Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Germaniyada eski telefonlar qimmatlashib boryapti

Germaniyada eski telefonlar qimmatlashib boryapti

Foto: «Merkur»

Mobil telefonlar 90-yillarning oxirlaridan boshlab urfga kira boshladi. Bu telekommunikatsiyalar sohasidagi haqiqiy inqilob edi: uyali telefon yordamida odamlar dunyoning narigi chekkasi bilan lahzada bog‘lana olar, matnli xabarlar yo‘llar, buning ustiga har xil o‘yinlar taklif etilardi.

Hozirgisidan tubdan farqlanuvchi o‘sha telefonlarni haliyam ko‘plar orziqish bilan eslaydi. «Chordoq yo garajdagi lash-lushlar orasidan mabodo eski telefoningizni topib olsangiz, avaylab olib qo‘ying, chunki uni yaxshigina pullash mumkin», — deb yozadi «Merkur» nashri.

Albatta, buning uchun telefon soz va muayyan operatorga bog‘liq SIM-kaptasi bloklanmagan bo‘lishi shart. Agarda telefop yap-yangi, qutisi bilan turgan bo‘lsa — jek-potni yutdim deyavering.

«Apple iPhone 2G»

2016-yilning sentyabrida myunxenlik kishi «eBau» orqali yangi, plyonkasi ochilmagan «iPhone 2G»ni sotuvga qo‘ydi. Talabgorlar 45 tacha bo‘ldi va oxiri «ayfon» 2405 yevroga sotildi. 2017-yilning sentyabrida esa kirxhaymlik sotuvchi xuddi shunaqa qurilmani 3430 yevroga pulladi. Hozir yana bitta qurilma sotuvga qo‘yilgan, narxi — 6690 yevro.

«Nokia 5110»

Bu haqiqiy afsona edi: cho‘ntakbop, uncha-munchaga buzilmasdi. Hozir «eBau»da shu rusumdagi yaxshi saqlangan telefonni 150-220 yevroga sotish mumkin.

«Nokia 3310»

Bu qurilma «Nokia» tarixida o‘zgacha o‘rin tutadi. O‘zi kichkina bo‘lishiga qaramay, batareyasi shunchalik quvvatli ediki, hozir buni tasavvur ham qilib bo‘lmaydi. 2016-yili shunday rusumdagi telefon 254 yevroga sotildi.

Boshqa eski rusumdagi telefonlarni ham haqiqiy ishqibozi chiqsa, yaxshi pullash mumkin. Masalan, 2016-yili «Nokia 8850» telefoni 750 yevroga sotilgan.

Shunday ekan, yangi telefon xarid qilarkansiz, eskisini tashlab yuborishga oshiqmang, kim bilsin, vaqti kelib bir kuningizga yarab qolar.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring