yevrodan yuqori bo‘lgan sovg‘alarni olishlari taqiqlangan.

Sovg‘aning chegarasi

To‘g‘ri, ta’lim sohasi federal yerlar nazoratida bo‘lgani uchun ba’zi istisnolar ham yo‘q emas. Berlinda, masalan, o‘quvchilar birgalashib 30 yevrodan qimmat sovg‘a olishlari mumkin, biroq bu haqda avval maktab rahbariyatiga bildirib qo‘yishlari lozim. 50 yevrodan qimmat sovg‘a haqida o‘ylamasa ham bo‘ladi yoki shahar xalq ta’limi bo‘limidan ruxsat olish kerak.   

Shimoliy Reyn-Vestfaliyada maktab kutubxonasi uchun kitob qabul qilish, o‘quvchilarning o‘zlari yasagan narsalar, kanselyariya mollari, gullar, konfetlarni qabul qilishga ruxsat bor. Berish taqiqlangan narsalar ro‘yxatiga esa sovg‘alar sertifikatlari, avivachiptalar, turli imtiyozlar va foizsiz zayomlar, ta’tilga taklifnomalar, avtomobildan foydalanish imkoniyati kabilar kiritilgan. Hatto sevimli futbol jamoasi trikosi, kabinet uchun rasm ham o‘qituvchiga faqat boshog‘riq bo‘ladi.

Umumiy qoidalardan tashqari, maktablarning ham o‘z cheklovlari bo‘ladi. Ayrim gimnaziyalarda muallimga 25 yevrogacha qiymatga ega sovg‘a berish mumkin. Ammo, har qanday holatda ham, berilayotgan sovg‘a o‘rinli, boshqa ota-onalarning va maktab rahbariyatining g‘ashiga tegmaydigan bo‘lishi lozim.

Maktabdan tashqari vaqtda o‘qituvchilarga berilgan ortiqcha e’tibor ham oqlanmaydi: ekskursiyadan so‘ng uygacha yoki yaqinroq bekatgacha o‘qituvchini avtomobilda olib borib qo‘yish normal holat, biroq birgalikda restoranga tashrifning oqibati yaxshilik bilan tugamasligi mumkin.

Direktor hal qiladi

Ko‘pincha sinf rahbarlarini ota-onalar yig‘ilishidan so‘ng norasmiy uchrashuvlarga taklif etishadi. Ekspertlar bunday takliflarga ko‘nmaslikka chaqirashadi, axir bar va kafelarda o‘tirib ota-onalar o‘qituvchilarning dars berish sifatini, bolalarning o‘zlashtirishini, maktabdagi, ta’lim tizimidagi kamchiliklarni muhokama qilishadi. «Qovun tushirib qo‘ymaslik» uchun ham o‘qituvchiga bunday tadbirlardan uzoqroq yurish tavsiya etiladi. Agarda kim-da-kim maktabga kattaroq yordam puli ajratishni istasa direktordan so‘rashi kerak — xayriya kerakmi-yo‘qmi?

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring