Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Karimberdi To‘ramurod

Qo‘rqsang – yozma! Yozdingmi – qo‘rqma!

Haj ziyorati nega qimmat? Nega shartlari murakkab?

Haj ziyorati nega qimmat? Nega shartlari murakkab?

Foto: «Muxlis.uz»

Islomning ustuni beshta: iymon keltirish, namoz o‘qish, ro‘za tutish, zakot berish hamda boyligi va sog‘lig‘i yetarli bo‘lsa, haj qilish.

Alloh taolo Qur’onda: «Yo‘lga qodir bo‘lgan odamlar zimmasida Alloh uchun baytni haj qilish (farzi) bordir», — deydi («Oli Imron» surasi 97-oyat).

Shuni bilib olish lozimki, namoz, ro‘za va zakotning farzligini inkor qilgan kishi dindan chiqqanidek, hajning farzligini inkor qilgan kishi ham dindan chiqadi. Demak, «Yetim-yesirga xayru ehson qilsang, hajning savobini topasan», «Mahallangga suv chiqarsang, hoji bo‘lasan», «Qishlog‘ingga yo‘l qurib bersang, hajga bormasang ham bo‘ladi» deb fatvo beruvchilar o‘zlariga, oxiratlariga ehtiyot bo‘lishsin! Ularning fatvosi bahona bo‘lib, «Savob ishni ko‘p qilib qo‘ydik, bizniki hojilarnikidan ham zo‘r ekan» deb hajga bormay yurgan odam ham savol-javobdan ehtiyot bo‘lsin!

Endi «Haj bir marta, u yog‘i riyo, u yog‘i tijorat» deb hojilarni malomat qilib yurganlarga aytar so‘zimiz: hajning miqdori pastdan chegaralangan, ya’ni bir marta haj qilish farz. Bu bir marta haj qilgan odam boshqa bormasin degani emas. Yana borsa, hech qanaqa riyo ham emas, maqtanchoqlik ham emas. Bunisi niyatga qarab bo‘ladi. Keyingilari nafl ibodat bo‘laveradi va har gal haj savobini topaveradi. Birinchi martada ham, keyingi martalarda ham inson hajga qanday niyatda, qanday maqsadda ketayapti? Hajga borish ro‘yxatiga qanday yo‘llar bilan tushib qolayapti? Bunisi o‘sha odamning iymoniga, vijdoniga havola. Umrida 50 martalab haj qilgan ulug‘larimiz, har yili haj qilgan ulamolarimiz bo‘lgan.

Tijoratga kelsak, hoji haj amallarini qilib bo‘lgach, istagancha tijoratini qilaveradi. Bu borada unga cheklov ham yo‘q, hech kim ta’na ham qilmasin! Ziyoratdan keyin tijorat qilish joizligi haqida hadislar ko‘p. Ammo hajning puli haloldan topilgan bo‘lishi, qarzdor avval qarzini uzishi, zimmasida kimningdir omonati bo‘lsa, omonatini berishi shart. Ranjitganlari bo‘lsa, kechirim so‘rashi ham shart. Shuningdek, hajning barcha arkonlarini xolis niyat bilan, ibodatdan chalg‘imay, xayolda zarracha dunyoviy manfaatni ko‘zlamay ado qilib bo‘lgandan keyingina tijorat qilish joiz.

Haj borasida Alloh yoshni cheklamaydi, tilini, millatini, martabasini cheklamaydi. «Falon yoshdan kattalar bormasin» yoki «Falon yoshdan kichiklar bormasin» degan qoidalarni ilmsiz kishilar to‘qib chiqarishgan. Bundan esa ba’zi kimsalar talabgorlardan mo‘may pul undirish maisadida foydalanib qoladi. Islomda yo‘q bu cheklovlar. 

Haj ziyorati narxi xususida

Ziyorat narxi yildan yilga oshib borayapti. Aslida nimaning narxi oshmayapti?

2018 yilgi ziyorat narxining oshishini Saudiya Arabistonida haj xizmatlarini ko‘rsatayotgan kompaniyalarning tariflari ko‘tarilishi bilan bog‘lab izohlashmoqda. Makka va Madina hamda Jidda shaharlari orasida qatnovchi transport, Minoda va Arafot tog‘ida chodirlarning xizmat narxlari oshganini aytishmoqda. Qurbonlik uchun har bir hojidan majburiy tarzda, viza rasmiylashtirilayotgandayoq 170 dollar olinishi ko‘zda tutilgan (menimcha, qurbonlikka yaraydigan qo‘y o‘zimizda ham bundan kam turmaydi).

«Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 2018-yilda ibodatni bajarish narxi 2600 dollardan 3400 dollargacha bo‘ladi», — deydi «islamcenter.uz» sayti.

«Muslim.uz» saytida 2017-yil 30-dekabr kuni berilgan maqolaning sarlavhasida «Haj va umra narxi bilan bog‘liq ma’lumotlarga aniqlik kiritildi» deb yozilgan bo‘lsa-da, u yerda hech qanday raqam aytilmagan.

«Yanvar oyida haj va umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish masalalari bo‘yicha jamoatchilik kengashi yig‘ilishida ziyoratchilar to‘laydigan mablag‘ muhokama qilinadi va narxi belgilanadi», — degan edi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning matbuot xizmati. Ammo fevral boshlandiyamki, 2018-yilgi haj ziyoratining aniq narxini haligacha hech kim bilmayapti. Jamoatchilik kengashi yig‘ilmadimikan yo narx borasida bir to‘xtamga kela olishmayaptimikan? 

Haj va ziyorat narxlari xususida ayrim mulohazalarimni bildirmoqchiman

Haj ziyoratining narxi baland bo‘lishiga yana bir sabab bor: ma’lumki, samolyotlar hojilarni Madinaga tashlab keladi va bir oydan keyin yana uchib borib, qaytarib olib keladi. Ya’ni, hojilar bir marta haj qiladi, samolyotlar ikki marta borib keladi. Ikki borib kelishning xarajati, tabiiyki, hojilarning gardanida. Haj ziyorati muddatini bir oy qilmasdan, masalan, 12-14 kun qilib, uchuvchilar ham qaytib ketmasdan, hojilar bilan birga ziyorat qilib, birga qaytsalar, ziyorat narxi sezilarli darajada kamaygan bo‘larmidi. Aslida «Haj Arafotdir» degan hadisi sharifga ko‘ra hajning asosiy rukni Arafot tog‘ida turish. Bunga uch kun shaytonga tosh otish, avvalgi va oxirgi Ka’batulloh tavoflarini ham qo‘shib hisoblansa, hajni uzog‘i bilan bir haftada ado qilsa bo‘ladi. Madina ziyoratiga ham uch kun ajratilsa, 10 kun yetadi. Albatta, bu mening fikrim. Hojilar «Umrimizda bir keldik, biron oy yuraylik» deyishlari ham mumkin. Ammo uch oy yursangiz ham birov sizni uch oy yurgan hoji demaydi.

Ziyorat narxi oshishiga «hissa qo‘shadigan» omillardan yana biri Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning matbuot xizmati ta’kidlagan «Haj mavsumida o‘zbekistonlik ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatish uchun safarbar etiladigan va ularning ibodatlarini emin-erkin, to‘la-to‘kis amalga oshirishini ta’minlaydigan soha mutaxassislaridan iborat 230 nafar malakali ishchi guruhi, guruh rahbarlari, tibbiyot guruhi, oshpazlar guruhidir. Hammasining xarajati hojilarning hisobidan bo‘ladi. Men bir oy hajda yurib, «ibodatlarimni emin-erkin va to‘la-to‘kis» amalga oshirishimni ta’minlaydigan ishchi guruhining birortasiga ishim tushgani yo‘q.

Taklifim: hojilarning ichidan (bepul yuboriladigan alohida ro‘yxatdagilardan emas!) til biladigan bir ellikboshini o‘zlari saylab olishsa va har viloyat hojilari o‘zlari bilan bittadan shifokorni olib ketishsa, yetarli.

10-12 kunda qaytib keladigan qilib mo‘ljallansa, oshpazlarning ham keragi yo‘q, har qadamda ovqat, buning ustiga Saudiyada ovqatdan arzon narsa yo‘q. Qolaversa, hoji Makkaga maza qilib yeb-ichgani ham bormaydi.

«Ziyoratchilar nafaqat mehmonxonalarda, balki Mino, Muzdalifa, Arafot vodiylarida ham uch mahal issiq ovqat, 24 soat issiq choy va tibbiy xizmat bilan ta’minlanadilar. Bu xizmatlar qo‘pgina boshqa davlatlar ziyoratchilariga ko‘rsatilmaydi» degan gaplar unchalik to‘g‘ri emas. Boshqa mamlakat hojilari bizdan non, choy yo ovqat so‘raganini men ko‘rmaganman.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning matbuot xizmati mana buni ham e’lon qilgan: «2018 yilgi haj mavsumi ziyoratchilarini saralashda uning moddiy va jismoniy jihatdan haj safariga tayyorligi, avval hajga bormaganligi, islom dini va haj ibodati haqidagi tushunchalari, ma’naviyati, ma’rifati va odob-axloqi, mahalladagi obro‘-e’tibori, oilasidagi muhitning sog‘lomligi va farzandlarining ijobiy tavsiflanishi, mahalladagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni yaxshilashga qo‘shayotgan hissasi, yo‘ldan adashganlarni sog‘lom turmush tarziga qaytarish, ularning ijtimoiy moslashuviga yordam berishiga alohida e’tibor qaratiladi».

Agar bu narsalarga «alohida e’tibor» emas, salgina e’tibor qaratilsa ham O‘zbekistondan 7200 emas, 200 kishi ham hajga borolmaydi. «Avval hajga bormaganligi» deyilganda talabgorlarning anchasi ketadi. «Haj ibodati haqidagi tushunchalari» deganda yana anchasi ketishi shubhasiz. «Ma’naviyati»ga e’tibor berilsa, talabgorlar tutdek to‘kiladi. «Ma’rifati» degan joyida 50 ga 50 deyavering! «Odob-axloqi»ga indamang, «Mahalladagi obro‘-e’tibori» deyilganda yana anchasi ketadi. «Oilasidagi muhitning sog‘lomligi»ni kim va qanday aniqlashiga mening aqlim yetmaydi. Masalan, mening oilamdagi muhitning sog‘lom yoki buzuqligini mendan boshqa odam bilmaydi. «Farzandlarining ijobiy tavsiflanishi» degan shartda ham ancha odam to‘kiladi. «Mahalladagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni yaxshilashga qo‘shayotgan hissasi» degan sharti ham juda ko‘pchilikka og‘irlik qilishi shubhasiz. Ammo shartlarning ichida eng qizig‘i va bajarish oson bo‘lmaydigani mana bunisi: «Yo‘ldan adashganlarni sog‘lom turmush tarziga qaytarish, ularning ijtimoiy moslashuviga yordam berishi». To‘g‘ri, «Yo‘ldan adashganlarni to‘g‘ri yo‘lga solganlar hajga boradi» degan gapni yaxshi niyat bilan prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev aytdi. Ammo buni barcha hojilarga majburiy shart qilib qo‘yinglar degani yo‘q. Ana shunday insonlar birinchi navbatda boradi degan ma’noda aytdi. Endi 7200 hoji agar shartni bajarish uchun bittadan «adashgan»ni to‘g‘ri yo‘lga solaman deganda ham 7200 ta «yo‘ldan adashgan»ni qayerdan topadi? Har yili hajga boradigan 7200 hojiga 7200 ta «yo‘ldan adashgan» qayerdan topiladi? Xudoga shukur, elning buncha bolasi «to‘g‘ri yo‘ldan adashib» ketgani yo‘q.

Buning ustiga O‘MI matbuot xizmati e’lon qilgan Vazirlar Mahkamasining qarorida mana bunday bandi ham bor ekan: «Jamiyatdagi ijtimoiy muhitni yanada sog‘lomlashtirish hamda mahallalardagi yo‘ldan adashganlarni sog‘lom e’tiqodga qaytarishda alohida namuna ko‘rsatgan imom-xatiblarning imtiyozli ravishda haj safariga borishiga tavsiya berish ko‘zda tutilgan». Ana bo‘lmasa! Qo‘rqamanki, imomning imtiyozi ham 7200 kishining gardaniga tushadi.

Takliflarim shuki, haj ziyoratini Alloh qanday buyurgan bo‘lsa, payg‘ambarimiz alayhissalom qanday o‘rgatgan bo‘lsa, shunday bajarish kerak. Sun’iy cheklovlar, taqiqlar, har xil shartlar qo‘yish kerak emas.

Aslida prezidentimiz hajga boruvchilarga qo‘yiladigan bu talablarni cheklov emas, tavsiya sifatida aytdi. O‘zimizdan qolar gap yo‘q, hajga borayotganlarning hammasi ham qayerga, nima uchun borayotganini bilmaydi. U yerga borvolib, imom Buxoriy, imom Termiziydek buyuk allomalarimizning, vatanimizning, o‘zbek xalqining sha’niga dog‘ tushirayotganlar anchagina. Chunki shu paytgacha hajga borish ham qandaydir soxta obro‘ topish, kimo‘zarlikka aylanib, xuddi kurortga yoki sayohatga borib kelishga o‘xshab qolayozgan, shuning uchun u yerga borish qiyinlashib, kimlarningdir harom pul topish manbaiga aylanib qolayotgan edi. Yurtboshimiz mana shu narsaga chek qo‘ydi, bundan buyon hajga haqiqiy ixlosli, chinakam iymonli, munosib yurtdoshlarimiz borsin degan ma’noda aytdi. Shuning uchun u kishining bu purma’no so‘zlarini aynan tushunib olib, ularni yana qandaydir cheklovga aylantirib qo‘ymaslik kerak.

Haj ziyoratini esa oddiy sayyohlik firmalari amalga oshirsa ham bo‘laveradi. Masalan, 250 kishilik samolyotni ijaraga olgan firma 250 kishini bir marta olib borib, olib kelsin. 10-12 kun, uzog‘i ikki haftada haj ziyoratlarini ado qilib kelishsin. Buning uddasidan chiqa olaman degan har qanday sayyohlik firmasiga ruxsat berib qo‘yilsin!

Ana shunda 32 million aholisi bor O‘zbekistondan yiliga 7200 emas, 32000 hoji haj ziyoratiga boraveradi!

Ana shunda odamlar «Mana buni olib qo‘yingu meni oldinroq yuboring» deb hokimliklarning orqa eshiklarida sarson bo‘lmaydi, Allohning huzuriga pora berib, yuzlari qora bo‘lib bormaydi.

Mening bu gaplarimga isbot, dalil talab qiladiganlar O‘zbekiston televideniyesida namoyish etilgan, odamlarni hajga yuboraman deb pora olgani uchun sud qilinganlar haqidagi ko‘rsatuvni eslasinlar! Bor ekanki, sud qilishgan! Bor ekanki, O‘zbekiston televideniyesi ko‘rsatgan!

Xullas, prezidentimiz ta’kidlagan «Korrupsiya aralashmaganda nima bo‘lishini 23 ga kirgan jaydari futbolchi bolalar isbotlab qo‘ygani»dek, hajga ham korrupsiyani yaqinlashtirmaslik kerak.

Takror aytaman, bular mening shaxsiy fikrlarim.


Eslatib o‘tamiz, 2017-yilning 28-dekabrida «Xabar.uz» kolumnisti Davronbek Tojialiyev «Haj ziyorati narxi qancha» nomli maqola e’lon qilgan, unda «Do‘mbirobod» masjidining rasmiy imomi Shermurod Tog‘ay domlaga tayanib, o‘zbekistonlik ziyoratchilar uchun Haj narxi 45 mln. so‘m bo‘lgani haqida xabar bergan edi. Imom bu xabarni O‘zbekistonda valyuta bozorining erkinlashtirilishi oqibatida bozor va davlat kurslari bir xil bo‘lgani uchun so‘mda Haj narxi oshib ketgani bilan izohlagan edi

Maqola o‘zbekistonlik ziyoratchilar uchun Haj ziyorati narxi uchun belgilangan narx, ya’ni 45 mln. so‘m bugungi kurs bilan 5541 AQSh dollarini tashkil etishi, bu ma’lumot ijtimoiy tarmoqda turli fikrlar, tortishuvlarga sabab bo‘layotgani aytilgan hamda O‘zbekiston Musulmonlari idorasi, Hajga mas’ul tashkilotlar bunga o‘z munosabatlari va narx bo‘yicha izohlarini berishlari so‘ralgan edi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning matbuot xizmati bunga rasman izoh berib, «internet saytlari, ijtimoiy tarmoqlar hamda ommaviy axborot vositalarida Haj mavsumining narxi masalasida bildirilgan ma’lumot fuqarolar orasida turli xil asossiz muhokamalarga sabab bo‘layotganini» bildirdi.

2017-yildan boshlab o‘zbekistonlik fuqarolar uchun haj kvotasi 7200 nafar qilib belgilangandi (ilgari bu ko‘rsatkich 5200 nafar edi). 2018-yildan 10000 nafar ziyoratchilar Umraga yuborilishi ma’lum qilingan. Joriy yilning bahorida 8500 nafar, ramazon mavsumida 1500 nafar yurtdoshlarimiz umra ziyoratini ado etishi belgilangan. «Umra — 2018» bahor mavsumi 2018-yil 1-fevraldan boshlandi.

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring