Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Gulnora Karimovani kim «o‘ldirdi»? (1-maqola)

Gulnora Karimovani kim «o‘ldirdi»? (1-maqola)

Tekis, silliq va shohona hayot...

1972-yil 8-iyulda tug‘ilgan Gulnora Karimova hech qiyinchilik ko‘rmay balog‘atga yetdi. U maktabni bitirganida otasi Islom Karimov O‘zbekiston Kommunistik partiyasi markaziy kengashi birinchi kotibi, ya’ni mamlakat rahbari lavozimida qudratli siyosiy arbobga aylangan edi.

Otasining ko‘magi va obro‘si tufayli u nufuzli oliygohlarda tahsil oldi, lavozim pillapoyalaridan ham juda silliq, qushday o‘sib borardi.

Avvaliga Karimova O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasida maslahatchi, keyin  O‘zbekiston tashqi ishlar vaziriga maslahatchi bo‘ldi. 2008-yili tashqi ishlar vazirining madaniyat va gumanitar hamkorlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlandi.

2008—2013-yillarda O‘zbekistonning BMTga qarashli Jenevadagi tashkilotlari vakili, 2010—2012-yillarda O‘zbekistonning Ispaniyadagi elchisi bo‘lib ishladi. U bu lavozimlarda qoyillatib bir ish qilgani yo‘q, unga diplomatik daxlsizlik maqomi kerak edi, xolos. Bu maqomdan nima maqsadda va qanday ustalik bilan foydalanilgani haqida keyinroq to‘xtalamiz.

Foto: «Delfi»

Yulduzi porlab turganida, xonim o‘zining iste’dodi qirralarini ko‘z-ko‘z qilish uchun har sohaga qo‘l urdi. Ma’nosiz «Guuguusha» taxallusi ostida o‘zini qo‘shiqchilik sohasida ham sinab ko‘radi. Pulning kuchi bilan mashhur yulduzlar Xulio Iglesias, Monserrat Kabale, Maksim Fadeyev va Jerar Deparde kabi yulduzlar bilan qo‘shiqlar kuyladi va o‘zini ular qatorida ko‘ra boshladi.

Bu unga kamlik qilib, zargarlik buyumlari dizayneri sifatida dovruq qozonishga urindi. Moskva, Milan va Nyu-Yorkda modalar haftaliklarini o‘tkazdi. O‘zining «Guli» brendini yaratdi, shu nomdagi atirini zo‘r berib reklama qildi.

Foto: «The Times»

Atrofidagi laganbardorlar va otasining kuchi bilan o‘ziga haddan tashqari yuqori baho bera boshladi. «O‘zbekiston madaniyati va san’ati forumi» jamg‘armasini tuzib, uning vasiylik kengashi raisi bo‘lib ishladi.

2008 yildan boshlab, mutaxassislar unga otasi o‘rnini egallashi mumkin bo‘lgan ehtimoliy nomzod sifatida qaray boshlashdi. Bungacha xorij OAVlarida Gulnora o‘z atrofida chetdan kuchli «piar»chi va loyihachilar guruhini tuzayotgani, ular ko‘magida bir qancha loyihalarni yo‘lga qo‘yib, 5-6 yil ichida undan xalq mehrini qozongan siyosiy arbob qiyofasi yaratilishi rejalashtirilgani haqida xabarlar tarqalgandi. Qaysidir ma’noda, bu «missiya»ni amalga oshirishga urinilgani keyinchalik o‘z isbotini topgandek bo‘ldi.

Foto: «YouTube»

2005-yil aprelda Karimov o‘z qiziga yosh siyosiy elitani shakllantirish uchun Siyosiy tadqiqotlar markazini ochib berdi. Bu bo‘lajak siyosatchi arbob uchun o‘ziga xos «aql markazi» bo‘lishi lozim edi.

Yoshligida Garvard universitetida san’at magistri darajasini olgan xonim, ko‘p o‘tmay siyosiy fanlar doktori va professor ilmiy unvonlariga ega bo‘ldi. Hamma unga havas qilar, uning tarafdorlari bo‘lgan yangi bir avlod shakllanib kelayotgan edi...

Islom Karimov nimani xohlar edi?

Karimovning haqiqatan ham katta qizi Gulnoradan umidi juda katta edi. Unga navbatdagi prezident bo‘lishi uchun barcha resurslar, imkoniyat va vositalarni taqdim etardi. Xavfsizlik xizmatining qat’iy nazoratida bo‘lgan telekanallarda tunu kun uning turli loyihalariga joy ajratilar, barcha chiqishlariga «yashil chiroq» yoqib qo‘yilgan edi. Yangi-yangi tashabbuslarini amalga oshirishi uchun rozilik berilgandi.

Foto: «CA-TIMES»

Vaqt o‘tib, Gulnora o‘zini xuddi buyuk siyosatchi kabi tuta boshladi. Qo‘shimchasiga o‘zini barcha narsa mumkin bo‘lgan «O‘zbekiston qirolichasi», deb e’lon qildi. Neni istasa qilaverdi.

Kutilmaganda, G‘arb tergovchilarining bong urushi bilan 2013-yilda shirin tushga nuqta qo‘yildi va «malika» real hayotda uyqudan ko‘z ochdi.

Shundan so‘ng uning hayotida murakkab kunlar boshlandi.

Tantiq xonim otasining ishonchini nafaqat oqlay olmadi, balki uning g‘azabini qo‘zitdi. O‘zini juda erkin his qilgan qizi havoyi havaslarga berildi, siyosiy no‘noqligini, boshqaruvda tajribasizligini ko‘rsatdi.

Siyosat osmonida yangi yulduz bo‘lib portlash da’vosidagi xonim havaskor qo‘shiqchilik davrida, feshn shoularda milliyligimizga zid, musulmon ayoli uchun uyat bo‘lgan ochiq-sochiq kiyinib, yoshlarga teskari o‘rnak bo‘la boshladi.

Foto: «Vesti»

Dunyoning eng qimmat go‘shalaridagi muazzam va ko‘rkam dala hovlilarda o‘z rohati va ko‘ngil xushi, maishati uchun yashashni odat qildi. O‘zbekka bosh bo‘lish maqsadini ochiq-oshkor bildirayotgan bo‘lsa ham, bu jafokash xalqning na tilini o‘rgandi, na dardiga quloq soldi, na uni qiynayotgan asl muammolarini hal qilish bilan shug‘ullandi. Aksincha, shu elning pulini ko‘kka sovurdi.

O‘zbekiston uchun sariq chaqalik foydasi tegmagan xorijdagi dong‘i ketgan megayulduzlarning qandaydir yarim yoki bir kunlik ijodiy safarlariga millionlab dollarni ko‘z yummay behudaga sarfladi. Imijparastlik dardida tadbirvozligu ko‘z-ko‘zchilikdan boshi chiqmay qoldi.

Ochig‘i, oqbilakoyim oddiy odamlarimiz qanday qiyin va murakkab vaziyatda yashayotgani haqida hatto tasavvurga ega emas edi. Uning jarangdor loyihayu, ulug‘vor tashabbuslari tagida siyosiy maqsad mujassam edi.

Foto: «NewsNowgr.com»

Atrofida chinakam fidoyi va vatanparvar, eng asosiysi, o‘ziga sodiq «komanda» yig‘a olmadi. Uning ortidan jaraq-jaraq pul ishlab olgan ba’zi shovvozlar ham xo‘jayini yiqilgan birinchi kuniyoq uni sotdi, ortidan yomonotliq qilib toshlar ota boshladi.

«Opa» nomini olgan Gulnora atrofidagi bitta-yarimta tuzuk to‘rali yordamchilarining ham hafsalasini pir qilib, ularning ichki noroziligini keltirib chiqardi. Ular esa qanday qilib bo‘lmasin, undan tezroq uzoqlashishga harakat qilishardi.

Keyinroq mediamagnat Firdavs Abduholiqovning e’lon qilingan iqrorsifat maqolasida Gulnora va uning atrofidagi og‘ir vaziyat, tarang munosabatlar muhiti atroflicha tahlil qilib berilgan edi.

Yaqinda Xalqaro boks federatsiyasi prezidenti lavozimidan ketgan G‘ofur Rahimov, mashhur bokschi Ruslan Chagayev kabi millatimizning eng yorqin vakillari aynan Gulnoraning qurboni bo‘lishdi. U o‘z qudratidan foydalanib, yo‘rig‘iga yurmagan bu shaxslarni kuchli tazyiqqa oldi, muttasil ta’qib qilishga urindi. Ular o‘z xavfsizligini ta’minlash uchun chetga chiqib ketishga majbur bo‘lishdi. Va bu kabi nomlar kam emas. Gulnoraning qilmishlarini o‘z gardaniga olishdan boshqa chorasi qolmagan va uzoq yillar buning aziyatini chekkan arboblar bugun O‘zbekiston siyosiy elitasi orasida ham bor.

Mamlakat ichida ham uning kalondimog‘ligi, nuqsonli-mojaroli tabiati sabab aziyat chekkan oilalar, tadbirkorlar soni kun sayin ortib boraverdi...

Davomi bor.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring